Breaking News

Safed Bulon - o’zbekistonliklar uchun ham qadrli ziyoratgoh


Shoh Fozil tarixiy-yodgorlik majmuasi, Safed Bulon, Qirg'iziston
Shoh Fozil tarixiy-yodgorlik majmuasi, Safed Bulon, Qirg'iziston

Shoh Fozil tarixiy-yodgorlik majmuasi XI asrda qoraxoniylar tomonidan qurilgan. Markaziy Osiyoda qurilish uslubi bilan ajralib turadi. Obida Safed Bulon qishlog’ida joylashgan.

Safed Bulon esa O’zbekistonning Namangan viloyati bilan chegaradosh Qirg’izistonning Olabuqa tumanida. Bu yerga ziyorat qilish uchun dunyoning turli hududlaridan sayyohlar kelib turadi. Lekin eng ko’p ziyoratchilar O’zbekistondan.

Azimjon Qosimov - "Shoh Fozil" muzeyining bosh mutaxassisi. U turizmning ziyoratchilik yoʻnalishi boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borgan.

Qirgʻizistonda diniy turizm imkoniyatlarini rivojlantirish mumkinligiga ishongan Azimjon buning uchun hozirgi vaqtda muzey atrofida yashovchi mahalliy aholining uylarida sayyohlar uchun uy-mehmonxonalarni tashkil qilish va ziyoratga kelganlarga yaxshiroq sharoitlarni yaratib berish ustida ish olib bormoqda.

O’zini Vasila deya tanishtirgan o’zbekistonlik sayyohning fikriga ko’ra, Safed Bulon kabi tarixiy joylarni hamma ham bilmaydi. Shuning uchun ko’proq ma’lumotlar berib borilishi kerak.

“Qirg’izistonda Samarqand bilan tenglasha oladigan chiroyli joylar juda ham ko’p. Ming afsuski biz hali ularning hammasini bilmaymiz. Misol uchun bolaligimda ko’rgan Arslonbobni hozir tushlarimda ko’rib sog’inaman. Lekin borish uchun imkoniyatimiz yetmaydi. Qirg’izistondagi Sarichelak, Podisho-Ota kabi tarixiy joylarni qisqa-qisqa qilib O’zbekiston telekanallarida namoyish etish kerak deb o’ylayman”,- deydi u.

Shoh Fozil tarixiy-yodgorlik majmuasi, Safed Bulon, Qirg'iziston
Shoh Fozil tarixiy-yodgorlik majmuasi, Safed Bulon, Qirg'iziston

Dilbar ismli oʻzbekistonlik ziyoratchining yodgorlikning bugungi ahvolidan koʻngli toʻlmagan. 30-40 yil avval ota-onasi bilan kelib hayratlangan sayyoh nazarida Safed Bulon kabi obidalarga davlat yanada koʻproq eʼtibor qaratishi lozim.

Tarixiy kompleks - Fargʻona vodiysiga otasi Shoh Jarirdan soʻng kelgan Shoh Fozil sharafiga qurilgan maqbara, Shoh Jarir boshchiligida kelib, juma namozi vaqtida oʻldirilgan 2772 shahidning boshi koʻmilgan er va mahalliy hokimning taqiqiga qaramay tanasidan ajratilgan shahidlarning boshini toʻplab, yuvgan qiz – Bulon maqbarasidan iborat.

VII asrlarda Fargʻona vodiysiga Islom dinini yoyish maqsadida kelgan yigirma mingga yaqin arab qoʻshini Muhammad Ibn Jarir boshchiligida yoʻl-yoʻlakay turli hududlarni oʻziga boʻysindirib, otashparast boʻlgan xalqlarni Islomga kirgizib, soʻng hozirgi Safed Bulon hududiga joylashgan.

Shoh Fozil tarixiy-yodgorlik majmuasi, Safed Bulon, Qirg'iziston
Shoh Fozil tarixiy-yodgorlik majmuasi, Safed Bulon, Qirg'iziston


Safed Bulon qissasi

Tarixchilar tomonidan yozilgan manbalarga koʻra Muhammad ibn Jarir mahalliy aholi va ularning boshchilariga qon toʻkmay, islom dinini qabul qilish talabani qoʻyadi.

Arablarning oʻziga nisbatan yirik boʻlgan qoʻshini bilan ochiq jangda kurash olmasligini tushungan mahalliy hokim talabni qabul qilib, musulmon boʻlishga majbur boʻladi.

Hozirgi Axsi rayonining oʻsha paytdagi hokimi Karvon Bas tilida Islom dinini qabul qiladi va oʻz qizi Bibi Ubaydani Shoh Jarirga berib, uni oʻziga kuyov qilib oladi.

Karvon Bas oʻz qiziga bir enagani ham qoʻshib beradi va bu bilan u musulmonlar ichidagi oʻz josusiga ega boʻladi.

Shunday qilib, enaga – kampir oʻz hokimiga musulmonlarning yurish-turishi, namoz oʻqish shartlari toʻgʻrisida maʼlumotlarni yetkazib turadi.

Shoh Fozil tarixiy-yodgorlik majmuasi, Safed Bulon, Qirg'iziston
Shoh Fozil tarixiy-yodgorlik majmuasi, Safed Bulon, Qirg'iziston

Josusdan olgan maʼlumotlar asosida Karvon Bas juma namozi vaqtida musulmonlarga hujum uyushtiradi va to namoz ado etib boʻlungunga qadar 2772 kishining boshi tanasidan judo qilinadi. Arablar shahid qilingan er hozirda Qirgʻin masjid deb ataladi va hozir ham ushbu masjidda juma namozi oʻqiladi.

Tildan tilga oʻtib yurgan rivoyatlar va turli kitoblarda yozilishicha shahidlarning boshini bir yerga toʻplab, yuvib chiqqan qora tanli Bulon, bu ishi uchun Alloh tomonidan mukofotlanib, hur kabi oq nur tarata boshlaydi. Uni shundan beri Safed ya’ni oq Bulon deb atay boshlashadi.

Bulon turmush qurmay turib vafot etgani uchun uning maqbarasini chimildiqni eslatuvchi jihozlar bilan bezatishgan va bu yerga erkaklarning kirishi mumkin emas.

Boshlar toʻplanib koʻmilgan er “Kallaxona” deb ataladi, tanalar esa undan 300 metr oraliqdagi masofada koʻmilgan. U yer “Shahidlar qabri” deyiladi. Bu maʼlumotlar olib borilgan qazish ishlari va tadqiqotlar natijasida aniqlanib, nafaqat boshlaring soni, balki boshlar qilich bilan kesilgani ham dalillangan.

Shoh Fozil tarixiy-yodgorlik majmuasi, Safed Bulon, Qirg'iziston
Shoh Fozil tarixiy-yodgorlik majmuasi, Safed Bulon, Qirg'iziston

Magʻlub boʻlgan Shoh Jarir askarlariga kim istasa u bilan Madinaga qaytishi, xohlaganlar esa shu erlarda qolishi mumkinligini aytadi. Karvon Basning qizi oʻz turmush oʻrtogʻi Shoh Jarirga sodiq boʻlib, u bilan Arab oʻlkalariga ketadi va u yerda mana shu maqbarada yotgan Shoh Fozil dunyoga keladi. Maʼlumotlarga koʻra oʻsha paytda Madinaga ketmay qolganlar hozirgi Podshoh ota, Kosonsoy yaqinidagi Hazrati Eshon, Novqatdagi Imom ota kabi hududlarda joylashib qolishgan va mahalliy aholini Islom diniga daʼvat qilishda davom etgan.

Shoh Fozil vaqtlar o’tib Markaziy Osiyoga o’z qo’shini bilan qaytib keladi.

Aytishlaricha, shoh Zahiriddin Muhammad Boburning otasi Umarshayx ham Shoh Fozil maqbarasiga dafn etilgan. Ammo bu maʼlumot tasdiqlanmagan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG