Breaking News

Pochtadan bomba yuborish terrorizmmi?


CNN kanalining Nyu-Yorkdagi byurosiga yuborilgan paketdagi qo'lbola bomba. 2018-yil, 24-oktabr.

Prezident Donald Tramp tanqidchilari, demokratlardan sobiq prezident va davlat kotibiga pochtadan bomba yuborganlik terrorizm bilan bog'liq jinoyat sifatida tasniflanadimi? Terrorizm va asirga olinganlarga doir muzokaralar bo'yicha mutaxassis professor Rendal Roganga ko'ra, mazkur ishni terrorizm deb baholash uchun bir qancha sabablar bor.

"Men bu ishni mahalliy terrorizm deb tasniflagan bo'lar edim. Terrorizmga siyosiy maqsadlarda fuqarolarga qarshi xuruj va tahdidga asoslangan jinoiy harakat sifatida ta'rif berilgan. Bu o'rinda "siyosiy" so'zi keng ma'noda qo'llanilgan bo'lib, diniy, ijtimoiy va mafkuraviy maqsadlarni ham o'z ichiga oladi. Ish mahalliy xarakterga ega", - deydi professor Rogan.

Shuningdek, Rogan "terrorizm tushunchasi bahsli, uning global miqyosda qabul qilingan aniq ta'rifi yo'q" ekanini ham tan oladi.

2001-yilning 11-sentabr voqealaridan so'ng qabul qilingan Patriot aktida mahalliy terrorizm AQSh hududida "insonlar hayotiga xavf soladigan harakatlar" va "aholini qo'rqitish yoki majburlash; qo'rqitish yoki majburlash orqali hukumat siyosatiga ta'sir o'tkazish; hukumat xatti-harakatlariga ommaviy vayron qilish, qatl qilish yoki garovga olish yo'li bilan ta'sir qilish" harakati sifatida ta'riflangan.

AQShda pochta orqali tahdid solish ishi yangilik emas. Yuqori martabali AQSh rasmiylariga shubhali paketlar jo'natishda pochta xizmatidan foydalanish holatlari uzoq yillardan beri kuzatilgan.

O'tgan haftada AQSh harbiy dengiz floti veterani Villiam Klayd Allen Prezident Tramp va boshqa nufuzli rasmiylarga tarkibida xavfli zaharli modda ritsin bo'lgan maktublarni yuborganligi uchun yettita modda bo'yicha ayblangan. Rasmiylar maktublarning oktabr oyi boshlarida yuborilganini tasdiqlagan.

2013-yilda texaslik aktrisa Shennon Richardson Prezident Barak Obama va Nyu-York meri Maykl Blumberglarga ritsin moddali maktub yo'llagan edi. Aktrisa biologik quroldan foydalanishga uringanlikda ayblanib, 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Ana shu yili Prezident Obama va boshqa rasmiylarga ritsinli maktub yo'llagan Jeyms Datshe 25 yilga qamalgan.

Jeyms Datshe sud hukmi o'qilishi oldidan. Missisipi shtati. 2014-yil, 13-may.
Jeyms Datshe sud hukmi o'qilishi oldidan. Missisipi shtati. 2014-yil, 13-may.

AQShda shov-shuvlarga sabab bo'lgan ana shunday xurujlardan biri 2001-yilda 11-sentabr voqealaridan keyin amalga oshirilgan edi. Kuydirgi kasali bakterialari bilan axborot muassasalari va qonunchilarning idoralariga yuborilgan bir necha maktub besh kishining o'limiga sabab bo'lgan. 17 kishi kasallangan.

Yuqorida qayd etilgan jinoyatlarni amalga oshirgan shaxslar terrorchilikda ayblanmagan. Chunki bunday ayb, odatda, xalqaro terrorchilik tashkilotlari a'zolariga nisbatan qo'llab kelingan.

Patriot aktining Prezident Jorj Bush tomonidan imzolanishi. Oq uy. 2001-yil, 26-oktabr.
Patriot aktining Prezident Jorj Bush tomonidan imzolanishi. Oq uy. 2001-yil, 26-oktabr.

Patriot aktiga muvofiq, Adliya vazirligi Davlat Departamenti ro'yxatiga kiritilgan xalqaro terrorchilik tashkilotlariga aloqador shax yoki guruhlarni tergov qilish huquqiga ega. Federal qonunlarga ko'ra, terrorizmda ayblanayotgan shaxs ana shu ro'yxatdan o'rin olingan tashkilotlar nomidan ish yuritgan bo'lishi kerak.

Poytaxt Vashingtonda joylashgan "Yangi Amerika" tahlil markazi mutaxassislaridan biri Devid Sterman mahalliy terrorizm tushinchasini bahs-munozaralarga sabab bo'ladigan nozik mavzu deb hisoblaydi.

"Mahalliy terrorizmga aloqador qonunlar bor. Biroq mahalliy terrorizm bo'yicha maxsus qonunning yo'qligiga mamlakatning siyosiy jihatdan nozik tabiati sabab. Nafratga asoslangan jinoyat va terrorchilik harakati o'rtasidagi farq AQShda hamisha bahsli mavzu bo'lib kelgan", - deydi Sterman.

Tabiiyki, aksincha fikrlovchilar ham talay.

"Siyosiy zo'ravonlikka doir amaldagi qonunlarimiz ayblanuvchilarga nisbatan uzoq muddatli jazolar qo'llash nuqtai nazaridan yetarli. Mamlakatning nozik iqlimiga ta'sir ko'rsatadigan yangi qonunni qabul qilishga ehtiyoj yo'q. Obama ma'muriyati mahalliy terrorizmga nisbatan federal chora qo'llashni joriy qilishga uringan. Biroq, siyosiy iqlim tufayli amalga oshmagan edi", - deydi Milliy xavfsizlik bo'yicha nopartiyaviy tadqiqot markazi direktori Karen Grinberg.

2017-yilda Virjiniya shtatida namoyishchilarga qarshi chiqqan aholiga avtomobilda katta tezlik bilan hujum uyushtirildi. Bir kishi halok bo'ldi, 19 kishi jarohatlandi. Prezident Tramp ana shu yil sentabrida imzolagan qonunda mazkur jinoyat ishi mahalliy terrorizm deb nomlandi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG