Breaking News

Ulugʻbek Haydarov: O'zbekiston matbuoti hanuz erkin emas


Kanadada istiqomat qiluvchi o'zbekistonlik jurnalist Ulug'bek Haydarov

Kanadaning Vankuver shahrida istiqomat qilayotgan o'zbekistonlik jurnalist Ulugʻbek Haydarovning "Amerika Ovozi" uchun bergan intervyusida aytishicha, Oʻzbekistonda hali ham ommaviy axborot vositalarida erkinlik yoʻq.

Jurnalistga koʻra, mamlakat ichkarisidagi aksar odamlar internet nashrlaridagi erkinlikni, ularda koʻtarilayotgan mavzularni bilmaydi, chunki aholi asosiy maʼlumotni telekanallar va bosma matbuot orqali oladi.

“Internet jiddiy cheklangan. Hukumat internetning erkin boʻlishidan manfaatdor emas. Sababi, agar erkinlik berilsa, blogerlar, erkin jurnalistlar bu erkinlik yordamida bugun oʻzini yangi hokimiyat, yangi jamiyat quruvchilari deb koʻrsatayotgan mulozimlar kecha Islom Karimovga xizmat qilganini oshkor qilib yuborishidan qoʻrqadi. Yaʼni, ular oʻzining oʻtmishi oshkor boʻlib ketishidan qoʻrqadi. Aynan mana shu sabab ham bugungi hukumat hech qachon internetni erkin qilmaydi, internet Oʻzbekistonning har bir fuqarosi erkin foydalana oladigan vositaga aylanishiga izn bermaydi. Qoʻrqadi”, - deydi Ulugʻbek Haydarov.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan so'ng Oʻzbekiston matbuotida jonlanish kuzatildi. Televideniye va bosma matbuotda ayrim dadil chiqishlar kuzatildi. Xususan, televideniyeda bir qator jonli tok-shoular paydo boʻldi va ularda oddiy tomoshabin bilan ayrim vazirliklar va hokimiyat vakillari oʻrtasida muloqot uyushtirildi, bahs va tortishuvlar kuzatildi.

Ammo bu tok-shoularning umri qisqa boʻldi, deydi Ulug'bek Haydarov. Uning aytishicha, tok-shoulardagi ayrim chiqishlar mamlakat rahbariyatini sergaklantirgani bois dastlab ularning toʻgʻridan-toʻgʻri efirga chiqishi bekor qilindi, keyin esa jiddiy muhokamalar cheklandi.

“Odamlarni soʻz erkinligidan "asrab-avaylash" - bu albatta qoʻshtirnoq ichida - amaliyoti tiklandi, yaʼni hukumat yana oʻsha eski “gʻamxoʻrligini” tikladi. Hozir Oʻzbekiston telekanallarida, mana men ularni muntazam kuzatib boraman, birorta ham toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatiluvchi koʻrsatuv yoki jonli muloqotga, tortishuvga toʻla tok-shou yoʻq. Oʻzbekiston hukumatidagi ayrim guruhlar, oʻsha “telefonnoye pravo” deyiladimi (telefon qilib koʻrsatuvni toʻxtatib qo'yish amaliyoti nazarda tutilyapti – AO), shuning taʼsiri bilan koʻp koʻrsatuvlar toʻxtatildi. Ular odamlarni “uygʻotib” qoʻyishdan choʻchidi, shekilli, har qalay televideniyedan erkin soʻz yoʻqotildi”, - deydi Ulugʻbek Haydarov.

Suhbatdoshimizning kuzatuvlariga koʻra, bugun Oʻzbekiston OAVlari yana rasmiy hisobotlar tarzidagi chiqishlarga urgʻu bermoqda. Ularda mamlakatdagi bugun yaqqol koʻzga tashlanayotgan, odamlar uchun dolzarb boʻlgan muammolarga, oʻzbekistonliklarning ovoziga oʻrin yoʻq, deydi u.

Uning fikricha, yana yaqin oʻtmishdagi kabi quruq hisobotlar, odamni zeriktirib yuboruvchi hisobotnamo lavhalar, yigʻilishlar, odamlarning nimalarnidir qoralab oʻtirgan amaldorlar tasvirlari kabi oʻta absurd lavhalar egallagan televideniyeni. Mamlakat jurnalistlari oʻzlarida jurʼat, mana shu toqat qilib boʻlmas darajadagi tuturuqsiz sharoitga eʼtiroz topa olmagunlaricha, vaziyat oʻzgarmaydi, deydi jurnalist.

“Ichkaridagi jurnalistlar bugun biroz jasoratliroq boʻlishlari kerak, ichkaridagi jurnalistlar bugun biroz tillari uzunroq boʻlishlari kerak. Chunki Shavkat Mirziyoyev prezident boʻlganidan beri, soʻz erkinligi, matbuot erkinligi, Oʻzbekistondagi bugungi islohotlar haqida tinmay gapirib kelyaptimi, demak Oʻzbekiston ichidagi jurnalistlar bugun haqiqatni aytishdan qoʻrqmasliklari kerak edi. Afsuski, bugun koʻryapmizki, ichkaridagi jurnalistlarda mutlaq qoʻrquv sindromi hali ham saqlanib qolgan. Hali ham Islom Karimov paytidan qolgan sezura, ichki senzura deymizmi, tashqimi farqi yoʻq, hali ham bor. Senzura bu qoʻrquv. Qoʻrquv hali ham bor ekan, demak oʻzgarishlar, tub islohotlar haqida gapirishga hali erta”, - deydi jurnalist.

Suhbatdoshimiz internet saytlaridagi dadillikni, onlayn nashrlarda erkinlik paydo bo'la boshlaganini e'tirof etadi, ammo bu keng ommaga yetib bormayotganidan, bosma matbuot va televideniyeda bu narsa kuzatilmayotganidan shikoyat qiladi.

Jurnalist Ulug`bek Haydarov O'zbekistonda Jizzax shahar televideniyesida muxbir va yangiliklar bo`limi muharriri, “Kamola-TV” xususiy telekanalida bosh muharrir, keyinroq esa Britaniyaning Urush va tinchlikni yoritib borish (IWPR) instituti nashrida muxbir sifatida faoliyat yuritgan. 2004-yili “Ezgulik” inson huquqlari tashkilotining Jizzax viloyati bo`limida matbuot kotibi bo'ldi, 2005-yilning yanvar oyida esa tashkilotning Jizzax shahar bo`limi boshlig`i etib saylandi.

2006-yilning 14-sentabrida Ulug'bek Haydarov jurnalistlik faoliyati tufayli tazyiqlarga uchrab, hibsga olindi va 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi, ammo 8 oydan so`ng o`sha paytda o`tkazilayotgan O`zbekiston-Yevropa Ittifoqi muzokaralari arafasida ozodlikka chiqarildi. Keyinroq turli bosim va ta`qiblardan qochib, mamlakatni tark etishga majbur bo`ldi. Hozirda Kanadaning Vankuver shahrida istiqomat qiladi.

Quyida jurnalist Ulugʻbek Haydarov bilan oʻtkazilgan suhbatni toʻliq tomosha qilishingiz mumkin.

O'zbekistonda matbuot qay darajada erkin?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:19:34 0:00

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG