Breaking News

O'zbekiston Oliy majlisiga saylovlardan nimalar kutilmoqda?


O'zbekiston Oliy majlisi binosi

O’zbekiston parlamenti uchun navbatdagi saylovlar yaqinlashmoqda. Dekabrda belgilangan parlament sayloviga yarim yildan kamroq vaqt qolgan bo'lsa-da, partiyalar orasida siyosiy kurashdan hali darak yo'q.

Jamoatchilikda saylovlarga nisbatan ortiqcha umid ko’zga tashlanmaydi. Amaldagi parlamentni band etib turgan rasmiy partiyalar vakillari, vakolat muddatini uzaytirish istagidagi deputatlar qayta saylanishi ehtimoli yuqori.

O'zbekiston parlament saylovlaridan oldin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:16 0:00

O’zbekistonda mavjud siyosiy partiyalarga nisbatan aholi ishonchini ko’rsatuvchi ijtimoiy so’rov mavjud emas. Bu partiyalarning aksariyati turg’unlik davrida demokratik “tamoyillar”ni ko’rsatish uchun hukumat tomonidan tashkil qilingan.

Partiyalarga nisbatan xalq ishonchi qanday ekanligini navbatdagi saylovlar ko’rsatib berishi lozim, ammo siyosiy maydon muxoliflar uchun yopiq, rasmiy partiyalar esa hukumatparvar bo’lgan bir paytda erkin va haqqoniy siyosiy kurash bo'lishi ehtimoli kam.

Dekabrda bo'ladigan saylovlardagi asosiy o‘zgarish ijtimoiy tarmoqlarda tanilgan ba'zi faollarning siyosiy ambitsiyalar bilan chiqayotganida ko'rinadi.

Ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda Dima Qayum nomi bilan tanilgan, turli xayriya aksiyalari o’tkazib kelayotgan Dilshod Boltaboyev. U Oliy Majlis uchun saylovlarga o’z nomzodini surishga qaror qilgan faollardan, O’zbekiston Liberal demokratlar partiyasi a’zosi.

“Men o’zim tadbirkorman, yoshligimdan bozorda tadbirkorlik qilaman. Maqsadim qishloq tadbirkorlari huquqlarini himoya qilish, muammolarini ko’tarish, umuman, qishloq hayotini yaxshilash. Hozir mening nomzodim tasdiqlanadimi yo’qmi, aniq emas. Buni endi partiyadagi rahbarlar hal qiladi. Lekin partiya mening nomzodimga ishonch bildirsa, o’zim tug’ilgan Rishton tumanida yuz foiz qo’llanishimga ishonaman. Sababi, xayriya aksiyalari o’tkazish davomida deyarli hamma xonadonlarda bo’ldim, aholi muammolari bilan tanishman”, - deydi Dima Qayum.

O’zbekiston liberal demokratlar partiyasi Dima Qayum nomzodini tasdiqlaydimi, yo’qmi, bu noma’lum, ammo bundan qat’iy nazar parlament saylovlarida qatnashish istagini jamoatchilikka ochiqlagan faollardan biri.

Dima Qayumning umid qilishicha, navbatdagi saylovlar parlamentni o’z o’rniga munosib bo’lmagan deputatlardan tozalaydi.

“Navbatdagi saylovlarga yangi bir umidlar bor, avvalgi saylovlarda bo’lgani kabi endi shunchaki tayinlangan deputatlar rol o’ynamasligi kerak. Haqiqiy vatanparvar, cho’ntagini emas, xalqini o’ylaydigan odamlar kelishi kerak. Mayli, oddiy pechkachi yoki siyosatchi bo’lsin, asosiysi xalqni o’ylashi kerak. Hozir prezidentning o’zi ham tanqid qilib chiqyapti deputatlarni; xalqning dardini biladigan, uyma-uy yuradigan odamlar kerak, deb. Men ham shunday deputatlar bo’lishini xohlayman. Bilmadim, meni tasdiqlaydimi, yo’qmi, lekin asosiy maqsadim qishloq hayotini yaxshilash, korrupsiyaga qarshi kurashish. Qishloq ahli quruq va’dalardan to’yib bo’lgan. Jaydari, qo’ldan keladigan va’dalarni berish kerak”, - deydi Dima Qayum.

O’zbekiston saylov qonunchiligi parlament saylovlarida faqat rasmiy partiyalardan ko’rsatilgan nomzodlar ishtirok etishini ko’zda tutadi.

Rasmiy partiyalar tanlovidan o’tgan nomzodlar ro’yxati Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladi. Markaziy saylov komissiyasi o’z navbatida ularni deputatlikka nomzod sifatida ro’yxatdan o’tkazadi.

O’zbekiston Oliy Majlisi uchun navbatdagi saylov kampaniyasi hali rasman e’lon qilinmadi. Amaldagi parlament esa O’zbekiston Liberal demokratik partiya, Xalq demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish”, “Adolat” sotsial demokratlar va O’zbekiston Ekologik partiyasi vakillaridan iborat.

Dekabrdagi parlament saylovlari ortidan ham bu an’anaviy tartib o’zgarmasligi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG