Breaking News

Namoyishchilar Gonkong mahalliy saylovlarida faol qatnashmoqchi


Politsiya namoyishchilardan birini hibsga olmoqda, Gonkong, 2019-yil, 18-noyabr

O'tgan besh oy davomida Gonkong ko'chalarida demokratik islohotlarni talab qilib millionlab odam namoyishga chiqdi. 24-noyabrda ular o'z fikrini rasmiy yo'l bilan ifodalash imkoniyatiga ega bo'ladi. Shu kuni avtonom hududda mahalliy saylovlar bo'lib o'tadi.

Gonkonglik siyosatchi Endryu Chyuga pichoq bilan hujum qilishgan, qulog'ini tishlab qisman uzib olishgan. U demokratiya himoyachisi bo'lgani uchun hujumga uchragan faollardan biri.

Kelasi haftaga belgilangan saylovlar o'z vaqtida o'tishi hali savol ostida. Hukumatga qarshi namoyishlar tinmagan bir paytda u jamoatchilik fikrini ifodalovchi vosita bo'lishi kutilyapti.

"Bu saylovlarni bekor qilish katta xato bo'ladi", - deydi Gonkong politsiyasining jinoiy razvedka bo'limini boshqargan Stiv Vikers.

"Hudud kengashlari uchun saylovlar Gonkong demokratiyasining eng muhim poydevori", - deya qo'shimcha qiladi u.

Pekinga xayrixoh Gonkong bosh ijrochisining obro'si ayni paytda aholi orasida eng quyi darajada.

Zo'ravonlik holatlariga qaramay, so'rovlarga ko'ra, aholi namoyishchilarni qo'llab-quvvatlamoqda.

Bu esa demokratiya tarafdori bo'lgan Tommi Chyun kabi nomzodlarga saylovda qo'l keladi.

"Nazarimda hukumat saylovlarni vaqtida o'tkazishga harakat qiladi, chunki Iroq va boshqa urush domiga tortilgan davlatlarda ham saylov bo'lyapti-ku. Nega endi Gonkongda bo'lmas ekan?", - deydi Chyun.

Kengash vakolatlari u qadar katta emas.

Lekin uning ahamiyati shundaki, bu saylov Gonkong qonunchilik organi tarkibini ham belgilaydi. Navbatdagi rahbar kim bo'lishiga ham ta'sir o'tkazadi.

"Mana shu konstitutsiyaviy bog'liqlik tufayli kengashning ahamiyati uning vakolatlaridan kattaroq ko'rinadi", - deydi kengashning sobiq a'zosi Emili Lau.

Ammo saylovning adolatli o'tishi yuzasidan xavotirlar bor. Talabalar yetakchisi Joshua Von nomzodi, masalan, saylovga qo'yilmadi. Rasmiylarga ko'ra, u mustaqillikni targ'ib qilib qonunni buzgan.

"Saylovdan oldin ham, keyin ham ular nomzodlarni noloyiq deb topish ishlarini qilishadi. Gonkong xalqi bunday saylovni qabul qila olmaydi", - deydi faollardan biri Edvard Yu.

Edvard Yu 2016-yilgi saylovda g'alaba qozongan, ammo qasamyod marosimida demokratiya va islohotlarga oid so'zlarni aytgani uchun g'alabasi bekor qilingan edi. Shunga qaramay, u saylovning ahamiyatiga ishonadi.

"Barcha muammolarga yechim bo'lmasligi mumkin, lekin hukumatga aholining fikri borligini, unga quloq tutishga majburligingizni ko'rsatadigan muhim platfomrma hisoblanadi", - deydi u.

Saylov biror o'zgarishga olib kelishi ehtimoli yuqori bo'lmasa ham ko'plab namoyishchilar ovoz berish niyatida.

"Natijalar juda yaxshi bo'ishiga shubha qilaman, lekin ovoz berish bizning huquqimiz va burchimiz", - deydi mahalliy fuqarolardan biri Ip.

Namoyishlar domiga tortilgan shahar saylov orqali o'z ovozini Gonkong hukumatiga va Pekinga bildirib qo'ymoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG