Breaking News

O'zbekiston: inson huquqlari bugun qanchalik e'zozda?


Samarqandda o'tgan inson huquqlari forumi
Samarqandda o'tgan inson huquqlari forumi

O’zbekistonda Konstitutsiya kuni munosabati bilan rasmiy tadbirlar bo’lib o’tmoqda. Prezident, hukumat vakillari, parlament a’zolari bosh qonunning 26 yilligi munosabati bilan uyushtirilayotgan tadbirlarda qatnashmoqda.

Hokimiyatning fuqarolarga yo’llayotgan asosiy mujdasi mamlakatda qonun ustuvorligiga nisbatan umidlar tiklanayotgani haqida bo'lmoqda.​

O'zbekistonda Konstitutsiya kuni
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:28 0:00

Bu umidlar bosh qonunda ifoda qilingan diniy, siyosiy erkinliklar mamlakatda to’liq ta’minlanayotgani bilan emas, balki shunday muammolar borligi tan olinishi ortidan yuzaga chiqmoqda.

Biroq, kuzatuvchilarga ko'ra, uzoq cho’zilayotgan bu umidlar davri ham umidsizlikka yetaklayotgandek.

Jurnalist va huquq himoyachisi Dulmurod Sayyid yangi hokimiyat davrida ozod qilingan va buning ortidan o’z konstitutsiyaviy huquqlarini tiklash uchun kurash boshlagan faollardan biri.

Dilmurod Sayyid ozodlikka chiqqan siyosiy mahbuslarni reabilitatsiya qilish maqsadidagi nodavlat tashkilotga asos solgan, siyosiy ayblov bilan qamalgan mahbuslar oqlanishi zarurligi haqida hukumatga bir necha bor taklif bilan chiqqan, ammo natijasiz.

“Albatta, so’nggi ikki yil davomida Konstitutsiya ustunligini, qonun ijrosidagi kafolatini ta’minlash uchun sezilarli ishlar qilindi. Siyosiy mahbuslar ozod qilindi, qora ro’yxatlar yo’qotildi, dindorlar afv qilindi. Lekin depsinish bor. Ayniqsa, nohaq qamalganlar masalasida. Ularning o’zlari yuksak minbarda turib aytishdi, tan olishdi. Ammo 9 oydan buyon biz shu nohaq qamalganlar masalasini o’rganish uchun hukumatga murojaat qilib kelamiz, natijasiz. Faqat quruq gaplar. Meningcha, buning sababi hukumatdagilar aksariyati o’zgarmagani, komanda eskiligicha qolgani bilan bog’liq. Inson huquqlari bilan bog’liq masalani olsak ham hammasi o’sha eski odamlar”, - deydi u.

Dilmurod Sayyidga ko'ra, yangi hokimiyatning inson huquqlari bo’yicha bayonotlari tobora avvalgi turg’unlik davridagi yolg’onlarni yodga solmoqda.

Huquq himoyachisiga ko’ra, Samarqandda o’tkazilgan inson huquqlari bo’yicha Osiyo forumi bunga misol; muammolar haqida gapirishni istagan faollarga Samarqandga bormaslik, forumda qatnashmaslik tavsiyasi berilgan.

“Gap har doim qoyilmaqom bo’lib kelgan, Karimov davrida ham. Amaliyotga kelganda esa oqsash, mana Samqarqandda inson huquqlari bo’yicha xalqaro forum o’tdi. Unga mustaqil huquq himoyachilaridan hech kim qo’yilmadi. Bizning tashkilotimiz nomidan A'zam Turg’unov forumda qatnashish masalasida inson huquqlari bo’yicha milliy Markaz vakillari bilan uchrashdi, forumda qatnashish muhimligini bildirib keldi. Buning evaziga esa bizga nafaqat forumda qatnashishga, balki shu kunlari Samarqandga bormaslikka ham ko’rsatma berishdi. Hozirgacha bizda siyosiy mahbuslar yo’q deb kelishgan edi, endi biz shuncha siyosiy mahbusni ozodlikka chiqardik, qora ro’yxatni bekor qildik deb maqtanishga o’tishgan. Lekin nega hech kim ozodlikka chiqqan bu siyosiy mahbuslar ishini o’rganishga xohlamayapti. Biz o’zgarishlarni kim uchun qilyapmiz, o’zimiz uchunmi yoki yana ko’zbo’yamachilik uchunmi? ” - deydi Dilmurod Sayyid.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan inson huquqlari, qonun ustuvorligini ta’minlash masalasiga diqqat qaratdi. Prezident BMT minbaridan so’zlagan nutqida yangi O’zbekiston inson qadri, huquqlarini tiklash yo’lidan borishiga va’da berdi.

Mirziyoyev davrida uzoq yillardan buyon qamoqda saqlangan o’nlab siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarildi, diniy mahbuslar afv etila boshlandi. Bugun xalqaro hisobotlarda O’zbekistonda siyosiy mahbuslar yo’q, deb ko’riladi.

Mahalliy faollar siyosiy mahbuslar masalasida hamon bir qadar tanqidiy qarashda, ayniqsa, diniy motivlar bilan qamalgan ko'plab insonlarning hamon qamoqda qolayotganiga diqqat qaratishadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG