Breaking News

Ziyolilar Jirinovskiyning O'zbekistonga tashrifidan g'azabda


Jirinovskiyni O’zbekiston Senati raisi o’rinbosari Sodiq Safoyev va Buxoro viloyati hokimi O’ktam Barnoyev kutib oldi

Vladimir Jirinovskiy boshliq Rossiya parlamenti delegatsiyasi O’zbekistonga safarini Buxorodan boshladi. 2-noyabr kuni Tojikistonda Prezident Emomali Rahmon tomonidan qabul qilingan Jirinovskiyni O’zbekistonda ham shunday marhamat kutayotgani ehtimol qilinmoqda. O’zbeklarga va Rossiyadagi muhojir o’zbekistonliklarga qarshi haqoratli chiqishlari bilan tanilgan siyosatchiga O’zbekistonda ko’rsatilayotgan bunday ehtirom ziyolilarning keskin noroziligiga sabab bo’lmoqda.

Jirinovskiyning O’zbekistonga safari haqida ma’lumotlar chiqishi ortidan muxolifatdagi “Erk” partiyasi uni mamlakatga kiritmaslik haqida bayonot chiqardi.

Jirinovskiyning O'zbekistonga tashrifi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:00 0:00

Jirinovskiy boshliq delegatsiya Tojikistondan Buxoroga o’tgan. Buxoro aeroportida uni O’zbekiston Senati raisi o’rinbosari Sodiq Safoyev, Buxoro viloyati hokimi O’ktam Barnoyev kutib olgan.

Jirinovskiy O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinadimi, yoq’mi, hozircha noma’lum.

O’zbeklar, o’zbekistonlik mehnat muhojirlari haqida haqoratli chiqishlari bilan tanilgan siyosatchiga O’zbekistonda ko’rsatilayotgan marhamat, uning Mirziyoyev tomonidan qabul qilinishi ehtimoli ziyolilar o’rtasida kuchli norozilik uyg’otmoqda.

Adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek Jirinovskiyning o’zbeklarga nisbatan haqoratlarini sanab o’tishni lozim ko’rmaydi, ammo O'zbekistonda unga ko’rsatilayotgan marhamatdan hayratda. U irqchi siyosatchining Prezident Mirziyoyev tomonidan qabul qilinishi haqoratlangan o’zbek xalqiga nisbatan hurmatsizlik bo’lishi haqida ogohlantiradi.

“O’z millatini qadrlagan hukumat hech qachon bunday siyosatchini qabul qilmaydi. U (Jirinovskiy) nafaqat o’zbeklarni, balki barcha turkiy xalqlarni ham haqoratlab chiqdi. Agar hukumat uni siyosiy bir figura sifatida ko’rib, qabul qilayotgan bo’lsa, demak bunday hukumat uchun millat, uning qadriyatlari hech narsa emas. Mirziyoyev uni qabul qilsa, demak Putindan keyin Jirinovskiyni ikkinchi buyuk rus siyosatchisi sifatida ko’rayotganini, yana eski xo’jayinlarga ta’zim qilish urfga kirayotganini anglatadi”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Jirinovskiy Tojikistonda Markaziy Osiyoni federal o’lka sifatida Rossiya tarkibiga qo’shib olish haqida bergan bayonotiga ham izoh bergan. Bu izohga ko’ra, u sobiq ittifoq davlatlarini Rossiya tarkibiga ixtiyoriy tarzda qo’shilishlarini qo’llab-quvvatlaydi.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko’ra, sobiq prezident Islom Karimov davrida Vladimir Jirinovskiy aynan o’zbeklarga nisbatan haqoratli chiqishlari uchun mamlakatga kiritilishiga taqiq qo’yilgan siyosatchilar ro’yxatida bo’lgan. Aynan shunday taqiq Qozog’istonda va dunyoning boshqa bir qator davlatlarida ham mavjud.

Jirinovskiyning O’zbekistonga safari haqida ma’lumotlar paydo bo’lar ekan, muxolifatdagi “Erk” partiyasi irqchi siyosatchini mamlakatga kiritmaslik haqida bayonot tarqatdi. Unda ta’kidlanishicha, o’zbeklarni bir necha bor “faqat og’ir mehnat qilishga loyiq hayvonlar” deb atagan "siyosiy masxaraboz" Vladimir Jirinovskiy O’zbekiston tuproqlariga oyoq bosishga haqli emas.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG