Breaking News

Tojikiston qamoqxonasida qonli isyon


Tojikiston xavfsizlik kuchlari
Tojikiston xavfsizlik kuchlari

7-noyabrdan 8-noyabrga o'tar kechasi shimoliy Tojikistonning Xo‘jand shahri yaqinidagi qamoqxonada mahkumlar boshlagan isyonda, ayrim manbalarga ko'ra, kamida 25 kishi o'lgan.

Jarohat olganlarning soni 100 nafardan ortib, o‘q yegan 50 mahbus viloyat kasalxonasiga keltirilgan. Ularning 10 dan ortig‘i og‘ir ahvoldaligi aytiladi.

Isyon davomida qamoqxona ma’muriyatidan ikki kishi halok bo‘lgan va oltitasi jarohat olgan.

Aniqlanishicha, 7-noyabr 22:00 dan so‘ng mahkumlardan biri qamoqxona nozirining qurolini tortib olgan va o‘t ochgan. Unga boshqa mahbuslar ham qo‘shilgan. Ommaviy tartibisizlik isyonga aylangach, u yerga nizoni bostirish uchun So‘g‘d viloyat ichki ishlar boshqarmasining maxsus qurollangan bo‘limi yuborilgan.

Qurolli to‘qnashuv bir soat orasida bostirilgan. Xo‘jand shahrining qamoqxonaga yaqin yashovchi aholisi tunda o‘q ovozlari eshitilganini aytsa-da, rasmiylar buni rad etishmoqda.

Mustaqil manbalardan olingan xabarlarga qaraganda qamoqxonadagi isyonda o‘ldirilgan ikki zobit - mayor Mirsaid Qodirov va praporshik Ehsonxo‘ja Muxtorzoda allaqachon dafn etilgan. Biroq mahbuslarning jasadi ularning yaqinlariga berilmagan. Ma’murlar buni tergov-surishtiruv ishlari bilan izohlashadi.

Qamoqxonadagi isyonga nazoratchilarning mahkumlarga adolatsiz munosabati sabab bo‘lgan degan gumon bor. U yerda hukm o‘tab qaytganlarning mustaqil manbalarga guvohlik berishlaricha, Fayzullo Safarov yuritgan bu qamoqxona eskidan mahkumlar qattiq azob-uqubatlarga duchor etiladigan zona sifatida tilga olib kelinadi.

Ismi aytilmaslik sharti bilan gaplashgan nozir deydiki, bu qamoqxona aslida qattiq nazorat va tartibdagi mahkamalar qatorida bo‘lmagan.

"U yerda, ba’zilar aytadigandek, unaqa vahshiyliklar bo‘lmagan. Nazarimda hali aniqlanmagan sabablar bor, hech kim aniq aytolmaydi", - deydi u.

Hozirgacha 22 o'lgan mahbusning shaxsiyati aniqlangan, qolganlari ustidan tekshiruv ketmoqda. Ma’muriyatga ko'ra, ularning jasadlari qarindoshlariga berib yuboriladi.

Ba'zi ma’lumotlarga ko‘ra, isyon davomida bolta va pichoqlar bilan qurollangan mahkumlar ularni qiynagan ma’murlardan shafqatsiz o‘ch olgan, ularni qiynoqqa solgan. Isyon davomida otilganlarning aksariyati qamoqxonadan chiqib ketishga uringanlari uchun o‘ldirilgan.

ITK-3 deya tanilgan bu koloniyada terrorizm va ekstremizmda ayblanib qamalganlar bor. Qamoqxona bilan tanish nozir:

"U yerda ko‘proq narkotik moddalarga aralashgan, odam o‘ldirish, nomusga tajovuz va ilgari ham sudlanganlar hukm o‘tashadi, lekin intizom unaqa qattiq tartibdagi maxsus mahkamadagidek emas".

ITK-3 da oldin ham shunday hodisalar bo‘lib o‘tgan.

Rasmiylarga ko'ra, hozir vaziyat nazorat ostida va qamoqxonadan biror-bir mahbus qochib chiqmagan. Qo‘shni O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaralarida nazorat kuchaytirilgan. Dushanbeda ham militsiya kuchlari garnizon holatiga keltirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG