Breaking News

AQSh xalqaro tashkilotlardan norozi


Oq uy

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo amaldagi global tartib-qoidalarning samaradorligi yuzasidan keskin tanqidiy fikrlar bildirdi. Pompeo AQSh global institutlarni isloh qilish tarafdori ekanini ma’lum qildi.

“Sovuq urush yakunlangandan so’ng, biz liberal tartiblarning yemirilishiga yo’l ochib berdik: u bizga ham, sizga ham pand berdi”, - dedi Mayk Pompeo Brusselda NATO mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari sammitida.

Davlat kotibining bildirishicha, Xitoy, Eron va Rossiya kabi mamlakatlar bitimlar va ko’p tomonli shartomalarga amal qilmayapti. AQSh bunday vaziyatga ko’z yuma olmaydi.

Pompeo so’nggi 30 yil mobaynida global munosabatlarni tartibga solishga qodir Amerika-Yevropa o’rtasida biror tashkilot bo’lmaganini tanqid qilgan. Shuningdek, BMT, Yevropa Ittifoqi, Afrika Ittifoqi va Jahon banki kabi tashkilotlar jiddiy islohotlarga muhtoj ekanini ta’kidlagan.

“Xalqaro organlar xavfsizlik ta’minoti va ozod dunyo qadriyatlarini mustahkamlashga doir hamkorlikning faol ishtirokchisi bo’lishi kerak. Aks holda, ularni isloh qilish yoki tugatish lozim”, - deydi Mayk Pompeo.

Pompeo Xitoy masalasida Jahon Savdo Tashkiloti o’z tartib-qoidalariga amal qilmayotganini ham tanqid qildi. Uning aytishicha, Rossiya qurollanishni nazorat qiluvchi nufuzli bitimlarga amal qilmayapti, Eron Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini inkor etmoqda. Xitoy, Eron va Rossiya AQSh tomonidan bildirilgan ayblovlarni tan olmayapti.

Ayrim ittifoqchilar Tramp ma’muriyatini jahon tartib-qoidalariga bir tomonlama yondashuvda ayblagan. Jumladan, Parijda iqlim masalalari boyicha bitim va Eron yadroviy dasturiga oid munosabatda AQSh faqat o’z manfaatidan nariga o’tmaydi, degan tanqidiy fikrlar bildirilgan.

Biroq Pompeo tanqidlarni inkor etib, Tramp ma’muriyati global institutlarning kuchsizligidan foydalangan mamlakatlarni fosh etgan holda, AQSh yetakchiligini qayta tiklashini ta’kidlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG