Breaking News

Kongressning surishtiruv vakolatidan qanday naf?


Vakillar palatasining Adliya qo'mitasi raisi Piter Rodino (markazda) Prezident Nikson ise'fosiga sabab bo'lgan surishtiruv bo'yicha matbuot anjumanida. Vashington shahri. 5-mart, 1974

Amerikaning yangi saylangan Kongressida Vakillar palatasi demokratlar nazoratiga o’tgan. Bu qonunchilik va mamlakat siyosatida muvozanat yaratadi. Shuningdek, demokratlar uchun ham surishtiruv o’tkazish imkonini beradi. Surishtiruvlar hukumat rasmiylariga Kongressga hisobot berish majburiyatini yuklaydi.

Demokratlar Prezident Tramp va uning ma’muriyati faoliyatini tekshirishga bel bog'lagan.

AQSh konstitutsiyasiga ko'ra, Kongress “barcha qonun chiqarish vakolatlariga ega”. Biroq unda Kongressning surishtiruv o’tkazish vakolatiga aniqlik kiritilmagan. Konstitutsiyani tuzuvchilar surishtiruv qonunchilik faoliyatining muhim bo’lagi deb hisoblagan. Sudlar ham bu tartibni quvvatlagan.

1787-yilda Amerika konstitutsiyasi qabul qilingan. Uning ustida ishlaganlardan biri, Jorj Meyson Kongress a'zolari faqatgina qonunchi emas, surishtirish vakolatiga ham ega, deb chiqqan. Ular davlat idoralari faoliyatini tekshirish uchun muntazam uchrashib turishi kerak, degan.

Kongress surishtiruvi dastavval 1792-yilda amalga oshirilgan. General Artur Kleyr mahalliy hindu aholi bilan kechgan jangda qo’shinning mag’lubiyatiga sababchi bo’lgan. Natijada Prezident Jorj Vashington undan iste’fo talab qilgan. Kongress surishtiruv olib borgan.

Kongress qonunchilik bilan bog’liq bo’lgan har qanday ish yuzasidan surishtiruv o’tkazishi mumkin.

Tinglovlar asosan uch sabab bilan o’tkaziladi. Bular: qonun loyihasini ko’rib chiqish, kelajakda qonun qabul qilinishini talab etadigan masalalar muhokamasi, federal dasturlarni o’rganish va nazorat qilish.

Surishtiruv sud va ijrochi hokimiyatni nazorat qilish imkonini beradi. Prezident tomonidan sodir etilgan qonunbuzarlikni fosh etishga sabab bo’ladi. Vaziyatdan kelib chiqib, impichment jarayonini ham boshlab berishi mumkin.

200 yildan ortiq o’tmishida Kongress keng hajmli surishtiruvlarni o’tkazdi. Titanikning cho’kishi, uyushgan jinoyatchilik, Vyetnam urushi shular jumlasidan. “Watergate” ishi bo’yicha surishtiruv Prezident Richard Niksonning iste’fosiga sabab bo’lgan.

Oliy sud qaroriga ko’ra, Kongress fuqarolarning shaxsiy munosabatlari yuzasidan tekshiruv o’tkazishi taqiqlangan.

Vakillar palatasi ham, Senat ham surishtiruv vakolatiga ega. Surishtiruv ishi qo’mitalardan biriga yuklanadi. Qonunchilar ikki palata vakillaridan iborat qo’shma qo’mita tuzishi mumkin. Shuningdek, muayyan masalalar bilan shug’ullanadigan maxsus qo’mitaga asos solishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG