Breaking News

Isroil saylovlaridan arablar nima kutmoqda?


Isroil parlamentida muhokama jarayoni. 29-may, 2019.

Isroil aholisining 20 foizini tashkil etuvchi arablar hukumat koalitsiyasi tarkibida muhim rol o’ynashi mumkin. Benyamin Netanyaxuning bosh vazirlikka qayta saylanishi va Falastinning mustaqillik umidini yo’qqa chiqarishi ehtimoli ortmoqda. Ana shunday tahlikali vaziyatda, arablar mamlakat parlamenti Knessetda ko’proq o’rin egallash uchun kurashmoqda.

Besh oy avval Isroilda o’tgan saylovda arab fuqarolarning yarmiga yaqini ovoz bergan. 2015-yilda mamlakat parlamenti Knessetda arab partiyalaridan vakillar soni 13 tadan to’qqiztaga qisqargan edi .

Biroq keyingi haftada o’tadigan saylovda arab partiyalari “Qo’shma ro’yxat” tuzib, parlamentda ko’proq o’rin egallashni maqsad qilgan. Ro’yxatda Ahmad Tibi ham bor.

“Biz arab jamiyatini saylovda faol bo’lishga chaqiramiz. Ovoz bering va ta’sir kuchiga ega bo’ling, deymiz ularga. Saylov voqelikni o’zgartirishga xizmat qilsin”, - deydi u.

Knesset a’zosi Yusuf Jabaringa ko’ra, arab fuqarolarining ovozi Benyamin Netanyaxuning o’ng qanot hukumatini shakllantirishi va arab fuqarolarini kamsitadigan qonunlar qabul qilinishiga qarshi kurash uchun muhim.

“Amaldagi hukumat irqchilik va diskriminatsiyaga asoslangan qonunlarni qabul qilib kelgan. Ular qaytadan siyosiy kuchga ega bo’lsa, shu yo’sinda ishlashda davom etadi. Knessetda qo’shimcha o’rinlarni egallash bilan Netanyaxuning ultra o’ng qanot hukumatini shakllantirishiga qarshilik qilish mumkin”, - deydi u.

Netanyaxu arablarning kamsitilishiga doir iddaolarni inkor etib keladi.

Bosh vazir universitetlar va Knessetda arab fuqarolarining ortayotganiga urg’u berishga urinadi.

Arab partiyalari yahudiylar partiyalari bilan birga hukumat koalitsiyasidan o’rin egallamagan. “Qo’shma ro’yxat” yetakchisi Ayman Odening muayyan shartlar asosida buni o’zgartirish vaqti yetdi, degan bayonoti bahs-munozaralarga sabab bo’ldi.

Muxolifat lideri Kaxol Lavan partiyasi yetakchisi Benni Gantz ushbu chaqiriqqa qiziqish bildirmagan. Biroq Isroilning arab fuqarolari, xususan, tahlilchi Tabit Abu Ras Odeni qo’llab-quvvatladi.

“Ushbu bayonot arab saylovchilarni faollikka chaqirmoqda. Shuningdek, ayrim yahudiy liderlarning qarashini ham o’zgartirmoqda. Kelgusida yahudiy-arab siyosiy hamkorligi ortishidan umidvormiz”, - deydi Abu Ras.

Arab fuqarolari o’zlari yashab turgan hududda jinoyatchilikning ortayotgani va diskriminatsion siyosatdan arz qilib keladi.

Bosh muammo mustaqil Falastin davlatini tuzish. Biroq arablar Netanyahu saylovda g’alaba qozonsa, mustaqillik orzusi puchga chiqishidan xavotirda.

“Qo’shma ro’yxat” a’zolari parlamentda ko’proq o’rin egallasa, yangi hukumat siyosati o’zgarishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG