Breaking News

Siyosiy karikatura - AQShda so'z erkinligi ifodasi


"Politico" nashri uchun chizilgan siyosiy karikaturalardan biri

Siyosiy karikaturalar jamiyat haqida bahs-munozaralar paydo bo'lgandan beri bor. AQShda ular Amerika madaniyati va tarixining bir qismi. Mavzu qanchalik bahsli bo'lmasin, karikaturalar so'z erkinligining bir ko'rinishi sifatida Konstitutsiya tomonidan himoyalangan. "Amerika Ovozi" nufuzli Pulitzer mukofotini qo'lga kiritgan karikaturachi rassom bilan suhbatda bo'ldi.
Met Vorker rasm chizish bilan kun ko'radi.

U Vashington yaqinidagi "Politico" siyosiy nashri uchun karikaturalar chizadi.

"Biz qiziq odamlarmiz. Jiddiy mavzularda jiddiy sharhlar beramiz, lekin jiddiy shaklda emas. Fikrlarimizni jinnicha suratlar orqali ifodalaymiz", - deydi Vorker.

Pulitzer mukofoti bilan taqdirlangan bu rassomning aytishicha, siyosiy karikaturaning asosiy afzalligi fikrni tezkor yetkazishda.

"Bitta rasm chizib, bulut ichiga bir-ikkita so'z qo'shsam, uni to'rt soniya ichida o'qib tushunasiz. Yuzingizga tez va qattiq tarsaki tushgandek bo'lishi kerak. Buni urilganda sezasiz", - deydi u.

Masalan, mana bu surat rassom Norman Rokvelning Amerika madaniyatiga oid mashhur rasmidan ilhomlanib chizilgan.

Yillar davomida bu san'at ham o'zgarib bordi, deydi rassom.

"40 yil oldin ish boshlaganimda, gazetadagi karikaturalar bitta qalam bilan oq va qora rangda bo'lardi. Hozir ularni rangli, animatsion qilish mumkin. Hatto rasmlardan iborat roman yozish ham mumkin", - deydi Vorker.

Jurnalist Jeyk Halpern va illyustrator Maykl Sloan yaratgan ish ikki suriyalik qochqin oilaning AQShgacha bo'lgan safari mashaqqatlarini aks ettiradi. Pulitzer mukofotiga sazovor bo'lgan bu asar hozir Vashingtondagi Matbuot muzeyida ko'rgazmaga qo'yilgan.

Petti Rul muzey rahbarlaridan biri.

"Bu mamlakat bunyod bo'lgandan beri siyosiy karikaturalar turli mavzular va bahslarni o'zida aks ettirib kelgan. Shu bois u doim jamiyatning bir bo'lagi va g'oyalarni, fikrlarni erkin ifodalash yo'li bo'lib kelgan", - deydi u.

Lekin erkin fikr ba'zan qimmatga tushishi ham mumkin.

2015-yil musulmonlar payg'ambarini haqorat qiluvchi suratlarni chop etgan "Sharli Ebdo" fransuz jurnali tahririyati terrorchilar hujumiga uchradi. Xurujda 12 odam o'ldirildi, jumladan, bir qator taniqli rassomlar.

"Ular buni madaniyatlari uchun haqorat sifatida qabul qilishlari mumkin, lekin ular Parijga borib, bu rasmni chizgan odamlarni o'ldirish huquqiga ega emas", - deydi rassom Vorker.

"Rejimga yoki siyosiy shaxslarga qarshi chiqqan ko'plab jasur rassomlar tazyiqlar tufayli mamlakatlarini tark etishga majbur bo'lgan", - deya qo'shimcha qiladi u.

Vorkerning umid qilishicha, odamlar karikaturalarning asl qadrini tushunadi.

"Yaxshi siyosiy karikatura yumor bilan yaxshi bir siyosiy fikrni ifodalab beradi va bu odamlarni g'azablantirmasdan, aksincha, o'ylashga undaydi, degan umiddaman", - deydi rassom.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG