Breaking News

Rossiya Ukraina kemalariga hujum qildi; yaralanganlar bor


Ukrainaning Rossiya tomonidan qo'lga olingan harbiy kemalari

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko Rossiyadan Qora dengizda hibsga olingan Ukraina kemalari va dengizchilarini zudlik bilan ozod qilishni talab qilmoqda.

25-noyabr kuni Rossiya harbiy kuchlari Qora dengizda Ukraina kemalariga o'q uzib, bir necha dengizchini qo'lga olgan. Kreml bu kemalarning Rossiya hududiga noqonuniy kirganini da'vo qilmoqda.

Voqeada kamida olti kishi yaralangan. Kiyev Rossiya da'vosini inkor etib, Rossiyani harbiy bosqinda ayblamoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko'ra, Ukraina provokatsiya keltirib chiqarish uchun qasddan kemalarini shu hududga olib kelgan.

BMT Xavfsizlik kengashi favqulodda yig'in chaqirib, tomonlarni masalaga bosiqlik bilan yondashishga undadi.

Poroshenko ayni paytda mamlakatning mudofaa salohiyatini kuchaytirish maqsadida harbiy holat e'lon qilish niyatida ekanini ma'lum qildi.

"Bunday harakatlar Qora dengiz mintaqasidagi barcha davlatlar xavfsizligiga tahdid soladi va shu bois xalqaro hamjamiyat aniq javob qaytarishi kerak", - dedi Ukraina prezidenti.

Yakshanba kuni Ukrainaning shatakchi kemasi Odessadan Azov dengizidagi Mariupol portiga yo'lga chiqqan ikki harbiy kemaga hamrohlik qilib, Kerch bo'g'oziga kirib keladi. Bo'g'oz ikki dengiz o'rtasidagi yagona o'tish yo'lagi hisoblanadi.

Ukrainaning aytishicha, Rossiya kelishuv asosida o'zaro foydalaniladigan Kerch bo'g'ozinining o'tish yo'lagini tanker bilan to'sib qo'ygan va shu yerda Rossiya agressiyasi yuz bergan.

Moskva esa Ukraina kemalari Rossiyaga tegishli suvda bo'lganini va uch kema Kerch bo'g'ozidan o'tishi haqida oldindan xabar berilmaganini aytmoqda. Ukraina bu ayblovlarni inkor etadi.

NATO va Yevropa Ittifoqi bayonot chiqarib, tomonlarni bosiqlikka undadi.

Tramp ma'muriyati ham avvalroq Rossiyani Kerch bo'g'ozini to'sib qo'yish orqali Ukraina iqtisodiyotiga zarar yetkazmaslikka chaqirgan edi.

Rossiya 2014-yil Qrimni egallab olgandan beri Kiyev-Moskva aloqalari tarangligicha qolmoqda. Ukraina sharqida rossiyaparast kuchlar hamda Ukraina qo'shinlari o'rtasidagi janglar so'nggi oylarda kamaygan, ammo vaziyat hanuz qaltis.

Ukraina hukumati va xalqaro kuzatuvchilarga ko'ra, Rossiya Kiyevga qarshi kurashayotgan ayirmachi kuchlarni qurol-aslaha bilan ta'minlamoqda. Moskva bu da'volarni inkor qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG