Breaking News

Suvdagi oltovlon: O'zbekistonni larzaga solgan huquqbuzarlik


Zoir Mirzayev Bosh vaziri o'rinbosari lavozimidan ozod etilgan

26-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratda daladagi ariq ichida olti kishi yerga qarab turganini ko'rasiz, xuddi jazolangan odamdek. Oradan uch kun o'tib ravshan bo'ldiki, ular haqiqatdan ham jazolangan va bu hol Toshkent viloyatining Oqqo'rg'on tumanidagi fermer xo'jaligida yuz bergan.

Voqea Bosh vazir o'rinbosari Zoir Mirzayev bu hududga borganida sodir bo'lgan. Xodimlar bug'doy vaqtida sug'orilmagani bois shu tartibda jazolangan. Ayrim manbalarga ko'ra, ular suvdan chiqqanidan keyin yugurishga majburlangan.

"Ozodlik" radiosi va Kun.uz bu mavzuni faol yoritar ekan, O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev qishloq xo'jaligida majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslik bo'yicha qator chora-tadbirlar ko'rishni buyurdi. Bunday holatlarga toqat qilinmasligi ta'kidlanmoqda.

Bosh vazir Abdulla Aripovning qayd etishicha, majburiy mehnatga qarshi kurash davlat siyosati va hukumat inson huquqlarining toptalishiga jim qarab turmaydi.

Zoir Mirzayev ishdan olingan. Bosh prokuratura tekshiruv boshlagan. Mahalliy rasmiylardan yana bir nechasi lavozimidan haydalgan.

Xalqaro Mehnat Tashkilotining Toshkentdagi vakili Yonas Astrup bugun hukumat yig'ilishida qatnashib, choralarni olqishlagan va qonun ustuvorligini ta'minlash majburiy mehnatga qarshi kurash va umuman islohotlar natija berishida eng zarur talablardan biri ekanini eslatgan.

Toshkent viloyati Oqqo'rg'on tumanida qayd etilgan holat
Toshkent viloyati Oqqo'rg'on tumanida qayd etilgan holat

Ijtimoiy tarmoqlarda omma bu mavzuni qizg'in muhokama qilishda davom etmoqda. Ko'plab o'zbekistonliklar nazarida, suvdagi olti kishining tasviri inson huquqlari darajasi hamon naqadar past ekanini anglatadi. Hukumatning chora-tadbirlari aksariyat hollarda qog'ozda qolib ketishi, huquqbuzarlik hollari qanchalik tan olinib, muhokama qilinmasin, amalda vaziyat o'rgarmayotganidan noliyotganlar ko'p.

Yaqinda "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan BMT vakili Helena Freyzer har bir fuqaro o'z huquqlarini bilishi kerak, o'z davlatining xalqaro majburiyatlaridan boxabar bo'lishi kerak, deydi.

O'zbekiston Ombudsmani Ulug'bek Muhammadievning aytishicha, jamoat fikri mamlakatda kuchayib bormoqda va mutasaddilar tobora qattiqroq bosim ostida. Biroq, deya tan oladi u, jamiyatning huquqiy ongini ko'tarish, mas'uliyat va adolat bobida hali qilinadigan ishlar juda ko'p.

Prezident Mirziyoyev tanishtirgan islohot dasturida inson huquqlarini e'zozlovchi tizim barpo etish bosh maqsadlardan biri deb belgilangan. Islohotlar samarasini sarhisob qilishda aynan huquq bilan bog'liq vaziyat ko'proq elakdan o'tkaziladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG