Breaking News

Prezident samolyoti nusxasi ko'rgazmaga qo'yildi


Air Force One - AQSh prezidenti samolyoti
Air Force One - AQSh prezidenti samolyoti

Air Force One – Amerika Qo’shma Shtatlari Prezidentining dunyo bo’ylab safarlariga xizmat qiladigan, maxsus jihoz va dizaynga ega samolyotdir. Uning ichki ko’rinishi qanaqa ekanligi sizni qiziqtirganmi? Prezidentning nimalar tanovul qilishi, unga parvoz vaqtida kimlar ko’makchi bo’lishini bilasizmi?

Ko’pchilik uchun samolyot - transport vositasi. Biroq davlat rahbari uchun Air Force One ish kabineti va uy vazifasini ham o’taydi.

Endilikda prezident samolyoti nusxasi bilan yaqindan tanishish va ichkarisini tomosha qilish imkoni mavjud. Samolyot poytaxt Vashingtonga yaqin Neyshnl Xarborda ko’rgazmaga qo’yildi.

Ziyoratchilar samolyot old qismida joylashgan prezident yotoqxonasi, majlis zali va ish kabinetini tomosha qilishi mumkin. Prezident jamoasi, maxfiy xizmat xodimlari, mehmonlar va jurnalistlar uchun ajratilgan xonalarni kuzatish imkoniga ega bo’ladi.

Prezident samolyotida uzoq muddat ishlagan styuardlar vazifasining oson emasligini aytadi. Unda 30 yil xizmat qilgan Xovi Franklin Prezident Bil Klinton bilan parvoz vaqtida yuz bergan voqeani shunday eslaydi:

“Klintonni uyg’otish kerak edi – u ikki yarim soatgina uxlagan edi. Yotoqqa yaqin keldim, u mana bu yerda yotardi. Prezidentni uyg’otish uchun biroz egildim, u qimirlab qo’ydi… yana bir bor egildim, u esa norozi bo’lib nimadir dedi. Nihoyat o’zimda kuch topib: “Uyg’otishni yomon ko’raman”, - dedim. “Unday bo’lsa, uyg’otmang!” – dedi Klinton. Bu Amerika prezidentining to’g’ridan-to’g’ri buyrug’i edi”.

Styuardlar bisotida ana shunday voqealar, prezidentlar haqidagi latifalar talaygina.

1989-1993 yillarda prezident bo’lgan Jorj Bush bir sabzavotni xush ko’rmas edi. Styuardlar hamisha ehtiyot bo’lishgan.

“Prezident Bush taomga injiq bo’lmagan, maxsus talablari ham yo’q edi… U xush ko’rmaydigan yagona sabzavot – brokkoli bo’lgan. Shuning uchun masalliqlarni nazorat qilib turardik”, - deydi Xenri Braun.

Bekki Shultz – “Air Force One” ekipajida ishlagan ilk ayol. 1981-1989-yillarda Amerika prezidenti bo’lgan Ronald Reygan jamoaga yangi qo’shilgan Bekkiga samimiy dalda bergan.

“Ish boshlagan kunimda Prezident Reygan bilan ilk rasmiy suratga tushganimizni yaxshi eslayman. Ekipaj tarkibiga olingan birinchi ayol men edim. Prezident yelkamdan tutib, u ana shu tarzda gapirishni yoqtirar edi, shunday dedi: “Bilasanmi, Bekki, biz hammamiz bir xil odamlarmiz”… U meni jamoaga yaqin odamiday tanishtirgan edi”, - deydi u.

Samolyotda tarixiy voqealar ham yuz bergan. 1963-yilning noyabr oyini esga olaylik. Prezident Jon Kennedi suiqasd qurboniga aylangach, vitse-prezident Lindon Jonson samolyot bortida davlat boshqaruvini o’z zimmasiga olishga qasamyod qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG