Breaking News

Germaniya qonunchilarini O'zbekiston haqida qator savollar qiynamoqda


FDP yetakchisi Kristian Lindner va 30 ga yaqin deputat nomidan yo’llangan murojaat nemis kompaniyalarining O’zbekistondagi faoliyati, ular to’qnash kelayotgan muammolar bilan ham qiziqadi

Nemis parlamenti a'zolari Germaniya rahbari Angela Merkel va uning ma'muriyatiga O’zbekiston bilan munosabatlarga doir 14 savol bilan murojaat qilgan.

O’tgan dekabr oyida Bundestagdagi FDP (Freie Demokratische Partei) fraksiyasi tomonidan federal hukumatga yo’llangan xatda Prezident Shavkat Mirziyoyevning kelasi hafta mamlakatga kutilayotgan tashrifi davomida nimalar muhokama qilinishi, Germaniya hukumati O’zbekistondagi islohotlarni qanday baholayotganiga doir savollar bor.

FDP yetakchisi Kristian Lindner va 30 ga yaqin deputat nomidan yo’llangan murojaat nemis kompaniyalarining O’zbekistondagi faoliyati, ular to’qnash kelayotgan muammolar bilan ham qiziqadi.

Qonunchilar so’roviga "Zeromax" kompaniyasi tomonidan Toshkentdagi Forumlar saroyi qurilishi jarayoniga jalb etilgan nemis shirkati bilan bog’liq mojaro asos bo’lgan.

Murojaatda deputatlar hukumatdan "Zeromax" kompaniyasini Gulnora Karimova bilan bog’liqligi, bu qurilishda ishtirok etgan nemis shirkati, bu shirkatning da’volari haqida nimalar bilishini so’rashadi.

Hukumatga yo’llangan murojaat O’zbekiston bilan aloqalarga doir 14 savoldan iborat, unda Prezident Mirziyoyevning Germaniyaga kutilayotgan tashrifi haqida ham so’z boradi.

FDP fraksiyasi Mirziyoyev bilan muzokaralarda zarar ko’rgan nemis shirkati bilan bog’liq mojaro qanchalik muhokama qilinishi, mamlakatda ishlayotgan nemis shirkatlari duch kelayotgan qiyinchiliklar, jumladan konvertatsiya masalasi qanday hal etilayotgani yuzasidan muzokaralar bo’lishi yoki bo’lmasligi bilan qiziqqan.

Bundestag, Germaniya parlamenti
Bundestag, Germaniya parlamenti

Nemis deputatlarining Kansler Merkelga murojaati
Nemis deputatlarining Kansler Merkelga murojaati

Murojaatda ko’tarilgan savollardan biri O’zbekistonda hokimiyat almashishidan so’ng qanday o’zgarishlar kuzatilayotgani, Germaniya hukumati bu islohotlarni qanday baholayotgani va ularga qanday ta’sir ko’rsata olishi bilan bog'liq.

Deputatlar Germaniya hukumati nemis biznesiga O’zbekistonda ishlashni tavsiya etadimi, yo’qmi, degan savolga oydinlik kiritilishini istashadi.

“Germaniya hukumati O’zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish qaroridami, agar shunday bo’lsa, qanday maqsadda va qaysi sohalarda”, degan savol qo’yiladi.

Germaniya parlamentidagi muxolif fraksiya murojaatida O’zbekistondagi siyosiy-ijtimoiy erkinlikka, inson huquqlariga doir biror savol yo’q, murojaat asosan nemis biznesi manfaatlarini himoyalashga qaratilgan.

Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi 20-yanvardan boshlanishi, Berlinda prezident Frank-Volter Shtayenmayer, kansler Angela Merkel, parlament raisi Volfgang Shoyble bilan muzokaralar o’tishi kutilmoqda.

Shuningdek, O’zbekiston prezidentining Myunxen shahrida bo’lishi, bu yerda Bovariya Bosh vaziri Markus Zyoder, Germaniya ishbilarmon doiralari bilan uchrashuvlar o’tkazishi xabar qilingan.

Nemis parlamenti deputatlari Germaniya rahbari Angela Merkel va uning ma'muriyatiga O’zbekiston bilan munosabatlarga doir 14 savol bilan murojaat qilgan.
Nemis parlamenti deputatlari Germaniya rahbari Angela Merkel va uning ma'muriyatiga O’zbekiston bilan munosabatlarga doir 14 savol bilan murojaat qilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG