Breaking News

Migratsiya va migrantlar BMT e'tiborida


BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish (chapdan ikkinchi) Migratsiyaga doir konferensiyada. Marokash. 10-dekabr, 2018
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish (chapdan ikkinchi) Migratsiyaga doir konferensiyada. Marokash. 10-dekabr, 2018

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish Marokashda o’tayotgan ikki kunlik konferensiyaning ochilish marosimida nutq so’zladi. Bosh kotib dunyo bo’ylab migrantlar oqimiga munosabatni nazorat qilishga qaratilgan global paktni qabul qilganligi uchun 150 dan ziyod mamlakatni olqishladi.

Guterrish ayrim davlatlar, jumladan, Yevropa mamlakatlari Xavfsiz, tartibli va tizimli migratsiya bo’yicha global bitimga tanqidiy yondashayotganini ta’kidlagan.

Bosh kotibning bildirishicha, mazkur hujjat migratsiya tartibini joriy qilish bilan milliy suverenitetga tahdid soladi yoki odamlarga istalgan vaqtda istalgan hududga ko’chib o’tish huquqini beradi deb hisoblaydiganlar yanglishadi. Bitim migrantlarga maqomidan qat’iy nazar, inson huquqlari teng ta’minlanishini nazarda tutadi.

Hujjat ikki yillik muhokama jarayonidan o’tdi. AQSh 2017-yilning dekabr oyida bitimni rad etgan ilk mamlakat bo’ldi. Vashington hujjatni “AQShning immigratsiya va qochoqlar bo’yicha siyosatiga zid” ekanini bildirgan.

Shuningdek, Avstraliya, Avstriya, Vengriya, Polsha va Dominikan Respublikasi ham Amerikaga ergashgan.

Guterrishning ma’lum qilishicha, migrantlarning 80 foizi xavfsiz va nazorat ostidagi marshrutlarni tanlaydi. Biroq cho’l, okean, daryolar orqali xavfli yo’llarni tanlagan 60 mingdan ziyod odam halok bo’lgan. Odam savdosi qurboniga aylanganlar ham talaygina.

BMT hisoblariga ko’ra, global miqyosda 258 million migrant bor. Y’ani, ular dunyo aholisining uch foizidan ko’prog’ini tashkil etadi.

Umumjahon tashkiloti sababidan qat’iy nazar, o’z mamlakatini tark etgan shaxsni migrant deb qabul qiladi. Aholi o’sishi, tengsizlikning kuchayishi va iqlim o’zgarishi natijasida migrantlar sonining yanada ortishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG