Breaking News

Zalmay Halilzod Afg'oniston bo'yicha tinchlik muzokaralarini boshladi


AQShning Afg’onistonda tinchlik va murosaga erishish bo’yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod

AQShning Afg’onistonda tinchlik va murosaga erishish bo’yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod 9-oktabr kuni Pokiston rasmiylari bilan uchrashdi. Diplomat Afg’oniston hukumati va Tolibonni murosaga keltirishda Pokiston ko’magi va faol ishtirokini so’ragan. AQSh qo’shinlarining Afg’onsitonga kiritilganiga 7-oktabr kuni 17 yil to’ldi.

Zalmay Halilzod Islomobodda Pokiston Tashqi ishlar kotibi Tahmina Janjua bilan delegatsiyalar darajasida muzokaralar olib bordi.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Muhammad Faysalning ma’lum qilishicha, har ikki delegatsiya a’zolari xavfsizlik, mudofaa va diplomatik doiralar rasmiylaridan tarkib topgan. AQSh delegatsiyasi keyinroq Pokiston Tashqi ishlar vaziri Mahmud Qurayshiyni ham muzokaralarga chaqirgan. Tashqi ishlar vaziri Afg’onistonda tinchlikka erishish bo’yicha Pokiston tashabbuslariga to’xtalgan.

Asli afg’onistonlik AQSh diplomati Halilzod Islomobod uchrashuvidan avval Kobulda bo’lgan. Maxsus elchining o’z missiyasi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Tolibonning siyosiy qarorgohi joylashgan Qatarga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Tolibon bir necha bor Halilzod bilan Qatarda uchrashishiga doir xabarlar tarqatgan. Biroq har ikki tomon ham buni rasman tasdiqlamagan.

Kobulda o’tgan ikki kunlik muzokaralarda maxsus elchi hukumat doirasidagi va mustaqil siyosiy liderlar, muhim fuqarolik jamiyati guruhlari bilan uchrashgan. Halilzod nizolarga yakun yasash uchun har tomonlama hamkorlik qilishga chaqirgan.

“Biz Afg’oniston xalqi va hukumati bilan hamkorlikda aholining har biri o’z o’rniga ega bo’lgan tinchlik jamiyatini barpo etishni istaymiz. Afg’onistonning barcha fuqarolari tinchlik muzokaralarining ishtirokchisiga aylanishi kerak”, - deydi u.

Halilzodning maxsus elchi lavozimiga tayinlanishi Pokistonning noroziliklariga sabab bo’lgan edi. Bunga ilgari elchining Pokistonni Tolibonni dastaklayotgan terrorchi mamlakat deb atagani sabab bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG