Breaking News

O'zbekistonda dindorlar hanuz tazyiq ostidami?


Toshkent shahridagi "Omina" masjidida imomlik qilgan Fazliddin Parpiyev
Toshkent shahridagi "Omina" masjidida imomlik qilgan Fazliddin Parpiyev

O’zbekistonda dindorlarning “qora ro’yxati” tugatilmagan, prokuratura bayonoti yolg’on, demoqda mamlakatdagi diniy vaziyatni kuzatib kelayotgan huquq himoyachilari. O’zbekistonda diniy yo’ldan adashganlikda gumonlanganlardan iborat “qora ro’yxat” tajribasi tugatilganini Bosh prokuror o’rinbosari Erkin Yo’doshev Toshkentda o’tgan matbuot anjumani davomida bildirgan. Bosh prokuraturaning bu bayonoti diniy vaziyatga oid tanqidlari bilan tanilgan sobiq imom Fazliddin Parpiyevning tazyiqlar bois O’zbekistondan chiqib ketishi barobarida kuzatilmoqda.

Fazliddin Parpiyev nega O'zbekistonni tark etdi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:31 0:00

Huquq himoyachilariga ko'ra, imom Fazliddin Parpiyev Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan diniy islohotlar davrida tazyiqlar bois mamlakatni tark etgan dastlabki ulamodir.

Diqqatlisi, Parpiyev O’zbekistonda dindorlarga oid qo’ra ro’yxat tajribasi tugatilgani haqida bayonot bergan Bosh prokuraturaning Toshkent shahar boshqarmasida o'tgan suhbatdan so’ng O’zbekistonni tark etishga qaror qilgan.

Fazliddin Parpiyev umra safaridan qaytishi ortidan ichki ishlar boshqarmasi, milliy xavfsizlik xizmati vakillari tomonidan so’roqqa tutilgan; mamlakatdan chiqib ketish qarori esa Toshkent shahar prokuraturasida o’tkazilgan suhbatdan so’ng qabul qilingan.

Prokuraturaga chaqirilgan Fazliddin Parpiyev huquq himoyachisi Surat Ikromovga yordam so’rab, jumladan, prokuror suhbatida ishtirok etish taklifi bilan murojaat qilgan. Sobiq imom va huquq himoyachisi birgalikda Toshkent shahar prokuraturasiga borishgan.

Ammo prokuror huquq himoyachisi ishtirokida suhbatlashishni istamagan, faqat Parpyevni qabul qilgan.

“Bir kun oldin Fazliddin bilan gaplashdik, u avval ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ham so’roqqa tutilgan edi. Shuning uchun Fazliddinning bir o’zi borgisi kelmadi, meni chaqirdi. Bu to’g’ri, chunki men aniq savollar qo’yishim mumkin edi. Birinchidan, bu suhbatning o’zi noto’g’ri edi, chaqiruv qog’ozi yo’q. Ikkinchidan, odam advokat bilan kirishga haqli. Yo’q, bularning maqsadi esa aldov bilan chaqirib, qo’rqitish, to’xtatish, ovozini o’chirish. Prokurorning ishini qarang. Avvaliga, mayli Surat Ikromov bilan kelsang, degan; kelganidan so’ng o’zini bir daqiqaga deb chaqirib, tahdid o’tkazyapti, men esa ko’chada qolib ketyapman”, - deydi Surat Ikromov.

O’zbekiston prokuraturasi va ichki ishlar boshqarmasida o’tkazilgan suhbatlar davomida Fazliddin Parpiyevga qanday tahdidlar bo’lgani aniq emas.

Huquq himoyachisiga ko’ra, asosan, sobiq imomning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari yuzasidan, xususan, erkaklarga soqol qo’yish, ayollarning ro’mol o’rashiga qo’yilgan taqiqlar haqidagi mulohazalarini to’xtatish, ijtimoiy tarmoqlardan uzoq bo’lish talab qilingan.

Sobiq imomning qochqinlikka tutilishi mamlakat diniy siyosatidagi o’zgarishlar olqishlanayotgan bir paytda kuzatilmoqda. AQSh hukumati yaqinda O’zbekisonni e’tiqod erkinligi bo’yicha alohida tashvishga molik davlatlar ro’yxatidan chiqargan, bu qaror rasmiy Toshkent tomonidan ham olqishlangan edi.

O’zbekistonning alohida tashvishga molik davlatlar ro’yxatidan chiqarilishiga mamlakatdagi minglab dindorlarning “qora ro’yxat”dan o’chirilishi, afv etilishi sabab bo’ldi.

Bosh prokuror o’rinbosari Yo’ldoshev 19-dekabr kuni o’tkazgan matbuot anjumanida O’zbekistonda “qora ro’yxat” tajribasi tugatilganini e’lon qilgan. Ammo huquq himoyachilari prokuraturaning bayonotiga ishonmayapti.

“Qora ro’yaxat” yo’qoldi degani, bu og’zaki gap, men ishonmayman, bu ro’yxat hali bor. Mana, Fazliddinning ishi bunga misol. Nega uni tinch qo’yishmadi, chunki u ro’yxatda. Bundan keyin qanday ishonish mumkin? Ularning hammasi ro’yxatda turibdi, hech qanaqasiga yo’qotilmagan”, - deydi huquq himoyachisi.

Surat Ikromov Fazliddin Parpiyevning o’zgarishlar davrida tazyiqlar bois mamlakatni tark etgan dastlabki ulamo bo’lganiga diqqat qaratadi.

“Islom Karimov davrida ham o’nlab diniy ulamolar O’zbekistondan chiqib ketishga majbur bo’ldi, ayrimlari esa haliyam qamoqda qolyapti. Masalan, Ruhiddin Faxriddinov eng kuchli imomlardan biri edi. Hozirgi prezident davrini oladigan bo’lsak, bu oxirgi ikki yildagi birinchi voqea, imomning tazyiqqa tushishi, mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’lishi. Shunisi xatarli. Bir tomondan, diniy erkinlik berdik, deyishyapti; boshqa tomondan bunaqa ahvol. U menga ochiq aytyapti, prezident bunday deyapti, amalda esa hammasi teskari bo’lyapti, deb”, - deydi Ikromov.

Toshkentdagi “Omina” masjidiga imomlik qilgan Fazliddin Parpiyev mamlakatda ayollarning ro’mol o’rashiga qo’yilgan taqiqlar yuzasidan prezident Shavkat Mirziyoyevga ochiq murojaat qilishi ortidan jamoatchilikka tanilgan, bu murojaatdan ko’p o'tmay esa imomlikdan bo’shatilgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG