Breaking News

Saudiya Arabistoni Xitoy bilan munosabatlarini yaxshilamoqchi


Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon 21-fevral kuni Xitoy poytaxti Pekinga tashrif buyurdi. Jurnalist Jamol Qoshiqchining o’ldirilishi natijasida Saudiyaning xalqaro maydondagi nufuzi tushib ketgan. Ikki kunlik tashrif mobaynida shahzoda mamlakatning xalqaro obro’sini tiklash va iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga harakat qiladi. Biroq Saudiya va Xitoy aloqalarini mustahkamlash yo’lida qator siyosiy muammolar to’siq bo’lib turibdi.

Xitoy Saudiyaning siyosiy raqibi Eron bilan o’tgan muzokaralarda shahzodaning tashrifi Pekinning Yaqin Sharqdagi pozitsiyasiga hech qanday o’zgartirish yasamasligini aytgan. Xitoy rahbari Si Zinpin Pekinga 20-fevral kuni kelgan Eron parlamenti spikeri Ali Larijaniy bilan suhbatda ikki davlat o’rtasidagi strategik sherikchilik munosabatlari muqim saqlanib qolishini aytgan.

Sunniy musulmonlar yashaydigan Saudiya Arabistoni va aholisining aksariyati shialardan iborat bo’lgan Eron Yaqin Sharq mintaqasida yetakchilik uchun azaldan kurashib keladi.

Pekin uchun AQShning yaqin ittifoqchisi sanalgan Riyod va Vashingtonni keskin qoralab keladigan Eron bilan munosabatlarda muvozanat yaratish muakkab masala.

AQSh bilan savdo urushi davom etayotgan, iqtisodiyotida turg’unlik kuzatilayotgan Pekin uchun bu ikki qudratli musulmon davlatlari bilan qalin munosabat o’rnatish muhim. Shuningdek, Pekin o’zining zamonaviy ipak yo’lini yaratish bo’yicha “Belbog’ va yo’l” dasturini Saudiya ham dastaklashidan manfaatdor.

“Pekinning Riyod bilan munosabatlari hech qachon bir tekisda davom etmagan. Bunga Eron ham ta’sir ko’rsatgan. Pekinning musulmon aholiga o’tkazayotgan bosimi ham aloqalarning zaiflashishiga sabab bo’lishi mumkin”, - deydi Gong-Kong universiteti professori Jan-Pyer Kabestan.

Saudiya Xitoy bilan yaqin munosabat tufayli musulmon dunyosida nufuzi pasayib ketishi mumkinligidan xavotirda. Shuningdek, Pekinning ham o’z xavotirlari bor.

“Xitoy musulmon aholisining vahobiylik oqimi ta’siriga tushib qolishini istamaydi. Bu hamisha ikki davlat o’rtasidagi aloqalarga rahna solib kelgan omillardan bo’lgan”, - deydi Kabestan.

Ana shunday qaltis vaziyatda valiahd shahzoda Xitoyning “Bir kamar, bir yo’l” loyihasidagi muhim davlat hisoblangan Pokistonga 20 milliard dollarlik investitsiya kiritishini ma’lum qildi. Sarmoyaning yarmi Xitoy portiga yaqin Guadar shahrida neftni qayta ishlash majmuasini ishga tushirish uchun sarflanishi rejalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG