Breaking News

Afg'onistondagi havo zarbasida hukumat askarlari halok bo'ldi


Havodan zarba berilgan Hilmand viloyati poytaxti Lashkargoh
Havodan zarba berilgan Hilmand viloyati poytaxti Lashkargoh

Afg’onistonning Tolibon bilan to’qnashuvlar kechayotgan Hilmand viloyatida xorijiy kuchlar tomonidan amalga oshirilgan havo hujumi xatosi mahalliy harbiylarning o’limiga sabab bo’ldi. Hukumat kuchlarining 17 vakili halok bo’lgan, 14 kishi yaralangan.

Shaxsini ma’lum qilmaslikni so’ragan mahalliy xavfsizlik xizmati rasmiylaridan biri “Amerika Ovozi” bilan suhbatda voqea viloyat poytaxti Lashkargohda bo’lganini tasdiqladi. Havo zarbasi politsiya Tolibon jangarilariga qarshi jangga kirgan jarayonda berilgan, deydi u.

Hilmand viloyati kengashi rahbari Otaulloh Afg’onning bildirishicha, halok bo’lganlar orasida politsiya batalyoni qo’mondoni ham bor.

Afg’oniston Ichki ishlar vazirligi avvalroq bayonot berib, 8 politsiyachi halok bo’lib, 11 nafar xodim yaralanganini ma’lum qilgan edi. Bayonotda o’limlarga havo zarbasi yoki isyonchilar bilan otishma sabab bo’lgani o’rganilayotgani qayd etilgan.

Vazirlikning bildirishicha, Afg’oniston kuchlari Tolibonning yirik hujumiga qarshi hamkorlikda jang qilish uchun AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaga murojaat qilgan. Bayonotda Tolibon safida ham jiddiy yo’qotishlar bo’lgani ta’kidlangan. Harbiy koalitsiya “Amerika Ovozi”ning voqealarga izoh berishni so’rab qilgan murojaatiga javob qaytarganicha yo’q.

Tolibon vakili Qori Yusuf Ahmadiyning ma’lum qilishicha, Lashkargohdagi politsiya binosiga hujum uyushtirilgan paytda obyekt avia zarba nishoniga aylangan. Xavfsizlik xizmatining 35 vakili halok bo’lgan. Ulardan to’rt nafari politsiya qo’mondonlari bo’lgan.

Odatda, isyonchilar bayonotida faktlar oshirib ko’rsatiladi.

Afg’onistonning eng yirik Hilmand viloyatining aksariyat tumanlari Tolibon ixtiyorida. AQSh kuchlari mahalliy harbiylarni qo’llab-quvvatlash maqsadida hududda muntazam ravishda havo hujumlarini o’tkazib keladi.

Ma’lumotlarga ko’ra, Tolibon o’tgan hafta mobaynida uyushtirilgan hujumlarda 90 ga yaqin hukumat tarafidagi kuchlar vakillari va o’nlab tinch aholini o’ldirgan. Shuningdek, Zabul viloyatining Shamulzay tumanini ishg’ol qilishga muvaffaq bo’lgan.

AQSh Tolibon bilan to’g’ridan-to’g’ri muzokaralarni boshlab, urushga barham berish va Afg’oniston hukumati bilan tinchlik muzokaralarida ishtirok etishga undamoqda. Biroq Vashington uzoq yillik urushga yakun yasash borasida sezilarli siljish bo’lgani haqida hozircha hech qanday bayonot bera olmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG