Breaking News

Kobulda parlament saylovlari natijalari bekor qilindi


Parlament saylovlari oldidan nomzodlarning plakatlari o'rnatilmoqda, Kobul, Afg'oniston, 9-oktabr, 2018-yil.

Afg’onistonning saylovlar bo’yicha shikoyatlarni ko’rib chiqishga mas’ul idorasi poytaxt Kobul va unga yaqin hududlardagi parlament saylovlari natijalarini bekor qildi.

Saylov shikoyatlari bo’yicha mustaqil kommissiya e’lon qilgan ma’lumotlarga ko’ra, Kobul hududida o’tgan parlament saylovlarida ommaviy firibgarlik va saylov qonunlarining buzilishi qayd etilgan.

6-dekabr sanasida Kobulda bo’lib o’tgan matbuot anjumanida saylovlarga mas’ul Afg’oniston mustaqil saylov komissiyasining besh rasmiysi ishdan olingani ma’lum qilindi.

Ma’lumki, Afg’onistonda parlament saylovlari joriy yilning oktabr oyida bo’lib o’tgan edi. Umumiy 250 a’zodan iborat mamlakat parlamentidagi Kobul ulushi 33 ta o’rindan iborat bo’lib, ularning to’qqiztasi ayollarni tashkil etadi.

Ayni damda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Afg’onistonda xurujlarning ortishi va tinchlik muzokaralarining muntazam ravishda kechiktirilayotganiga qaramay, harbiy alyans mamlakatda tinchlik o’rnatish maqsadida sobitqadam ekanini bildirgan.

Stoltenberg Afg’onistonda kelasi yili o’tishi kutilayotgan prezidentlik saylovlaridan avval saylov jarayonlarini rivojlantirishning ahamiyati haqida to’xtaldi. Bosh kotib saylovning muvaffaqiyatli o’tishi Afg’onistonning barqarorlik va tinchlik tomon eltadigan yo’lini mustahkamlashini aytdi.

“Tolibon urushni davom ettirishdan naf yo’q ekanini, urush yanada ko’plab yo’qotishlarga olib kelishini anglashi kerak. Ular muzokara stoliga o’tirishi lozim. Biz Afg’onistonni qo’llab-quvvatlashda davom etamiz”, - deydi Stoltenberg.

O’z navbatida Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy nizolarga yakun yasash uchun hukumat NATO va boshqa global hamkorlar bilan birga harakat qilishini bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG