Breaking News

Anqarada shubhali o‘lim: Nodira Qodirovaga nima bo‘lgan edi?


Nodira Qodirova iste’fodagi general, Adolat va taraqqiyot partiyasi a’zosi, deputat Shirin Unal uyida ishlagan.

Turkiyada o'zbekistonlik Nodira Qodirovaning sirli o'limi ijtimoiy tarmoqlarda bahslarga sabab bo'ldi.

24-sentabr kuni Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi deputati, nafaqadagi general Shirin Unalning uyida xizmatkor bo'lib ishlagan 23 yashar o‘zbekistonlik Nodira Qodirova generalning to‘pponchasi bilan o‘zini otib qo‘ygani xabar qilingan edi.

"Twitter"ning turk segmentida “NadirayaNeOldu?”, ya’ni “Nodiraga nima bo‘ldi?” xeshtegi bir muddat top trendlar qatorida turdi. Ushbu xeshtegdan foydalanganlarning mushtarak niyati bor: o‘zbekistonlik Nodira Qodirovaning o‘limiga aniqlik kiritish va bu hodisaning yopti-yopti bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Jihangir Islam ismli foydalanuvchi shunday yozadi:

“Nodira o‘zbek qizi edi. Ish topish uchun xorijga, yurtimizga kelgan edi. Nodiraning qon ichidagi jasadi bor, buning ma’qul izohi yo‘q. Nodiraga nima bo‘ldi, deb so‘rayapmiz. Farzandlaringiz uchun, qardoshlaringiz uchun, o‘zingiz uchun so‘rang: Nodiraga nima bo‘ldi?”

Dem nikli foydalanuvchi esa qolganlarni ham jim turmaslikka chaqiradi:

“Deputat Shirin Unalning uyida shubhali tarzda o‘lgan Nodira Qodirova chindan ham o‘z joniga qasd qildimi yoki o‘ldirildimi? Adolat uchun siz ham jim turmang!”

“Nodira o‘zini o‘ldirganiga ishonmayman”

23 yoshli Nodira bir yildan beri Turkiyada ko‘zga ko‘ringan kishilardan biri – iste’fodagi general, hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi a’zosi, mamlakat parlamenti deputati Shirin Unalning Anqaradagi uyida ishlagani, uning bemor rafiqasiga qaragani ma'lum. Joriy yilning 24-sentabrida uning o‘z joniga qasd qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Marhumaning akasi Muhammadalining mahalliy OAVga ma’lum qilishicha, hodisadan besh daqiqacha oldin deputat Shirin Unal unga qo‘ng‘iroq qilgan va uydagi to‘pponchasi yo‘qolganini aytgan. Suhbat asnosida u Nodiraning to‘pponchani olib xonasiga qulflanib olganini, eshikni ochishga urinishayotganini bildirgan. Muhammadali telefonda baqir-chaqir ovozlarini eshitganidan keyin qo‘ng‘iroq uzilib qolgan.

U zudlik bilan Unalning uyiga yetib borgan, biroq singlisi allaqachon shifoxonaga olib ketilgan edi. Shifoxonada Muhammadaliga yuragidan jarohatlangan singlisining vafot etgani aytilgan.

Tibbiy xulosaga ko‘ra, Nodira Qodirovaning joni 24-sentabr kuni soat 09:50 da uzilgan. Uning jasadi o‘sha kuni kechqurun soat 22:00 da O‘zbekistonga olib ketildi.

Nodiraning orzulari ko‘p bo‘lganini, o‘qishga kirish haqida rejalar tuzganini aytgan Muhammadali singlisining o‘z joniga qasd qilganiga ishonmaydi.

Marhumaning dugonalaridan biri Laylo Niyozovaning mahalliy jurnalistlarga bergan intervyusida aytishicha, 23-sentabr kuni kechqurun Nodira unga qo‘ng‘iroq qilib yig‘lagan, “juda yomon narsalar bo‘lyapti, endi akamning yuziga qanday qarayman”, deb aytgan.

Nodira dugonasiga ikki haftacha oldin deputat Shirin Unal tegajog‘lik qilganini aytgan. Hodisa ortidan ko‘rsatmaga chaqirilgan Laylo Niyozovadan prokuror marhumaning fohishabozlik bilan shug‘ullanib-shug‘ullanmagani haqida so‘ragan.

Nodira Qodirova 26-sentabr kuni vatanida dafn etildi. Uning o‘limini Turkiyadagi muxolif nashrlar yorityapti. Iste’fodagi general Shirin Unal Nodiraning o‘limi bo‘yicha haligacha hech qanday bayonot bermadi.

Anqara ichki ishlar boshqarmasi bayonotiga ko'ra esa hodisa joyida o‘tkazilgan o‘rganish natijasida Qodirova o‘z joniga qasd qilganidan boshqa shubhali holat aniqlanmagan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG