Breaking News

Tramp Venesuela harbiylarini Madurodan yuz o'girishga chaqirdi


Xalqaro hayot: Trampning Venesuelaga murojaati
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:36 0:00

AQSh Prezidenti Donald Tramp Venesuela harbiylariga murojaat qilib, ularni Prezident Nikolas Maduroning hokimiyatda qolishiga yordam bermaslikka va gumanitar yordamning mamlakatga kirishiga to'siq qo'ymaslikka chaqirdi.

Amerika samolyotlari esa Kolumbiya chegarasiga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazishda davom etmoqda, ammo ularning Venesuelaga qanday olib kirilishi hanuz noma'lum.

"Maduro xalqining ochlikdan o'lishiga ham rozi", - deydi Tramp.

Kelib chiqishi Venesuela va Kubadan bo'lgan amerikaliklar davrasida gapirgan Tramp Maduro ma'muriyatini ogohlantirdi.

"Agar to'sqinlik qilishda davom etsangiz, bundan osonlikcha qutula olmaysiz. Hamma narsani boy berasiz", - dedi u.

Tramp Venesuela muxolifati yetakchisi Xuan Guaydoni birinchilardan bo'lib qo'llagan. Guaydo yanvar oyida o'zini muvaqqat hukumat rahbari deb e'lon qilgan edi.

Trampning Venesuela siyosati hozircha har ikki partiya qo'lloviga ega. So'nggi paytlarda u endi sotsializm tanqidiga zo'r bermoqda.

"Kommunizm va sotsializm kunlari bitishiga oz qoldi", - dedi Tramp.

Sotsializm atamasini u demokratlarni tanqid qilishda ham ishlatib turadi.

"Venesuela AQSh siyosatida partiyabozlik masalasiga aylanmasa, deb qo'rqaman", - deydi tahlilchi Deni Bahar.

Bahar Trampning Maduroga qarshi siyosatini qo'llaydi, lekin uning qayta saylanish kampaniyasida venesuelaliklar taqdiri siyosat quroliga aylanishidan xavotirda.

"Bugungi nutq saylov kampaniyasining bir qismi bo'lganiga shubha yo'q. U venesuelaliklarga emas, balki Floridadagi saylovchilarga gapirdi. Bu tashvishlanarli hol", - deydi u.

Inqiroz boshlangandan beri Venesuelani uch million odam tark etgan.

"Biz ko'ngillilar konstitutsiyani himoya qilish uchun qasam ichamiz. Gumanitar yordam kirishini xohlaymiz", - dedi muvaqqat hukumati rahbari Xuan Guaydo.

Xuan Guaydo Kolumbiya chegarasida to'planayotgan yordam yuklarini tarqatish uchun ko'ngilli guruhlarni tuzmoqda.

U harbiylar blokadasini yorib o'tib, yordam yuklarini minglab venesuelaliklarga yetkazishni rejalamoqda. Bu Maduro tarafdori bo'lgan harbiylar qarshiligiga duch kelishi mumkin.

Nikolas Maduro davlat televideniyesi orqali chiqish qilib, muxolifatni qo'llab-quvvatlayotgan Tramp da'volarini inkor qildi.

"Konstitutsiya bo'yicha kim bosh qo'mondon? Ular kibrlariga ishonadi va bizni ko'ra olmaydi. Go'yoki ular bu davlatga egalik qiladi. Tramp buyruq bera olishiga va Milliy Bolivar harbiy kuchlari uni ijro etishiga ishonadi. Bu sharmandalik va haqorat", - dedi Venesuela rahbari.

Maduro Tramp nutqini "natsistlar uslubi"ga o'xshatdi. Oq uy hozircha Maduroning bunday bayonotiga munosabat bildirgani yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG