Breaking News

Nyu-York shtati Fenner shamol fermasidan nimalarni o'rgandi?


Nyu-York shtatidagi shamol fermasi

2002-yil Nyu-York shtatida ishga tushgan Fenner shamol fermasi AQShda shunday loyihalarning eng kattasi edi. Bugun u minglab xonadonlarni elektr energiyasi bilan ta’minlashda davom etyapti. Ayni paytda o’zini qayta tiklovchi energiya manbasi haqida aholiga ma’lumot berish markazi vazifasini ham o’tayapti.

Fil Rouzning uyi issiq va sovuqqa chidamli. Xonadon to’liq quyosh va shamol energiyasidan foydalanadi. Oziq-ovqat va cho’milish uchun filtrlangan yomg’ir suvi ishlatiladi.

Rouz bu uyni 2002-yil Fenner shamol fermasi ishga tushgandan so’ng sotib olgan.

“Gaz, ko’mir va neft – oxiri yo’q narsalar. Ularning hammasi tugaydi. O’zini qayta tiklovchi energiyaga o’tishimiz kerak. Bizning bundan boshqa yo’limiz yo’q”, - deydi Fil Rouz.

Fenner shamol fermasida tashkil etilgan axborot markazida ham shu g’oyaga urg’u berilmoqda.

Bepoyon makka dalalarida 187 tonnalik shamol parraklari aylanadi. Shovqini sezilmaydi, lekin juda qudratli. U ishlab chiqaradigan energiya olti mingdan 10 minggacha xonadonga yetadi.

“Men o’ylagandek shovqin emas ekan. Ajoyib manzara”, - deydi bu yerga kelgan yosh yigit.

“Bunday energiya manbalari ko’paymoqda”, - deydi bir talaba.

Fenner qayta tiklanuvchi energiya axborot markazi rahbari Jyudi Keri bu loyihaning atrof-muhitga salbiy ta’siridan xavotirda edi. Ammo xavotirlari asossiz bo’lib chiqdi.

“Atrofga qarasangiz, shamol turbinalari tagida makkalar o’sib yotibdi. Boshqa joyda qoramollar o’tlab yurganini ko’rasiz. Pichan va g’allalar ham shu turbinalar ostida yetishtirilyapti. Hayot tarzi o’zgarmagan”, - deydi u.

Richard Forinjer uchun esa shamol parraklari xavf manbai.

“Nimadir yuz berganini sezgan edik, lekin qorlar erimaguncha ko’rmadik. Parraklardan biri qulab tushgan ekan”, - deydi u.

Shamol fermasi muvaffaqiyatli chiqdi. Bugun Nyu-York shtatidagi energiya ta’minotining 23 foizi qayta tiklanuvchi manbalardan olinmoqda.

Maqsad - 2030-yilgacha bu raqamni 70 foizga ko’tarish.

“Dengizga ham shamol turbinalari o’rnatyapmiz. Atlantika okeanida bo’ladi. Shu maqsadda 1700 megavattlik ikkita loyihaga pul ajratdik. Sohilbo’yi loyihalari ichida AQShda eng kattasi bu”, - deydi Nyu-York shtati rasmiysi Dorin Harris.

2017-yil AQShda energiya ta’minotining 18 foizi qayta tiklanuvchi manbalardan olingan. Yildan yilga bu ko’rsatkich oshib bormoqda.

Nyu-Yorkning o’zi quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari kabi 26 loyihaga bir milliard dollardan ortiq mablag’ ajratgan.

Amerika bo’ylab qayta tiklanuvchi energiya hissasini oshirib borish maqsad qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG