Breaking News

Filippinning tarqoq musulmon avtonomiyasi


Avtonomiya uchun kurashgan eng yirik musulmon guruhi “Moro Islom ozodlik fronti” hukumat xavfsizlik xodimlari bilan to'qnashuvda. 29-iyul, 2018

Filippinda yangi tashkil etilgan musulmon avtonomiyasi uchun hukumat tanlagan muvaqqat rahbariyat boshqa qurolli guruhlarni norozi qildi. Bu mintaqada uzoq vaqtdan beri davom etayotgan barqarorlikni izdan chiqarishi mumkin.

Filippin Prezidenti Rodrigo Duterte Moro Islom ozodlik fronti yetakchisini avtonom hududning muvaqqat hukumatiga rahbar etib tayinladi.O'tish davrining bosh vaziri 4,3 million musulmon aholi yashaydigan hudud va undagi ayrim tabiiy resurlarni nazorat qiladi hamda markaziy hukumatdan maxsus moliyaviy yordam oladi.

Muvaqqat hukumat tarkibidagi eng ko’p o’rinlar ham Front yetakchisi mansub bo'lgan harakat vakillariga berildi. Mamlakatning janubiy oroli hisoblangan Mindanaoda musulmon avtonomiyasi uchun kurashgan boshqa 20 dan ortiq guruh vakillari bundan norozi.

1960-yillardan buyon Filippin hukumati va musulmon guruhlar o’rtasidagi to’qnashuvlarda 121 ming kishi halok bo’lgan. Natijada oroldan sayyohlar va sarmoyadorlar qadami uzilgan.

Tahlilchilarga ko’ra, boshqa qurolli guruh vakillariga teng imkoniyat berilmagani ichki nizolarni kuchaytirishi mumkin. Hokimiyat talashgan guruhlar to’qnashuvi yuz berishi ehtimoldan xoli emas. Filippin hukumatining avtonomiya e’lon qilish bilan tinchlikni saqlash rejasi ters natija berishi ham mumkin.

Avtonomiya uchun kurashgan yana bir Moro Milliy ozodlik fronti muvaqqat hukumat organlari uchun ajratilgan 80 o’rindan bor-yo'gi beshtasini egallaganidan shikoyat qilmoqda. Moro Islom ozodlik fronti esa 41 o’rinni band etgan.

“Musulmon guruhlariga xos asosiy muammo shundaki, ular umumiy manfaatlar uchun kurashmaydi. Shunday ekan, boshqaruv organlaridan chetda qolayotganlarning noroziligi kuchayaveradi”, - deydi Filippin universiteti professori Xerman Kraft.

Olimning aytishicha, tomonlarning avtonomiyaga erishish orzusi mutlaqo boshqa mavzu. Masala Filippinda musulmonlar nomidan aynan kim ish yuritishida.

Prezident Duterte muvaqqat hukumat raisi Al Haj Murod Ibrohimni avtonom hududda demokratik tamoyillarga rioya qilishga chaqirdi.

Mindanao orolida Bangsomoro avtonomiyasini tashkil etish 1960-yillardan boshlangan uzoq yillik kurash natijasi. Moro Islom ozodlik fronti 2014-yilda Filippin hukumati bilan tinchlik bitimini tuzishga erishgan.Tomonlar aholini qurolsizlantirish va avtonom hudud tuzishga kelishib olgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG