Breaking News

Qirg'iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayev qo'lga olindi


Bishkek yaqinidagi Atambayev rezidensiyasida maxsus kuchlar va sobiq prezident tarafdorlari o'rtasida to'qnashuv kelib chiqdi, 2019-yil, 7-avgust

Qirg'izistonda militsiya maxsus kuchlari sobiq prezident Almazbek Atambayevni hibsga olish harakatida Chuy viloyati Qo'ytosh qishlog'ida joylashgan uyini bir necha bor ishg'ol qilishga uringan. Atambayev va uni qo'riqlayotgan sodiq odamlar ikki kun davomida qarshilik ko'rsatganiga qaramay, sobiq rahbar qo'lga olingan. Ikki shturmdan so'ng bir militsionerning o'lgani, bir necha odamning jarohat olgani ma'lum.

Spetsnaz karaxt qiluvchi granatalar va ko'zni yoshlantiruvchi gazni ishga solgan. Atambayev ham qo'lida qurol bilan qarshilik ko'rsatgani aytiladi. Uning tarafdorlari uy ichida olti militsionerni garovga olgan edi.

Parlament 2017-yilda hokimiyatdan ketgan 62 yashar siyosiy arbobni joriy yil iyunida sobiq prezident degan maqom va daxlsizlikdan ayirib, uni to'qqiz punkt bo'yicha ayblamoqda, parlament olib borayotgan tergov natijalari yaqin orada Bosh prokuraturaga uzatilishi kutilmoqda.

Atambayev daromadlarini yashirganlikda, jinoiy to'da a'zolariga qurol tarqatganlikda, lavozimini suiiste'mol qilganlikda, korrupsiyada ayblanmoqda. Aybi isbotlansa, umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Sobiq prezident barcha ayblovlarni inkor etmoqda.

Amaldagi rahbar Sooronbay Jeyenbekov Chuydagi zo'ravonliklarda Atambayevni ayblab, uning tergov ishlariga qurolli qarshilik ko'rsatishi Qirg'iziston qonunlari va Konstitutsiyasiga xilof ekanini aytdi.

"Agar o'tgan kuni Atambayev guvoh sifatida chaqirilgan bo'lsa, bundan keyin jiddiy jinoyat sodir etgan odam sifatida unga muomala qilinadi", - dedi prezident.

To'qnashuvlarda 80 ga yaqin odam, jumladan 15 militsioner va Chuy viloyati militsiya boshqarmasi rahbari yaralangan. Atambayev tarafdorlari poytaxt Bishkekda namoyishlar e'lon qilib, Jeyenbekov iste'fosini talab qilmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG