Breaking News

Real hayot va virtual olam birlashgan markaz


Shiddat bilan rivojlanib borayotgan texnologiya kundalik hayotimizning muhim qismiga aylandi. Millionlab odamlar video o’yinlariga soatlab vaqt sarflaydi. Real hayotdan mutlaqo uzilib qolganlar bor. Biroq Los-Anjelesda guruhlar o’rtasidagi video o’yinlari bilan mashhur maskanda oltin oraliqni topish mumkin. “Two bit circus” – “Ikki bitli sirk” deb nomlangan markaz barcha yoshdagi mijozlarni jalb etmoqda.

“Two Bit Circus” - jamoaviy o’yinlar markazi… do’stlar bilan ko’ngil yozish uchun munosib maskan.

“Navbatdagi bosqichga o’tish uchun yaxlit bir o’yin tizimini tugatish kerak ekan. Ikkita o’yin o’ynaguncha holdan toyib, terlab ulgurdim”, - deydi mijozlardan biri Kelli Bental.

Kamera va sensorlar omixta qilingan o’yinlar mijozlarni yangi tajribadan bahramand qilishga mo’ljallangan.

Markaz sarguzashtlarga boy jamoaviy o’yinlarni taklif etadi. U yerda do’stlar bilan virtual olamda harbiy kemadan turib o’zga sayyoraliklar bilan jang qilish yoki fazo kemasini boshqarish mumkin.

Hatto robot-barmen xizmatidan foydalanib, biror ichimlik ichib nafas rostlaysiz.

“Bunaqasi bo’lmagan. Robot ichimlikni tayyorlab, aralashtirib, yaxshi xizmat ko’rsata oldi”, - deydi yana bir mijoz Jon Danken.

Markaz eng so’nggi innovatsion o’yinlarni taklif etadi. Ularning aksariyati mana shu yerda tayyorlangan.

“Bu yer markazning ijodiy ustaxonasi. Oramizda bir devor bor xolos. Kunduz kuni yaratgan har qanday o’yinimizni kechasi markazda taklif etamiz va sinovdan o’tkazib olamiz. Yaxshi ijodiy jamoa to’plaganmiz. Ular ko’ngil yozishning yangidan-yangi usullarini taklif etishdan qo’rqmaydi.

Eng muhimi, har bir loyihamizni sinovdan o’tkazib beradigan mijozlar bor”, - deydi markaz asoschilaridan Erik Gredmen.

Gredmen harbiy sohada qo’llaniladigan robot-mashinalarning prototiplarini yasash bilan shug’ullangan. Shuningdek, sirk nomerlarining mohir ijrochisi bo’lgan.

“Dunyo kezib, minglab tomoshabin qarshisida sirk namoyishlarini o’tkazdim. Bu yerda ikki qiziqishim – ijro va yaratuvchilik mahoratimni ko’rsatish imkoni bor”, - deydi u.

Asoschilardan Brent Bushnel masxarabozlikni o’rgangan. Asl ixtisosligi bo’yicha muhandis. Uning otasi Nolan Bushnel “Atari” video o’yinlar kompaniyasining asoschisi.

“Otam bu yerga ko’chib o’tmoqchi. Markaz otamga yoqadi. Har safar yangi g’oya bilan keladi. Nimalarni o’zgartirish kerak, nimalarni boshqacha usulda qilish kerakligini aytadi”, - deydi Bushnel.

Los-Anjelesda joylashgan ushbu ko’ngilochar maskan keng savdo do’koniday o’ringa ega. Ular onlayn savdo xizmatlari bilan raqobatda yopilib ketayotgan markazlar o’rnida o’z filiallarini ochishni rejalashtirmoqda.

“Biz ushbu maskanga asos solib, butun e’tiborimizni jamladik. Mo’ljalni katta olganmiz. Mamlakat bo’ylab yuzlab shaharlarda aynan shu formatdagi markazlar mavjud. Biz o’z usulimizni bu yerda sinab ko’rib, so’ng mamlakat bo’ylab kengaytirishni reja qilyapmiz”, - deydi Bushnel.

Jamoa dunyoni zabt etish uchun kurashishini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG