Breaking News

Bloger Shabnam Olloshukurova qayerda?


Bloger Shabnam Olloshukurova
Bloger Shabnam Olloshukurova

Xorazmda jurnalist va shoir Mahmud Rajab himoyasi uchun o'tkazilgan norozilik namoyishini jonli yoritgani uchun 10 kunlik hibsga hukm qilingan bloger Shabnam (Nafosat) Olloshukurova qamoq muddatini o’tab bo’lishi ortidan Urganchdagi ruhiy kasallar shifoxonasiga joylashtirilgan. Uning otasi Boltaboy Olloshukurovning “Amerika ovozi”ga aytishicha, dispanserda majburan saqlanayotgan qizining taqdiri, salomatligi noma’lum.

“Shabnamni ruhan sindirishmoqchi” - deya xavotir bildiradi Olloshukurov.

Jurnalist Mahmud Rajabni himoya qilgan bloger ruhiy xastaxonaga yotqizildi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:04 0:00
Yuklab oling

Shabnam Olloshukurova Xorazmdan Toshkentgacha yurish rejalangan norozilik aksiyasini, ishtirokchilar militsiya tomonidan hibs qilingunga qadar, ijtimoiy tarmoqlarda jonli yoritib bordi.

Urganch sudi bu aksiyaning ikki ishtirokchisi - Mahmud Rajab va Shabnam Olloshukurovaga nisbatan 10 kunlik ma’muriy qamoq jazosini belgiladi.

Ollosohukurova 10 kunlik qamoq muddatini o’tab bo’lishi ortidan Urganchdagi ruhiy asab kasalliklar dispanseriga majburan joylashtirilgan.

Ichki ishlar boshqarmasining Olloshukova yaqinlariga ma’lum qilishicha, jazo muddatini o’tashi davomida Shabnamning salomatligi, ruhiy holati yomonlashgan; uni ruhiy kasallar shifoxonasida davolatishga qaror qilingan. Muolaja ikki oy davom etishi aytilgan.

Shabnam Olloshukurovaning otasi Boltaboy Olloshukurovning “Amerika ovozi”ga aytishicha, u qizining kasalligiga ishonmaydi; uni ruhan sindirishni maqsad qilishgan.

“Uni norozilik aksiyasini yoritgani uchun belgilangan jazoni o’tab bo’lganidan so’ng yana jinnixonaga tiqishmoqda. Uning yonidagilar, Mahmud Rajab ozodlikka chiqdi-ku. Ehtimol qamoqxonada uni jinniga aylantirish yo’lini o’ylagandirlar. Men hozir mutlaqo tushunmayapman, nimalar bo’lyapti, qanday davolayapti, qanday ukol qilyapti, balki narkotik ukol qilayotgandir. Ularning niyati Shabnamni sindirish, ruhiy sindirish. U jasur qiz, xalq uchun, odamlar uchun yonib turardi. Uni ruhiy sindirishni maqsad qilishgan, mana endi shu maqsadni amalga oshirish niyatidalar”, - degan fikrda Shabnam Olloshukurovaning otasi.

Boltaboy Olloshukurovga ko'ra, hibsxonadan ruhiy dispanserga joylashtirilgan qiziga o’z yaqinlari bilan suhbatlashish imkoniyati berilmagan; akasi bilan bir daqiqalik ushrashuv ham huquq-tartibot vakillari nazoratida o’tgan.

“Uni qamoqdan keyin Bog’ot tumanidagi IIBga olib borishgan, o’g’illarimni o’sha yerga chaqirishgan. U yerdan qizimni mashinaga joylashtirib yana olib ketishgan, o’g’illarim mashinada ularning orqasidan borishgan. Qizimni ruhiy kasallar shifoxonasiga olib borishgan. O’sha yerda yarim daqiqalar chamasi o’g’lim qizim bilan ko’rishgan, lekin militsiya gaplashishga ruxsat bermagan. Oxirgi ko’rganimiz shu, undan keyin boshqa hech kimni kiritmagan, ko’rsatmagan. Shifoxona panjara bilan o’ralgan, qamoqxonaga o’xshaydi, deyishdi. Bular qasddan qilinyapti”, - deydi Olloshukurov.

Prokuraturaning bloger Olloshukurova ishi bo’yicha tarqatgan ma’lumotiga ko’ra, Xorazm viloyati ruhiy asab kasalliklar dispanseri Olloshukurovaning salomatligi yuzasidan fuqarolik ishlari bo’yicha Urganch tumanlararo sudiga murojaat qilgan.

Sud 30-sentabr kuni Olloshukurovani g’ayri ixtiyoriy tartibda ruhiy asab kasalliklari dispanserida davolash haqida qaror chiqargan. Ajrimda Olloshukurovaning ruhiy salomatligi atrofdagilar uchun bevosita xavf tug’dirishi mumkin deb topilgan.

Bu xabar jamoatchilikda, ijtimoiy tarmoqlarda norozilik bilan kutib olingan.

Faollar Olloshukurovaga ozodlik talab qilingan bayonotlar bilan chiqmoqda. Ayrim chiqishlarda mamlakatda ruhiy kasallar shifoxonasiga joylashtirish bilan jazolash tartibi yana qaytayotganidan xavotir bildirilgan.

Bu orada Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi O'zbekiston mutasaddilarini Nafosat Olloshukurovani ruhiy kasalxonadan zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.

"Agar O'zbekiston islohotlar haqida jiddiy ekaniga dunyo ishonishini istasa, jurnalistlarni majburan ruhiy palatalarda saqlashdek totalitar amaliyotlarga qo'l urmasligi kerak", - dedi tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Saidova.

O’zbekistonda faollarni jinnixonaga tiqish bilan jazolash tajribasi azaldan mavjud. Marhum prezident Islom Karimovning jiyani, jurnalist Jamshid Karimov ham uzoq yillar majburan ruhiy kasallar shifoxonasida saqlangan edi.

Shabnam Olloshukurova shu yilning 23-sentabrida juranlist va shoir Mahmud Rajab tashkil etgan norozilik yurishini ijtimoiy tarmoqlar orqali jonli yoritib borishi ortidan hibs qilingan edi. Aksiya ishtirokchilari Ichki ishlar vaziri Po’lat Bobojon qabuliga kirish uchun Xorazmdan Toshkentgacha yayov kelishni maqsad qilgan.

Ishtirokchilarning hibsi bilan yakunlangan bu norozilik yurishi haqida keyinchalik Xorazm viloyati ishki ishlar boshqarmasi maxsus bayonot tarqatdi va tashkilotchilarni yo’l harakati qoidalarini, yig’ilishlar va aksiyalar o’tkazish tartibini buzishda ayblab chiqdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG