Breaking News

Islohotlardan hafsalasi pir bo'lgan jurnalist O'zbekistonni tark etdi


Qiynoqlar bo'yicha jurnalistning shikoyatiga kelgan javob xati

Tanqidiy chiqishlari uchun Karimov davrida xavfsizlik xizmati yerto’lasida kaltaklangan, davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov tomonidan haqoratlangan jurnalist Ro’ziboy Azimiy islohotlar davrida siyosiy muxolifatdagi faoliyati uchun yana tazyiq ostida qolganini aytmoqda. Ayni paytda tahdidlar bois O’zbekistonni tark etgan jurnalist o’zgarishlarga nisbatan ishonch yo’qolganini, mamlakatdagi tuzum eski tamoyillarga muvofiq ishlashda davom etayotganini ta’kidlaydi.

O'zbekistonni tark etgan jurnalist hikoyasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:53 0:00

Ro’ziboy Azimiy mamlakatdagi turg’unlik davrida mahalliy matbuotda tanqidiy chiqishlar qilgan; buning uchun tazyiq, qiynoq ostida qolgan ijodkorlardan biri.

O’zbekistonda hokimiyat o’zgarishini olqish bilan kutib olgan jurnalist o’z faoliyatini siyosiy muxolafatda davom ettirishga qaror qiladi. Ammo bu qaror ortidan unga nisbatan tazyiqlar qayta tiklangan, u mamlakatni tark etishga, boshpana so’rab BMTga murojaat qilishga majbur bo’lgan.

Azimiyning “Amerika ovozi”ga aytishicha, unga nisbatan tahdidlar 2000-yillardan davom etib kelmoqda. Tazyiq O'zbekistonga qo’shni Chimkent shahrida tug’ilgan jurnalistning Qozog’istondagi o’zbek maktablariga mo’ljallangan darsliklarga muharrirlik qilishidan boshlangan.

Bu darslikka muxolafatdagi shoirlar Muhammad Solih va Rauf Parfi she’rlarining kiritilishi O'zbekistonning o’sha paytdagi Milliy xavfsizlik xizmatida (MXX) norozilik uyg’otgan. U MXX tomonidan bir necha bor tahdidga uchragan, undan pora ham talab qilishgan.

Shunday uchrashuvlardan biri jurnalistning DXXga qarashli Yunusoboddagi yerto’lada bir muddat hibsda saqlanishi, ayovsiz kaltaklanishi bilan yakunlangan.

“Almatidagi “Mekteb” nashriyotida ishlagan paytimda (2004-2005-yillar) o’zbek maktablariga mo’ljallangan darsliklarga muharrirlik qildim. Darslik muallifi Baxtiyor Isabek o’zbek tili darsligida Muhammad Solih va Rauf Parfi she’rlaridan foydalangan. Men Muhammad Solihning xalq dushmani sifatida qoralanayotganidan xabarim bor edi, lekin Rauf Parfi taqiq ostidaligini bilmasdim. Men muharrir edim, o’zgartirish vakolatim yo’q. Qanday bo’lsa, shunday nashrdan chiqdi. O’zbekistonga qaytishimdan uch kun o’tishidan so’ng MXX chaqirdi. Meni “Erk”ka aloqadorlikda ayblay boshlashdi. Almatida qancha haq olishimni aytganimdan so’ng, mendan pora ham talab qilishdi. Xullas, shunday uchrashuvlardan birida ular meni tuhmat qilishda ayblab Gvardeyskiydagi izolyatorga olib borishdi, militsiyaga topshirib ketishdi. U yerda esa meni hech narsa so’ramasdan kechga tomon ayovsiz kaltaklashdi, oyoqlarimga qaynoq suv bostirishdi, tunda Oqtepadagi qabriston yaqiniga tashlab ketishdi”, - deb hikoya qiladi Azimiy.

O’zbekistonda fuqaroligi yo’q shaxslarga beriladigan maxsus guvohnoma bilan yashab kelayotgan Ro’ziboy Azimiy tahdidlar ortidan Qozog’istondagi faoliyatini yig’ishtirib, Toshkentda jurnalistika bilan shug’ullana boshladi. Fuqarolik pasporti olish uchun murojaat topshiradi, ammo “Sharq ziyosi” gazetasida bosilgan tanqidiy chiqishi, mamlakatdagi norasmiy valyuta bozorlariga doir maqolasi ortidan yana keskin bosim ostida qoladi.

Tanqidiy maqolasi sabab ishdan haydalgan jurnalist bunga nisbatan norozilik bildirmoqchi bo’ladi, ammo jurnalistni militsiya olib ketadi. Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasida u yana ayovsiz kaltaklanadi.

“Bu maqoladan so’ng men va bosh muharrirni “Sharq” nashriyoti direktori Omonulla Yunusov xonasiga chaqirdi. Nega bunaqa maqola yozasan, qayerda yashayapsan, deb menga baqirib ketdi. Unga Xayriddin Sultonov telefon qilib hayfsan bergan ekan, O’zbekistonda qora bozor yo’q, deb. Keyin meni chiqarib yubordi. Birozdan keyin bosh muharrir kelib ariza yozar ekansan o’z ixtiyoring bilan, deb aytdi. Men direktorning xonasiga yana kirdim, janjallashib ketdik. Ertasiga yana nashriyotga keldim, Omonulla Yunusovni kutib turdim, lekin u meni ko’rishi bilan mashinadan tushmay jo’nab ketdi. Biroz o’tib esa ikki militsioner kelib, meni ichki ishlar boshqarmasiga olib ketishdi, u yerda ham MXX yerto’lasida qanday urishgan bo’lsa, shu holat takrorlandi, ayovsiz urishdi. Ko’rish, eshitish qobiliyatim yomonlashib qoldi”, - deb hikoya qiladi Azimiy.

Jurnalistga ko’ra, tahririyatga ko’rsatilgan bosim ortida o’sha paytdagi davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov turgan. Jurnalist keyinchalik davlat maslahatchisi qabuliga ham kiradi; haqoratlarga bevosita guvoh bo’ladi.

“2014-yilda Xayriddin Sultonov meni Karimov nomiga yozgan arizalarim bo’yicha chaqirdi. Men MXX pora talab qilgani, tazyiq o’tkazgani, fuqarolik ololmayotganim haqida yozgan edim. U menga shikoyatlaringiz tasdiqlanmadi, hammasi yolg’on dedi. Men unga kaltak, qiynoq izlari qolgan oyog’imni ko’rsatishga harakat qildim, uning jahli chiqib ketdi. So’kib xonasidan haydab chiqardi, seni provokatsion maqolalaringni bilaman, senga o’xshagan xoinlarga fuqarolik bermay, to’g’ri qilishadi, o’zim buni nazorat qilaman, deb aytdi”, - deya eslaydi Azimiy.

Karimov davridagi tazyiqlarni boshdan o’tkazgan Ro’ziboy Azimiy mamlakatda hokimiyat almashishini umid bilan kutib olganini aytadi.

O’zgarishlarga ishongan jurnalist siyosiy muxolifat tarkibidagi faoliyatini kuchaytiradi, xorijda joylashgan “Birdamlik” harakati nashri uchun maqolalar yozadi. Tazyiqlar esa bu harakat qurultoyini o’tkazishga bo’lgan urinishdan so’ng kuchayadi.

“Chimkentdagi qurultoyni o’tkazish uchun to’rt kishi bora oldik, shunda ham bizni O’zbekistonga deportatsiya qilishdi. Ertasi kuni Toshkentdagi uyimga mahalla qo’mitasi raisi bilan uchastkovoy keldi, ichki ishlar boshqarmasi olib borishdi, u yerda so’roq qilishdi. 2018-yilning dekabr oyida onam kasalligi uchun Qozog’istonga bormoqchi edim, ammo o’tkazishmadi, menga aytishlaricha, chiqishimga taqiq qo’yilgan ekan. Shundan so’ng men mamlakatni tark etishga qaror qildim”, - deydi Azimiy.

Ro’ziboy Azimiy o’ziga ko’rsatilgan qiynoq, tahdidlar yuzasidan prezident qabulxonasiga, mamlakatdagi bir qator tegishli idoralarga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan, ammo uning qiynoq va tahdidlar haqidagi shikoyatlari asossiz deb topilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati mulozimi R.Tursunov imzosi bilan jurnalistga jo‘natilgan javob xatida Azimiyning tegrov izolyatorida DXX xodimlari tomonidan qiynoqqa tutilgani va tahdidga uchraganiga doir shikoyati o’z tasdig‘ini topmagani aytiladi.

Ayni paytda qochqinlik boshpanasi so’rab G’arb davlatlaridan biriga murojaat qilgan jurnalist o’ziga ko’rsatilgan qiynoqlar yuzasidan tibbiy ekspertiza xulosalarini ham kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG