Breaking News

Bahrayn konferensiyasi Yaqin Sharqda tinchlik o'rnatmoqchi


Isroil kuchlariga Falastin bayrog'i bilan qarshi chiqqan ayol, Isroil-G'azo chegarasi, 2019-yil, 15-may.

Iyun oyida Bahraynda o’tishi rejalangan AQSh boshchiligidagi konferensiya Isroil-Falastin nizolariga diplomatik yechim topishga qaratilgan. Vashingtonga ko’ra, tinchlik sulhini tuzish Falastinga iqitisodiy barqarorlik olib keladi. Falastin Bosh vaziri Muhammad Shtayyeh 20-may kuni bayonot berib, konferensiya maqsadlari shubhali ekanini ta’kidladi.

Vazirlar mahkamasi majlisida nutq so’zlar ekan, Shtayyeh Isroil bilan siyosiy bitim tuzish lozimligiga to’xtaldi. Jumladan, muzokaralar uzoq yillik muammolar va chegara masalasiga qaratilishi muhim, dedi u. Biroq bu masalalar Manamada o’tadigan iqtisodiy konferensiya kun tartibiga kiritilmagan.

Bosh vazirga ko’ra, Falastin boshiga tushgan iqtisodiy inqiroz mamlakatga qarshi uyushtirilgan “moliyaviy urush” natijasidir. Falastin bunday tovlamachilikka ishonib, o’z haq-huquqlarini pulga sotmaydi, dedi Shtayyeh​.

Oq uy qisqa fursatlarda Yaqin Sharq tinchlik rejasini e’lon qilishini bildirgan.

Tramp ma'muriyatiga ko’ra, tinchlik rejasi G’azo sektori iqtisodiga yirik sarmoya kiritishni nazarda tutadi. Biroq sarmoya Falastin tomonidan janglarga batamom barham berishni va barqaror tinchlikni ta’minlashni talab qiladi.

“Jahon hamjamiyati ana shu maqsadni dastaklashga bel bog’lagan. Biroq bu tashabbus amalga oshishi uchun ayrim siyosiy muammolar hal qilinishi lozim. Qars ikki qo’ldan chiqadi. Yaqin Sharqni barqaror kelajak kutmoqda. Ana shu murakkab muammolar ustida ishlashimiz kerak”, - dedi AQSh Moliya vaziri Stiven Mnuchin.

Konferensiyada hukumatlar, fuqarolik jamiyatlari va biznes liderlari tinchlik sulhi evaziga mintaqaga sarmoya kiritish istiqbollarini muhokama qilishi kutilmoqda.

“Bunday taklif falastinliklarga mamlakatning to’liq salohiyatidan unumli foydalanish imkoniyatini beradi”, - deyiladi moliya vaziri bayonotida.

Bahrayn Moliya vaziri Shayx Salmon bin Xalifa al-Xalifaning ta’kidlashicha, konferensiya “mintaqaga kuchli va umumiy manfaatlarga xizmat qiladigan barqaror iqtisodiy imkoniyatlarni yaratishda AQShning har ikki davlat bilan yaqindan hamkorlik qilishini nazarda tutadi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG