Breaking News

Vashington IShID tahdididan ogohlikka chaqirmoqda


IShID bayrog'i

AQSh rasmiylarining ogohlantirishicha, Suriyadagi qamoqxona va lagerlarda minglab IShID jangarilari, ularning rafiqalari va bolalari jon saqlamoqda. Ular terrorchilarning qayta oyoqqa turishida tayanch kuchga aylanishi mumkin.

Vashington bir necha oydan buyon, davlatlarni IShID safiga qo’shilgan fuqarolarini o’z vatanlarida javobgarlikka tortishga chaqirib keladi. Shuningdek, ularning oila a’zolarini qabul qilib olishga undaydi.

Biroq AQSh undovlariga yetarlicha e’tibor berilmadi. Vashington tahdidlar jiddiy ekanini uqtirishga urinmoqda. Lager va qamoqxonalar terrorchi guruhlar uchun boshpana vazifasini o’tamoqda, deydi rasmiylar.

“Al-hol” lageridagi aksariyati bolalardan iborat odamlar yagona qarash, yagona “falsafa” bilan yashamoqda. Agar xalqaro hamjamiyat ularning ongini izga solish va sog’lom muhitga qaytarish haqida qayg’urmasa, IShIDning yangi avlodi shakllanadi”, - deydi AQSh Mudofaa vazirligining Yaqin Sharq bo’yicha vakili Maykl Mulroy.

Ayni damda Suriyaning shimoli-sharqida 11 mingga yaqin IShID jangarilari bor. Ularning ikki mingga yaqini xorijliklar. Jangarilar AQSh quvvatloviga ega Suriya Demokratik Kuchlari (SDK) tomonidan qamoqxonalarga aylantirilgan maktab va kasalxona binolarida ushlab turilibdi.

Jangarilarning 73 ming oila a’zolari turli lagerlarda qolmoqda.

Achinarlisi, yaqin kelajakda biror jiddiy o’zgarish yuz berishidan umid yo’q.

“Lagerlardagi ayollar, hatto aksariyat bolalar ham, hanuz IShIDga ishonadi”, - dedi Vashingtonga tashrif buyurgan Suriya Demokratik Kengashi raisi Ilhom Ahmad.

SDK yetakchilariga ko’ra, jangarilarni hibsda ushlab turish mexanizmi hozircha ish bermoqda, biroq uzoq vaqt shunday bo’lishiga kafolat yo’q.

Ilhom Ahmadning aytishicha, lagerlarga o’t qo’yib, qochib qolishga urinish hollari ham kuzatilmoqda.

AQSh rasmiylari va SDK yetakchilari jangarilarning qamoqxonalardan qochishga bir necha bor uringanini ma’lum qilgan edi. Biroq jangarilar maqsadga erishmagan. Qamoqxonalardagi ichki isyon jiddiy tus olishi mumkin, deydi rasmiylar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG