Breaking News

AQSh yerdan uchiriluvchi yangi raketani sinovdan o'tkazdi


18-avgust kuni AQSh Kaliforniya yaqinidagi San-Nikolas orolida yer-havo rusumidagi yangi raketani sinovdan o'tkazdi

18-avgust kuni AQSh Kaliforniya yaqinidagi San-Nikolas orolida yerdan uchiriluvchi yangi qanotli raketani sinovdan o'tkazdi. Bu Rossiya va AQSh o'rtasida o'rta va qisqa masofali raketalarni yo'q qilishga oid bitim kuchdan qolganidan so'ng Vashington amalga oshirgan ilk sinovdir. Pentagon bayonotiga ko'ra, raketa sinovdan muvaffaqiyatli o'tib, 500 kilometrdan ortiq masofadagi nishonni urgan.

Rossiya AQSh sinovini qoralab bayonot chiqardi.

"AQSh kutilganidek harbiy ziddiyatlarni kuchaytirish yo'lini tanladi", - dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Sergey Ryabkov "TASS" axborot agentligi tarqatgan xabarda.

Moskva "serxarajat qurol poygasi"ga tortilmaydi, biroq agar raketalar Osiyoda joylashtirilsa, Rossiya ham shunday qilishga majbur bo'ladi, deya qo'shimcha qilgan Ryabkov.

Rossiya rasmiylari nazarida, Kaliforniyadagi sinovning AQSh ikkitomonlama bitimdan chiqqanidan uch hafta ichida, ya'ni o'ta qisqa muddatda o'tkazilishi Qo'shma Shtatlar shartnomani ancha oldin oyoqosti qilish niyatida bo'lganini isbotladi.

Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning aytishicha, AQSh shartnoma tugatilishidan bir yil oldin harbiy byudjetga o'rta va qisqa masofali raketalarni yaratish uchun pul ajratgan.

Rossiya bilan mavjud xalqaro bitim asosida AQSh shu paytgacha 500 dan 5500 kilometrgacha uchadigan raketalarni sinovdan o'tkaza olmas edi.

Rossiya kelishuv shartlarini buzayotganini ro'kach qilib, Vashington 2-avgust kuni bu bitimdan chiqqanini e'lon qildi.

Pentagonga ko'ra, yangi raketa an'anaviy bomba tashishga mo'ljallangan, yadro kallagini emas.

Mudofaa vaziri Mark Esperning aytishicha, agar tizim muvaffaqiyatli va to'liq ishga tushsa, raketalar Osiyodagi ittifoqchi mamlakatlar hududiga joylashtiriladi.

"Kelishuv mas'uliyati zimmamizdan xalos bo'lgach, o'z manfatlarimizni olg'a surish payti keldi. NATOdagi ittifoqchilarimiz ham shunday fikrda", - dedi Esper.

Mudofaa vaziri raketa tizimlari Osiyoning aynan qayeriga qo'yilishi haqida ma'lumot bermadi, lekin bu ish bir necha oy ichida amalga oshishi mumkinligini aytdi.

Tahlilchilarga ko'ra, Rossiya va AQSh o'rtasidagi tarixiy bitimning yakun topishi Vashingtonga e'tiborini endi ko'proq Xitoyga qaratishga imkon beradi.

Esperning aytishciha, Xitoy ixtiyoridagi raketalarning 80 foizdan ortig'i 500 dan 5500 kilometrgacha bo'lgan masofaga mo'ljallangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG