Breaking News

Suriyadan qaytayotgan afg'onlar yangi tahdid manbai bo'lishi mumkin


Suriya janglarida ishtirok etgan afg'onlar Eron orqali o'z vataniga qaytmoqda, Afg'oniston, 20-fevral, 2019-yil.

Suriyada sakkiz yillik urush yakuniga yetib bormoqda. Suriya hukumati tarafida jang qilgan xorijiy guruhlar o’z vataniga qaytmoqda. Ular orasida Eron orqali kirib, Prezident Bashar al-Assad rejimi uchun kurashgan afg’on qochqinlari ham bor.

Eron 2011-yildan boshlab minglab hujjatsiz shia afg’onlarni Livanning “Hizbulloh” guruhi va Eron inqilob gvardiyasi kuchlari safida jang qilish uchun Suriyaga safarbar qilgan.

Fatimiyun brigadasi tarkibida jangga kirgan afg’onlar Assad rejimini himoya qilgan ikkinchi yirik guruh sanaladi. Suriyada urush avjiga chiqqan davrda OAV vakillari afg’on jangchilarining sonini 10-12 ming atrofida ekanini ma’lum qilgan edi.

Suriya urushida ishtirok etgan afg’on jangchilari ichida Fatimiyun brigadasiga qarashli qismni boshqargan 22 yoshli Hamid ham bor. Ish izlab Eronga borganida u 17 yoshda edi.

“Olti oy ishlaganimdan keyin Eron hukumati menga ikki tanlov imkoniyatini berdi: yo Afg’onistonga qaytasan, yo Suriyada jang qilasan, deyishdi. Men Fatimiyun brigadasida kurashishga qaror qildim. Qarzlarimni uzish uchun pul kerak edi”, - deydi Hamid.

Eron afg’on migrantlariga fuqarolik va oila a’zolariga zarur shart-sharoitlar va’da qilib, Suriya urushiga yollagan edi. Ayni damda Eronda uch millionga yaqin afg’on yashaydi. Ularning aksariyati asosiy huquqlardan mahrum, mamlakatda hech qanday rasmiy maqomga ega emas.

“Menga Suriyadan qaytgach, Eron fuqaroligi, 1000 dollar oylik maosh, turar-joy va avtomashinaga egalik qilish huquqi va’da qilingan edi. Biroq bularning hammasi yolg’on bo’lib chiqdi. Eronda besh yillik yashash huquqini berishdi, xolos. Turar-joy va mashinani qo’ya turaylik, sariq chaqa ham pul to’lashgani yo’q”, - deydi Hamid.

Hamid afg’on qochqinlari bilan birga Suriyaga jo’natilishidan avval Eronning Yazd shahri yaqinidagi tog’li hududda 2015-yilda bir oylik harbiy tayyorgarlikdan o’tgan. Mashg’ulotlarda Hamid 140 kishilik qismga yetakchi qilib tayinlangan. U Suriyada "al-Qoida"ga tegishli al-Nusra frontiga qarshi jang qilgan.

“Oradan olti oy o’tib yaralandim va Eronga qaytdim. Uch oylik muolajadan natija bo’lmadi. Afg’onistonga qaytishga majbur bo’ldim. Otam hosildor dalasini sotib, meni Hindistonga davolanishga yubordi”, - deydi Hamid.

Suriyadan qancha afg’on o’z vataniga qaytgani noma’lum. Ayrim manbalar minglab afg’on yigitlari ortga qaytganini ta’kidlaydi.

Tahlilchilarga ko’ra, Eron afg’on qochqinlaridan arzon askar kuchi sifatida foydalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG