Breaking News

Erdog'an: Suriyada harbiy amaliyot boshlandi


Turkiya harbiy texnikasi Suriya hududida, 2019-yil, 4-oktabr

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an Suriya shimolini terrorchi guruhlardan tozalash amaliyoti boshlanganini e'lon qildi.

Turkiya harbiylari avvalroq mamlakat armiyasi terrorchi kurdlarni surib chiqarish uchun Suriya hududiga kirishga tayyor turganini aytgan edi. Anqara terrorchi sifatida ko'ruvchi kurd bo'linmalari IShIDga qarshi kurashda AQSh ittifoqchilari sifatida qatnashgan.

"Sharafli armiyamiz "Xavfsiz hudud" amaliyotiga tayyor", - deb yozgan Turkiya Qurolli kuchlari "Twitter" orqali.

8-oktabr kuni Turkiya Suriya chegarasiga raketa otuvchi texnika va artilleriya aslahalarini joylashtirgan edi. Anqaraning aytishicha, harbiy amaliyotdan maqsad Turkiyaga tutash chegara hududlarini terrorchilardan tozalash.

Kurd rasmiylariga ko'ra, Turkiya allaqachon kurdlarning Suriya Demokratik kuchlari foydalanadigan manzillarni o'qqa tutishni boshlagan.

Kurdlarga ta'minot yetkazib bergan Iroqdagi bazaga ham havo hujumi uyushtirilgani aytilmoqda.

AQSh Turkiya kuchlari yo'lini to'smaslik uchun chegara hududidan askarlarini chiqargani haqidagi xabar bahs va noroziliklarga sabab bo'ldi. Ayni paytda AQSh Prezidenti Donald Tramp ham Turkiyani, ham kurdlarni tinchlantirishga urinmoqda.

Trampning "Twitter" orqali yozishicha, u IShIDga qarsi hamkorlikda kurashgan kurdlarni o'z holiga tashlab qo'ymoqchi emas.

"Suriyani tark etish jarayonida bo'lishimiz mumkin, lekin kuchli jangchi va o'ziga xos xalq bo'lgan kurdlarni o'z holiga tashlab qo'yganimiz yo'q", - dedi Tramp.

"Turkiya tomonidan har qanday keraksiz jang ularning iqtisodiyoti va zaif valyutasi uchun falokatli bo'ladi. Biz kurdlarga moliya va qurol-aslaha bilan yordam beryapmiz", - deya qo'shimcha qildi u.

Prezident o'z navbatida Turkiyani olqishlashni ham unutmadi. Anqarani "katta savdo hamkori" hamda Idlib viloyatida ko'plab insonlar hayotini saqlab qolgan davlat deb atab, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'anni 13-noyabr kuni Oq uyga taklif qildi.

AQSh harbiylarining aytishicha, Turkiyaning Suriyaga qo'shin kiritishi ehtimoli yuqori va shu bois Suriya shimolidagi 50 AQSh askari boshqa hududga ko'chirilgan.

"Afsuski, Turkiya bir tomonlama harakat qilish yo'lini tanladi. Natijada biz xavfsizlikni ta'minlash uchun AQSh askarlarini Turkiya yo'lidan oldik. Suriyadagi kuchlarimiz holati bo'yicha o'zgarish qilganimiz yo'q", - dedi Pentagon so'zlovchisi Jonatan Xofman.

AQShdagi noroziliklar

Trampning AQSh askarlarini shimoliy Suriyadan chiqarish qarori AQSh qonunchilarining noroziligiga sabab bo'ldi. Ularning ba'zilari buni Suriyadagi kurdlarga xiyonat deb atadi. Boshqalar esa bu choradan faqat Rossiya, Eron va Suriya Prezidenti Bashar al-Assad yutishini aytdi.

AQSh Markaziy qo'mondonligining sobiq rahbari general Jozef Votel ham Prezident Tramp qaroridan taassuf bildirdi.

"Men uchun bu ko'ngilni qoldiradigan narsa. Hamkorlarimizni o'z holiga tashlab qo'yayotganimiz, mintaqadagi gumanitar inqirozga hissa qo'shayotganimiz odamda taassuf uyg'otadi", - dedi iste'fodagi general.

Kurdlarning munosabati

Suriya Demokratik kuchlari AQSh askarlari hududdan chiqsa ham, Amerika kurdlarga yordam berishda davom etayotganini tasdiqladi.

Lekin AQShdan boshqa manbalardan yordam qidirishga chaqirayotganlar ham yo'q.

Kurd generali Mazlum Kobanining aytishicha, Turkiya bosqinini qaytarish uchun Assadga sodiq kuchlar bilan hamkorlik qilish masalasi ko'rib chiqilmoqda.

IShID jangarilari

Shimoli-sharqiy Suriya bo'ylab 30 dan ortiq hibsxonada 11 mingdan ziyod IShID mahbuslari saqlanayotgani aytiladi.

Qamoqxonalarga qo'yilgan qo'riqchilarning bir qismi Turkiyaga qarshi mudofaani kuchaytirish uchun asosiy kuchlarga chaqirib olingan.

Hibsxonalardan jangarilarning qochishi ehtimoli oshmoqda, deya xavotir bildiradi ba'zi rasmiylar.

Agar Turkiya bosqini muqarrar bo'lsa, kurdlar hibsdagi jangarilarni qo'yib yuborishga majbur bo'lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Mintaqada Turkiya-kurd ziddiyatidan unumli foydalanishga urinayotgan boshqa guruhlar ham bor.

"So'nggi paytlarda Dayr al-Zur viloyatida rejim va Eron kuchlari kuchaymoqda. Rejim kamida Dayr al-Zurda kurdlarga bosim o'tkazishga urinadi", - deydi Vashingtondagi Urush tadqiqotlari instituti tahlilchisi Jon Danford.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG