Breaking News

AQSh Xitoy repressiyasini qoralashda davom etadi


"Qayta tarbiyalanish" lageri devoriga o'rnatilgan nazorat kameralari. Shinjon avtonom hududi, 4-sentabr, 2018

Xitoy hukumati uyg’ur va boshqa musulmonlarning “qayta tarbiyalanish” lagerlarida ushlab turilishini terrorizmga qarshi kurash chorasi deb izohlaydi. AQSh rasmiysi Pekinning izohlarini inkor etib, bunday siyosat og’ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi. AQSh BMTning Inson huquqlari bo’yicha kengashi doirasida maxsus tadbir tashkil etib, Shinjon musulmonlarining hozirgi holati yuzasidan bayonot berdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bir milliondan ziyod uyg’ur va boshqa musulmonlarni Shinjon viloyatidagi “qayta tarbiyalash” lagerlarida hibsda saqlayotganini qoraladi. Inson huquqlari faollariga ko’ra, mahbuslar qiynoqqa solinmoqda. Lagerda kommunistik mafkura asosidagi targ’ibot-tashviqot mashg’ulotlari o’tkazilmoqda.

Adrian Zenz Xitoyning etnik siyosati bo’yicha mustaqil tadqiqotchi. Unga ko’ra, Xitoy ozchilikni tashkil etuvchi etnik musulmonlarni hibsga olib, oilalarni bir-biridan ayirmoqda. Ularning farzandlari davlat bolalar uylarida saqlanib, kuchli mafkuraviy nazorat o’rnatilgan.

“Umuman olganda, Xitoy hukumati turli etnik va diniy guruhlarning erkinligi va e’tiqodini poymol qilmoqda. Bu madaniy genotsiddan boshqa narsa emas. Vaziyatga aynan shunday baho berilishi kerak”, - deydi Zenz.

Xitoy hukumati ayblovlarni inkor etadi. Pekin uyg’ur va boshqa musulmonlarning radikallashuviga qarshi tashkil etilgan dasturni terrorizm va ekstremizmning oldini olish tadbiri ekanini iddao qiladi.

AQSh diplomati Kelli Karriga ko’ra, diniy e’tiqodga terrorizm tamg’asi bilan zulm qilishni va etnik guruhlar o’zligini yo’q qilishga urinishni oqlaydigan asos yo’q. Bu har qanday qonun normalariga zid. Uning aytishicha, bunday pozitsiya Xitoyning ekstremizmga qarshi kurash bo’yicha belgilangan maqsadiga mutlaqo to’g’ri kelmaydi.

“Etnik va diniy ozchilikni tashkil etuvchi qatlamga nisbatan ommaviy repressiya qo’llash jamiyatning g’azabiga sabab bo’ladi. Bu mamlakatdagi barqarorlikni izdan chiqaradi”, - deydi diplomat.

Karrining ma’lum qilishicha, AQSh musulmon davlatlarni Xitoy repressiyasiga qarshi kurashga chaqirmoqda. Unga ko’ra, Islom hamkorlik tashkilotidan hanuz javob bo’lmagani Vashingtonni ranjitgan.

Diplomatga ko’ra, Turkiyaning Xitoyni “qayta tarbiyalash” lagerlarini yopishga chaqirganini AQSh qo’llab-quvvatlaydi. Afsuski, Xitoy Turkiyaga zudlik bilan ters javob qaytardi, deydi u.

Pekin Anqarani “asossiz aybladi” deb hisoblab, raddiya e’lon qilishini talab qildi. Ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlarda tanglik hukmron. Tahlilchilarga ko’ra, joriy vaziyat mamlakatlarning siyosiy va iqtisodiy sherikchiligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG