Breaking News

AQSh Osiyoda oliy darajadagi anjumanlarni e'tiborsiz qoldirdi


ASEAN tashkilotining Bangkokdagi sammiti, 4-noyabr, 2019-yil
ASEAN tashkilotining Bangkokdagi sammiti, 4-noyabr, 2019-yil

AQSh Prezidenti Donald Tramp Janubiy Osiyo rahbarlari sammiti hamda ASEAN tashkiloti yillik anjumaniga quyi darajadagi delegatsiyalarni yuborib, Vashingtonning mintaqaga qiziqishi so’nmoqda, degan xavotirlarni uyg’otdi.

Xalqaro hayot - 6-noyabr, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:48 0:00

Odatda AQSh rahbarlari boradigan ushbu anjumanlarda bu safar na Trampning o’zi, na Vitse-prezident Mayk Pens va na Davlat kotibi Mayk Pompeo ko’rindi. Natijada janubi-sharqiy Osiyo davlatlari rahbarlari ham AQSh-ASEAN majlisida qatnashmadi.

Amerika delegatsiyasiga milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchi Robert Obrayen bosh bo’ldi. U bilan ko’rishish uchun mintaqadan tashqi ishlar vazirlari borishdi.

“Prezident Tramp AQSh ham qog’ozda, ham amalda ASEANga a’zo hamkorlar, do’stlar va ittifoqchilar bilan birdam ekanini aytib qo’yishimni topshirdi”, - dedi Obrayen.

Kelasi yili AQSh-ASEAN sammiti Qo’shma Shtatlarda o’tkaziladi va Obrayen Tramp taklifini a’zo davlatlarga yetkazdi.

“Taklifni jiddiy qabul qilishlariga ishonchim komil. Ular AQShning mintaqada faolroq bo’lishini istashadi”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Brayan Xarding.

Biroq ayrim kuzatuvchilar nazarida, Vashington mintaqada erkin savdoga doir muzokaralarda, Xitoy ustuvor bo’lgan masalalar bo’yicha muloqotlarda qatnashmayapti. Sammitda Pekin taklif qilgan yangi iqtisodiy kelishuv muhokama etilmoqda. “Keng qamrovli mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik” dasturi kelasi yili ishga tushishi kutilmoqda. Dunyo yalpi ichki mahsulotining uchdan biri va dunyo aholisining salkam yarmi mana shu davlatlar hissasiga to’g’ri keladi.

“Dastur mintaqada iqtisodiy integratsiya va hamkorlikka katta hissa qo’shishi, savdo va sarmoyani kuchaytirishi aniq”, - dedi Xitoy tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Le Yuychen.

Qo’shma Shtatlar “Trans Tinch okeani hamkorligi bo’yicha keng qamrovli va progressiv bitim”ga ham kirmagan. Tramp ma’muriyati mamlakatlar bilan savdo shartnomalarini ikki tomonlama formatda rasmiylashtirish tarafdori ekanini aytib keladi, biroq shu kungacha mintaqada hali birorta bunday bitimga erishgani yo’q.

“Yaponiya AQSh bilan savdo bo’yicha ikki tomonlama muzokaralarni imkon qadar sekinroq olib borishga harakat qilyapti. Vyetnam va Filippin bunga qiziqishi yo’qligini bildirdi. Ular AQShning Kanada, Meksika, Yevropa, Janubiy Koreya kabi eng yaqin ittifoqchilari va hamkorlariga munosabatini ko’rib, ikki tomonlama ish yuritish fikridan qaytmoqda”, - deydi tahlilchi.

AQSh va Xitoy o’rtasidagi savdo tortishuvlari ASEAN rahbarlarini xavotirga solmoqda. Ba’zilariga ko’ra, bu urush Tramp prezidentlikdan ketishi bilan barham topadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG