Breaking News

Yevropa Ittifoqi o'z armiyasini yaratish ustida o'ylanmoqda


Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Birinchi Jahon urushi yakuniga bag'ishlangan tadbirda nutq so'zlamoqda, Parij, Fransiya.

Parijda Birinchi Jahon urushi yakuniga bag'ishlangan tadbirda qatnashib qaytgan Prezident Donald Tramp Yevropa harbiy kuchlarini tashkil etish haqidagi Fransiya Prezidenti Emmanual Makron fikrlarini "Twitter"da tanqid qildi.

Prezident Trampning da'vo qilishicha, Yevropani AQSh, Rossiya va Xitoydan himoya qiluvchi maxsus qo'shin tuzish g'oyasi be'mani. U Fransiya tomonidan AQSh vinosiga qo'yilgan tariflarni hamda Makronning millatchilikka qarshi bayonotini ham qoraladi. Germaniya Kansleri Angela Merkel esa Yevropa Ittifoqi armiyasini tuzish haqidagi Makron taklifini qo'llab-quvvatladi.

Yevropa Parlamentida gapirgan Merkel harbiy hamkorlik bo'yicha siljish borligini, lekin Yevropa armiyasini tashkil etish uchun hali qilinadigan ishlar ko'pligi aytdi. O'z taqdirimizni o'z qo'limizga olishimiz kerak; lekin bu qo'shin NATOning o'rnini egallamaydi, balki unga qo'shimcha bo'ladi, dedi Germaniya yetakchisi.

AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattisning aytishicha, NATO Yevropa himoyasining asosiy tayanchi vazifasini bajarishda davom etadi. Tadqiqotchi Binoy Kempmarkga ko'ra esa, Yevropa armiyasini tuzish g'oyasi yangilik emas, lekin Sovuq urush davrida jiddiy ko'rib chiqilmagan.

NATOning missiyasi Yevropa chegaralaridan ham tashqariga chiqmoqda; bu esa harbiy alyans kelajagini qayta ko'rib chiqishni taqozo etadi, deydi u.

Ayrim yevropalik tahlilchilar va siyosatchilarga ko'ra, Tramp davrida bu masalaning istiqboli yanada mavhumligicha qoladi.

AQSh rahbari xalqaro ittifoqlarga shubha bilan qarashda davom etadi, deydi ular. Tramp Oq uyga kelishi bilan Eron yadro dasturi va iqlim isishiga oid bitimlardan Amerika chiqishini e'lon qildi. NATOga a'zo mamlakatlarni mudofaa uchun yetarli mablag' ajratmayotganlikda aybladi.

"Prezidentning ijro vakolatlari, ayniqsa, tashqi siyosatda o'zgarishsiz qoladi. Trampning Kongressdagi mag'lubiyati uning qonini yanada qaynatishiga tayyor turishimiz kerak", - dedi Germaniya Bundestagidagi Tashqi ishlar qo'mitasi raisi Norbert Rotgen.

Qayta saylanish fursati yaqinlashar ekan, Tramp tarafdorlarini jonlantirish uchun yanada faollashishi kutilyapti. Ayniqsa, Vakillar palatasi demokratlarga boy berilishi ortidan Tramp asosiy e'tiborini tashqi siyosat masalalariga qaratishi mumkin.

"Trans-Atlantika ittifoqlariga darz ketmoqda. Vakillar palatasidagi o'zgarish Amerika ittifoqchilari Tramp bilan kelisha olmaydigan iqlim o'zgarishi, Yaqin Sharq tinchligi, savdo siyosati, Eron, Rossiya va xalqaro institutlarning ahamiyati kabi mavzularda biror narsani o'zgartira olishi qiyin", - deydi Britaniyaning AQShdagi sobiq elchisi Piter Vestmakot.

AQShdagi Kongress saylovlari ortidan ba'zi Yevropa yetakchilari Tramp ma'muriyati qo'llab-quvvatlashi mumkin bo'lgan umumiy masalalarga e'tiborni oshirish niyatida. Shunday mavzulardan biri AQShning Xitoy bilan munosabatlari haqida. Yevropaning ko'plab davlatlari savdo va boshqa masalalar bo'yicha Xitoy siyosatini qoralashda Tramp bilan hamfikr.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG