Breaking News
Din

Faollar: Dinga oid bahslar o'zbek jamiyatini bo'lib qo'ydi


Keskin bahs-munozara "Facebook" tarmog'iga yozilgan bir izoh ortidan boshlandi.

Ijtimoiy tarmoqda diniy mavzudagi izohi ortidan o’lim tahdidiga uchragan o'zbekistonlik Nargiza Rahimova taqdiri o’zbek jamoatchiligi orasida keskin bahslarga sabab bo'ldi. Munozaralar Rahimova O’zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o’rinbosari vazifasiga tayinlanishi ortidan boshlandi.

Tahdidlar kuchaygach, amaldor xavfsizlik kuchlari himoyasiga olingan. Hukumat rasmiylari hozircha bu masalada biror bayonot bergani yo'q.

Rahimova voqea yuzasidan kechirim so’rab videomurojaat bilan chiqdi. Bu mojaroni kuzatganlar o’zbek jamiyati qutblarga ajrab borayotganidan xavotir bildirmoqda.

Din va o'zbek jamiyati
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:11:10 0:00
Yuklab oling

Shvetsiyada yashayotgan jurnalist Qudrat Bobojon Nargiza Rahimovaning fikr va so’z erkinligi huquqiga egaligini yoqlayotgan faollardan biri.

Islomdagi ko’p xotinlik yuzasidan ijtimoiy tarmoqda kechayotgan munozaraga qo‘shilgan Nargiza Rahimovaga yog’ilgan haqorat, tahdidlar qamrovi bir tomonga, so’z, fikr erkinligiga doir chiqishlar boshqa tomonga qo’yilsa, o’zbek jamiyati qutblarga ajrab borayotgani ko’rinadi, deydi u.

Qudrat Bobojon fikricha, Rahimovaning qo’shxotinlikka oid fikri jamoatchilikka Islom payg’ambarini qasddan haqoratlash sifatida taqdim etildi, tarmoqda nafrat, haqorat, tahdidga nishon qolgan Rahimova uzr so’rashga mahkum etildi.

“Insonning fikr erkinligi to’silmoqda. Biz hozirgacha jurnalistlar sifatida erkin fikr bo’g’ilishiga, senzuraga qarshi chiqib kelayotgan edik. Hozir esa ijtimoiy tarmoqni larzaga keltirgan kichik bir izoh haqida gap ketmoqda. Buning ustiga Hayotxon degan qandaydir feyk akkuant tomonidan qo’sh xotinlik haqida bildirilgan haqoratli fikrlarga nisbatan javob, ya’ni u yerda qo’shxotinlikka qarshi shallaqi ayollar, shu kabi boshqa haqoratlar haqida gap ketmoqda. Ammo bu tomon qolib ketyapti, barcha haqoratlar aniq shaxsga, ayolning o’ziga qaratildi. Vaholanki, Rahimova aynan shallaqi va shu kabi boshqa haqoratlardan kelib chiqib ilmoqli javob qilgan edi. Voqealar esa boshqa tomonga qarab rivojlantirildi, butun O’zbekiston muammolari yoddan chiqib hamma ayol kishiga yopishdi. O’sha diniy jamoa deymizmi yoki oddiy trollarmi, xullas axloqsiz kishilar bu ayolni badnom qilishni, tarmoqda sazoyi qilishni boshlashdi. Keyin u kechirim so’rab chiqishga majbur bo’ldi. Bu o’lim tahdidi, haqoratlar, sazoyi va boshqa tajovuzlar bilan davom etdi. Albatta, jamoatchilikdagi liberal qism bu narsani qoralab ham chiqdi”, - deydi Qudrat Bobojon.

Rahimova 7-mart kuni O’zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o’rinbosari vazifasiga tayinlangan edi. Prezident ma’muriyati huzuridagi agentlikning PR markaziga mas’ul qilingan Rahimovaning asosiy vazifasi O’zbekistonning xorijdagi imijini yaxshilashdan iborat.

Uning izohi lavozimga tayinlanishidan avval, Facebook tarmog’ida qo’shxotinlik mavzusida kechgan bahs-munozaralar doirasida bildirilgan. Rahimova lavozimga tayinlanishi ortidan izoh noma’lum foydalanuvchi tomonidan qayta muhokamaga taqdim etiladi. O’lim tahdidi, ayolni sazoyi qilish, boshqa turli haqoratlar yog’ilgan noroziliklar aynan shundan so’ng boshlanadi.

Rahimova Facebookdagi munozarada Hayot Baxtiyor o’g’lining “Bitta xotinni eplay olmaydigan latta erkaklar va erinining ustiga eshak qilib minib olgan shallaqi xotinlar qo’shxotinlikka qarshi chiqadi faqat”, degan izohiga, “Payg’ambarimiz Xadicha onamiz tirikliklarida ustiga xotin olmaganlar. Bilmadim, balki o’sha paytda so’takroq bo’lgandirlar. Balkim Xadicha onamiz shallaqi ayol bo’lgandirlar, bunisini siz yaxshiroq bilasiz. Hazrati Ali ham Fotima onamizning ustiga xotin olmaganlar. Bu juda kulili hol, albatta” degan kinoyali javob qoldiradi.

Nargiza Rahimovaning bu izohi tahdidlar, haqoratlar, tajovuz nishoniga aylandi. Uni ishdan haydash, musulmonlarning diniy qadriyatlarini haqoratlashda ayblab, jazolash talab qilinmoqda.

Rahimovani jinoiy javobgarlikka tortishni talab qilayotganlardan biri diniy bosimlar bois O’zbekistonni tark etgan sobiq imom Fazliddin Parpiyev.

“Bu menga oddiy musulmon sifatida, keyin esa kamsitilgan shaxs sifatida daxl qiladi. Bu narsaga odatda sharoit nuqtai nazaridan baho beriladi. Shuning uchun ham ko’pchilikning fikri aynan shundan kelib chiqdi. Lekin biz qonun ostida, konstitutsiya bo’yicha yashaymiz. Shundan kelib chiqsak, odamlar hech bo’lmaganda shu konstitutsiya miqyosida chora ko’rilsin, deb chiqishmoqda. Albatta, qattiqroq jazoni talab qilayotgan chaqiriqlar ham bor, lekin bu chaqiriqlar baribir javobsiz qolaveradi, qonuniy tomondan yondashsak, biror natijaga erishishimiz mumkin. Oliy jazo talab qilayotgan musulmonlarni chaqiriqlarini imkonsiz hisoblayman. Ayniqsa, hukumat amaldori bu gaplarni aytayotgani musulmonlarni xavotirga qo’ydi, bu narsa shunday qolishi kerak emas”, - deydi Fazliddin Parpiyev.

Juarnalist Qudrat Bobojonga ko’ra, diniy jamoatchilik fikr erkinligi kafolatlangan dunyoviy jamiyatda yashayotganligini bilishi kerak.

“Hozir o’zbek jamiyati depsinishda, qandaydir erkinliklar berildi. Bu depsinish bir tomondan haddan oshishga olib borayotganini ham kuzatish mumkin. Ya’ni so’z erkinligi, e’tiqod erkinligi, turli dinlardagi shaxslar bo’lishi mumkin, ularning qadriyatlari hurmat qilinishi kerak. Ya’ni bir din egalari o’z qarashlarini boshqalarnikidan ustun qo’ymasligi kerak. O’zbekistonda boshqaruv demokratik usulda ekan, demokratiya hech qachon bitta shaxs, mafkura ustunligi asosida qurilmaydi. Odamlar turli fikrga ega bo'lishi mumkin, bu fikr hurmat qilinishi kerak. Fikr uchun odamni sazoyi qilish, o’ldirish bu kurakda turmaydigan harakatlar. Ehtimol islomiy davlat bo’lganida bunday harakatga jazo talab qilish mumkin edi, lekin O’zbekiston demokratik davlat, fuqarolik jamiyatini qurish yo’lidan bormoqda. Aksincha, bunday chaqiriqlar yana taraqqiyotning to’xtashidan darak beradi”, - deydi u.

Sobiq imom Parpiyevga ko’ra, ayni paytda bir nechta faollar O’zbekiston konstitutsiyasida belgilangan moddalarga muvofiq Rahimova jazolanishini talab qilib prezident qabulxonasiga murojaat qilishgan.

“Hozir bir nechta kishi virtual qabulxonaga shunday shikoyat bilan murojaat qilishgan. O’zbekiston konstitutsiyasida insonlarning diniy tuyg’ulari bilan o’ynashish, haqoratlash mumkin emasligi belgilangan. Bunga jazo tayin, ayniqsa, jamoa haqoratlansa, jazo yana ham qattiqroq bo’ladi. Bundan tashqari, Nargizaning izohini qo’llab yozayotganlar ham bor, ular ham ha u to’g’ri qildi, o’zi shunaqa edi, deb aytishmoqda. Hozir bu narsaga ko’z yumilsa, ertaga boshqa Nargizalar chiqadi, shuning uchun musulmonlar bu narsaga qattiq turishni o’zlarining vazifalari deb bilishadi”, - deydi imom.

Nargiza Rahimovaning o’zi jamoatchilikka so’nggi bor “Azon.uz” nashri orqali uzatilgan video murojaatda ko’ringan. U bu murojaatda tushunmovchiliklar keltirib chiqargan izohi uchun musulmonlardan uzr so’raydi, ichidagi niyati Ollohning o’ziga ayonligini aytadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG