Breaking News

Autizmdan advokatlikkacha bo'lgan yo'l: floridalik qizning hayot maktabi


Autism

Hayot qiyinchiliklardan iborat. Buning ustiga xastalik ham bo'lsa, yashash yanada mashaqqatli. Navbatdagi lavhamizda autizm bilan kasallanganiga qaramay huquqshunos va rassom bo'lishga erishgan inson haqida hikoya qilamiz.

Xeyli Mos yoshligidan ranglarni yoqtirgan. Bolaligidan yorqin suratlarda rasmlar chizgan. Hozir esa san'at asarlarini sotmoqda.

San'at u erishgan muvaffaqiyatlarning faqat bittasi. Lekin oson bo'lmadi, u autizm bilan kasallangan.

"To'rt yoshgacha tilim chiqmagan. Gapira olmasam ham, 100 qismli jumboqlarni yechardim. Yoshligimda juda yig'loqi bo'lganman. Hatto restorandan chiqib ketishimizni so'rashgan. Samolyotdan chiqqanimizda, xayriyat deb odamlar chapak chalgan", - deydi u.

Doktorlar Xeylining do'st topish va mustaqil hayot kechirishda qiynalishi haqida ogohlantirdi. Ota-onasi bunga qarshi kurash boshladi.

"Har tomondan chora ko'rdik. Autizm haqidagi barcha kitoblarni o'qib chiqdim. Qo'limga nima tushsa, hammasini oldim. Qizimga aloqasi bo'lmagan mavzularni ham o'rgandim. Autizm haqida hamma narsani bilishim kerak edi", - deydi uning onasi Sherri Mos.

Ota-onasi va nutq bo'yicha mutaxassis yordami bilan Xeyli 4 yoshidan maktabga borishni boshladi. Mayami universitetidan huquqshunoslik darajasini oldi. Advokatlik litsenziyasini olib, hozir Mayamida ishlamoqda.

O'z misolim orqali autizm haqidagi noto'g'ri qarashlarni o'zgartirishni xohlayman, deydi Xeyli.

"Autizmga yo'liqqanlar yosh bola bo'ladi, o'smaydi, deb o'ylashadi. Bundaylar texnologiya yoki aniq fanlarga qiziqadi, ulardan san'atga qiziqadigan odam yoki huquqshunos chiqmaydi, deyishadi. Men bu boradagi statistikani o'zgartirmoqchiman. Stereotiplarni buzyapman. Bularni yo'qotish kerak", - deydi u.

Xeyli autizmga chalingan yoshlarga qanday yashashni o'rgatuvchi bir necha kitob ham yozgan.

"Biz undan juda faxrlanamiz va boshqalarga ham umid borligini aytamiz", - deydi onasi.

Xeyli kitoblari, san'at asarlari va kundalik ishi orqali odamlarga umid ulashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG