Breaking News

BMT elchilari Xitoyga e'tirozda


Uyg'ur va boshqa musulmonlar saqlanayotgan qayta tarbiyalash markazlaridan biri. Shinjon avtonom hududi, 4-sentabr, 2018.

BMTning 22 nafar elchisi Xitoyning uyg’ur va boshqa musulmon aholiga qo’llayotgan tazyiqiga doir e’tiroz maktubiga imzo chekdi.

Diplomatlar, asosan, Yevropa mamlakatlaridan. Shuningdek, Avstraliya, Yaponiya, Kanada va Yangi Zelandiya vakillari ham bor. Maktub BMTning Jenevadagi Inson huquqlari kengashiga yo’llangan.

Maktubni AQSh hali imzolamagan.

Arz va tanqidlar “uyg’urlar va ozchilikni tashkil etuvchi Shinjon musulmonlarini asossiz hibsga olish, uzluksiz ta’qib va cheklovlar” bilan bog’liq.

Pekin barcha shikoyatlarni inkor etib, hukumat ekstremizm va terrorizm tahdidiga qarshi qayta tarbiyalash lagerlarini joriy etganini iddao qilib keladi.

Xitoy siyosati bo’yicha norozi elchilar munosabatini maktub orqali bildirishiga sabab shuki, rezolyutsiya kengashda Xitoy tomonidan inkor etilgan bo’lardi.

Zotan o’tgan oyda Xitoy BMTning Inson huquqlari kengashida o’zining Shinjondagi pozitsiyasini oqlashga uringan edi. Pekin jahon hamjamiyati munosabatini o’zgartirish uchun kengashda etnik uyg’urlar vakilidan foydalangan.

Jenevada o’zini uyg’ur deb tanishtirgan Shinjon avtonom hududi rahbari o’rinbosari Erkin Tuniyoz vatanidagi ijtimoiy-siyosiy voqelikni ijobiy tasvirlab bergan. Unga ko’ra, Shinjonda turli millat va din vakillaridan iborat 25 million aholi birdamlikda hayot kechirmoqda.

“Odamlar anor donalariday jipslashgan. Xitoy hukumati Shinjondagi 2,3 million ehtiyojmand aholini qashshoqlikdan olib chiqdi. E’tiqod erkinligi qonun bilan himoyalangan. Etnik ozchilik qatlami tillari maktablarda o’qitiladi, ijtimoiy tarmoq va ommaviy tadbirlarda keng qo’llanadi”, - dedi Tuniyoz.

Shunga qaramay, Xitoy etnik separatizm, terrorizm va diniy ekstremizm kabi jiddiy muammolar bilan yuzlashib turibdi, dedi u. Tuniyoz minglab terror xurujlari oqibatida begunoh odamlarning qoni to’kilgani, katta miqdorda mulklarga zarar yetganiga urg’u bergan. Xitoy ana shunday tahdidlarning oldini olish chorasini qo’llashga majburligini aytgan.

“Qayta tarbiyalash lagerlarida diniy ekstremizm ta’sirida bo’lganlar va mayda bezoriliklarni amalga oshirganlar qonun asosida treninglardan o’tadi. Markazlarda davlat tili, huquqiy bilimlar, kasbiy malaka va radikallashuvning oldini olishga qaratilgan mashg’ulotlar o’tkaziladi”, - degan Tuniyoz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG