Breaking News

Ukrainaning yangi parlamentida qrim-tatarlar bo'ladimi?


Ukrainada parlament saylovlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:45 0:00

Ukraina parlamenti o’z faoliyatini muddatidan avval yakunladi. 21-iyul kuni yangi parlament uchun saylovlar bo’lib otadi. Bu saylov Qrim ishg’oli ortidan Ukrainada ishlayotgan qrim-tatarlar uchun o’ta muhim, ayniqsa, ular yetakchi partiyadan emas, turli muxolif kuchlardan saylovda qatnashayotgani inobatga olinsa.

Parlamentda shu paytgacha qrim-tatarlarni ikki nafar deputat - Mustafo Jemilov va Refat Chubarov tamsil etib kelayotgan edi. Ayni paytda Jemilov va Chubarovdan tashqari yana olti nafar qrim-tatar nomzodi turli partiyalardan deputatlikka surilmoqda.

Jemilov nomzodi sobiq prezident Poroshenko yetakchiligidagi “Yevropa birdamligi” harakatidan ko'rsatilmoqda. Jemilovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, asosiy maqsad Ukraina parlamentda Qrim va qrim-tatarlar manfaatini himoya qilishda davom etish.

Jemilov avval ham Poroshenko blokida bo’lgan, prezidentlik saylovidagi mag’lubiyatdan so’ng blok qayta tuzilgan, ayni paytda “Yevropa birdamligi” parlamentga o’tishi taxmin qilinayotgan to’rt partiyadan biri.

Shunday bo’lgan taqdirda Jemilov parlamentga saylanadi, u partiya ro’yxatining dastlabki beshligida.

Qrim-tatar faollaridan yana biri, Milliy majlis raisi o’rinbosari Ahmad Chiyg’oz ham Poroshenko blokidan surilyapti, u ro’yxatda sakkizinchi o’rinda qayd qilingan.

Milliy Majlis raisi, deputatlik vakolatini yakunlagan Refat Chubarov Ukraina xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Igor Smeshko yetakchiligidagi “Kuch va adolat” partiyasidan qatnashmoqda. Partiya ro’yxatida Chubarov uchinchi o’rinda ko’rsatilgan, ammo “Kuch va adolat” parlamentga o’tishi ehtimol qilingan siyosiy kuchlar qatorida qayd qilinayotgani yo’q.

Ukraina parlamenti uchun bu safargi saylovlar qrim-tatarlar yetakchilarining yosh avlodi siyosiy maydonga kirib kelayotgani bilan ham kuzatiladi.

Ukraina ekologik partiyasidan nomzodini qo’ygan jurnalist Gayana Yuksal shunday yoshlardan biri. Uning aytishicha, qrim-tatarlar orasidan yosh siyosiy liderlar yetishib chiqmoqda, bu yoshlarda ham parlamentga saylanish ehtimoli mavjud.

“Bu galgi saylov kampaniyasi bir tomondan Ukrainadagi siyosiy partiyalar qrim-tatarlarni o’z safiga qo’shishga hozirligini ko’rsatgan bo’lsa, boshqa tomondan qrim-tatar yetakchilari yosh siyosiy kadrlarni tayyorlamayapti degan tanqidlarni ham inkor qildi, siyosiy maydonga mas’uliyatni o’z zimmasiga olishga hozir yoshlar kirib kelmoqda”, - deydi Gayana Yuksel.

Rustam Umerov, Tamilla Tasheva kabi yosh faollar mashhur qo’shiqchi Vakarchuk yetakchiligida tashkil etilgan “Ovoz” partiyasidan; jurnalist, axborot vaziri o’rinbosari Emine Jeppar amaldagi Bosh vazir Groysman partiyasidan saylovda qatnashmoqda.

Gayana Yuksalga ko’ra, saylovgacha bir necha kun qolgan vaziyat Ukraina parlamentida qrim-tatarlardan 3-4 nafar deputat bo’lishi ehtimolini ko’rsatmoqda. Natija qanday bo’lmasin, yosh siyosatchilar uchun ham asosiy maqsad Qrim ozodligi uchun kurashish bo’lib qoladi.

Ukraina parlamenti uchun saylov 21-iyul kuni o’tadi. Hozirgi vaziyatga ko’ra, qrim-tatar nomzodlarning barchasida imkoniyat yuqori deyish qiyin. So’rovlarda 50 foiz natija bilan yetakchilik qilib turgan Prezident Vladimir Zelenskiyning “Xalq xizmatchisi” partiyasidan birorta ham qrim-tatar nomzod yo’q.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG