Breaking News

Uyg'urlar masalasi Pekin va Anqara o'rtasida ziddiyatga sabab bo'lmoqda


Turkiyada yashayotgan uyg'urlar namoyishi
Turkiyada yashayotgan uyg'urlar namoyishi

Turkiya Xitoyda bir milliondan ortiq musulmon uyg'urlar saqlanayotgan qamoqxonalarni "konsentratsion lagerlar" deb atab, ularni yopishga chaqirdi. Xitoyning uyg'ur xalqiga nisbatan munosabati "insoniyat uchun sharmandalik", dedi Anqara.

“Konslagerlarni yoping!”

O‘tgan hafta taniqli uyg‘ur hofizi Abduraim Hayitning Xitoy turmasida vafot etgani haqida tarqalgan xabar taniqli turk siyosatchilari hamda rasmiy Anqaraning e’tiboridan chetda qolmadi. Turkiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Hami Aksoy yozma bayonotida shunday dedi:

“Bir kuy tufayli 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan xalq hofizi Abduraim Hayit qamoqxonadagi ikkinchi yilida vafot etgani haqida chuqur qayg‘u bilan xabar topdik. Bu alamli hodisa turk jamoatchiligining Shinjon mintaqasida inson huquqlarining jiddiy buzilishlariga nisbatan munosabatini yanada kuchaytirdi. Bu haqli munosabatning Xitoy idoralari tomonidan e’tiborga olinishini kutmoqdamiz”.

Uyg'urlar masalasida Xitoy-Turkiya ziddiyati
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:09 0:00

Shuningdek, bayonotda Shinjon muxtor tumanida uyg‘urlar va boshqa musulmon xalqlarning fundamental huquqlari toptalayotgani va vaziyat oxirgi ikki yilda yanada og‘irlashgani, bir milliondan ziyod uyg‘ur konsentratsion lagerlar va qamoqxonalarda qiynoqqa tutilayotgani, siyosiy ishlovdan o‘tkazilayotgani, XXI asrda yana konslagerlarning ochilgani katta sharmandalik ekani aytilgan.

“Ayniqsa, 2017-yilning oktabrida “Barcha dinlar va e’tiqodlarni xitoylashtirish” siyosatining rasman e’lon qilinishi uyg‘urlar va mintaqadagi boshqa musulmon xalqlarning etnik, diniy va madaniy identifikatsiyalarini yo‘q qilish sari tashlangan yangi qadam bo‘ldi”, - deyiladi bayonotda.

Hami Aksoyning bayonotida Xitoydan musulmon xalqlarning huquqlariga hurmat ko‘rsatish va ular saqlanayotgan lagerlarni yopish so‘ralgan. Bunday tashqari, xalqaro hamjamiyat va BMT Bosh kotibi Shinjondagi fojialarni to‘xtatish uchun ta’sirchan harakat qilishga chaqirilgan.

Xitoy: Turkiya bizni asossiz aybladi

Mazkur bayonotdan keyin Pekinning Anqaraga e’tirozi kechikmadi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xua Chunin Turkiyaning bayonotini “ma’nosiz yolg‘on” deb atadi.

“Turk tomoni mas’uliyatsizlarcha juda yomon xatoga yo‘l qo‘ydi. Bunga jiddiy tarzda e’tiroz bildiramiz”, - dedi u.

Qolaversa, matbuot kotibi Turkiyadan Abduraim Hayitning o‘lgani haqidagi xabarga dalil keltirishni talab qildi.

Xitoy avvalgi iddaolarini bu safar ham takrorladi: Shinjonda lagerlar emas, kasbiy ta’lim markazlari bor. Xitoyning Anqaradagi elchixonasi ketma-ket ikki kun tarqatgan bayonotlarda aytilishicha, bu markazlarning ochilishidan asosiy maqsad terrorizmga va radikalizmga qarshi kurashdir. Fuqarolar bu markazlarda xitoy tili va hunar o‘rganyapti, ularning huquqlari poymol etilayotgani yo‘q. Shinjon muxtor viloyatidagi barcha etnik guruhlar o‘z milliy tillarida so‘zlashish va o‘z dinlariga e’tiqod qilishda erkindir, deyiladi elchixona bayonotida.

Bundan tashqari, Xitoy davlat radiosi Abduraim Hayitning o‘lmagani haqida xabar tarqatdi. E’lon qilingan bir necha soniyalik videolavhada hofizga o‘xshash kishi uyg‘urchada o‘zini Abduraim Hayit deb tanishtirgani va “Bugun 2019-yil ikkinchi oyining 10-kuni” deya sanani bildirganidan keyin qonunga xilof ish qilgani uchun ushlab turilganini, salomatligi yaxshiligini va qiynoqqa tutilmaganini aytgan.

Anqara aniqlik istayapti

Shundan keyin Turkiyaning hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi matbuot kotibi Umar Chelik Shinjon haqida tarqalayotgan xabarlarga aniqlik kiritilishi zarurligini ta’kidladi.

“Shinjonda musulmonlarning, uyg‘urlarning assimilyatsiyasi ketyapti. Juda ko‘pchilik yo‘qolgan. Har bir turkistonlikning uyiga bitta xitoy joylashtirilgani haqida xabarlar bor. Bularning bari aniqlik kirtilishi lozim bo‘lgan mavzular, - dedi u. - Xitoyning xavfsizligini hurmat qiladigan, buni qo‘llab-quvvatlaydigan bir davlat sifatida Sharqiy Turkiston borasidagi xavotirlarimizni ifoda qilmoqdamiz”.

Aytish joizki, Turkiya va Xitoy o‘rtasida so‘nggi kunlarda kuzatilgan bu taranglik ikki mamlakatning kuchli iqtisodiy aloqalariga tamomila teskaridir. Xitoy Turkiyaning uchunchi yirik tashqi iqtisodiy hamkori hisoblanadi. Turkiya savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan 2018-yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 23 milliard 634 million dollarni tashkil etdi. Turkiya Xitoydan 20 milliard 719 million dollarlik mahsulot import qilgan.

Kuzatuvchilarning aytishicha, munosabatlarning yomonlashishi iqtisodiy jihatdan har ikki tomonga katta zarar keltiradi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG