Breaking News

AQSh Kongressi: Xitoy "qayta tarbiyalash" lagerlarini yopishi kerak


Shinjon ko'chalarini bezagan targ'ibot plakatlarida Xitoy rahbari Sin Zinpin etnik ozchilik bolalar bilan birga aks etgan.

AQSh Kongressi 10-oktabr sanasida taqdim etgan tahliliy xulosaga ko’ra, Xitoyda Si Zinpin hokimiyatga kelgan 2012-yildan buyon inson huquqlari himoyasi “barcha ko'rsatkichlar bo’yicha pastlagan”.

Kongressning Xitoy bo’yicha ikki partiyali ijrochi komissiyasi Pekinni ozchilikni tashkil etuvchi etnik guruhlarga nisbatan “mislsiz” repressiya siyosatini qo’llayotganlikda ayblagan. Hisobotda joriy siyosat “insoniyatga qarshi jinoyat deb topilishi mumkin”ligi ta’kidlanadi.

“Bir milliondan ziyod uyg’ur va boshqa ozchilik musulmon etnik guruh vakillarining Xitoy g’arbidagi “siyosiy qayta ta’lim” lagerlarida ommaviy tutqunlikda saqlab turilishi alohida xavotir uyg’otmoqda”, deb yozadi hujjatning qisqa bayonida komissiya yetakchilari, Florida shtatidan senator Marko Rubio va Nyu-Jersi shtatidan Kongress vakili Kris Smit.

AQShning mazkur hisoboti xulosalari joriy yilning avgust oyida BMT tomonidan taqdim etilgan hujjatda ham o’z aksini topgan. Tashkilot uyg’urlar va boshqa ozchilikni tashkil etuvchi musulmon etnik guruhlarning asossiz ravishda hibsga olinishi “chuqur xavotir” uyg’otayotganligini qayd etgan.

“Xitoyning avtoritar siyosati bizning erkinligimiz hamda chuqur ildiz otgan qadriyatlarimiz va milliy manfaatlarimizga bevosita tahdid solmoqda”, deyiladi Rubio va Smit xulosalarida.

Shuningdek, hujjatda Xitoy ma’muriyatining Tibetga qarshi repressiya siyosatini qo’llayotganligi ham o’rin olgan. Jumladan, “tibetliklarning diniy va madaniy huquqlarini cheklaydigan keng va tajovuzkor nazorat, og’ir tartib-qoidalar”ga alohida e’tibor qaratilgan.

Komissiya Si Zinpinni tez-tez maqtaydigan, shuning bilan birga, savdo urushiga zo’r berayotgan Prezident Donald Trampni Shinjon avtonom hududidagi “ommaviy huquqbuzarliklar”ga qarshi zarur chora ko’rishga undaydigan qonun loyihasini taklif etgan. Unda Prezident Tramp Xitoy rahbariga “siyosiy qayta ta’lim lagerlari”ni zudlik bilan tugatish yuzasidan bosim o’tkazishga chaqiriladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG