Breaking News

Putin sovet davri yetakchilaridan ko'ra kuchsizroqmi?


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin

Niderlandiyalik tergovchilar 2014-yil otib tushirilgan Malayziya samolyoti ishini tekshirish doirasida qo'lga kiritilgan sharqiy ukrainalik isyonchilar va Moskva o'rtasidagi telefon qo'ng'iroqlarini o'tgan hafta ommaga oshkor qildi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning sobiq maslahatchilari va tahlilchilarning aytishicha, telefondagi muloqotlar Kremlning Donbassdagi guruhlar ustidan nazorati hamma o'ylagandek silliq kechmaganini ko'rsatgan. Putin atrofidagi turli siyosiy figuralar va Rossiyaning xavfsizlik agentliklari sharqiy Ukrainada o'z so'zini o'tkazishga uringan va natijada Moskva strategiyasi hamda taktikalarida tushunmovchiliklar yuzaga kelgan.

Kuzatuvchilarga ko'ra, Kreml benuqson ishlaydigan silliq mashina emas va Putin, G'arb o'ylaganidek, hamma narsadan xabardor, hammasini nazorat qiladigan hukmdor ham emas.

2012-yilgacha Putinga maslahatchilik qilgan Gleb Pavlovskiyning aytishicha, Putinning imkoniyatlari cheklangan va Kremlda qaror qabul qilish jarayoni ko'pchilik o'ylagandan ko'ra tartibsizroq.

Agar natija kutilgandek bo'lmasa, u bunga ruxsat berganini inkor etishi mumkin, deydi Pavlovskiy.

Uning qo'shimcha qilishicha, hamma narsani Putin buyuradi va boshqaradi, degan qarash ham noto'g'ri.

"Vertikal hokimiyat" degan men 20 yil oldin o'ylab topgan g'oya propagandadan boshqa narsa emas. U o'sha paytda ham bo'lmagan, hozir ham yo'q", - dedi Pavlovskiy.

Uning aytishicha, Kremlning ichki ishlari juda murakkab va turli guruhlar ta'sir kuchiga ega bo'lish uchun tinimsiz kurash olib boradi. Putin qaror berishi mumkin, lekin bu qarorga rioya qilinganini har doim ham nazorat qila olmaydi; qaror qabul qilish jarayoni juda norasmiy, deydi sobiq rasmiy.

Niderlandiyalik tergovchilar e'lon qilgan telefon suhbatlari Moskvaning Donbassda qanchalik nazoratga ega ekanini ko'rsatuvchi muhim omillardan biri vazifasini o'tagan.

Muloqotlardan ma'lum bo'lishicha, Ukrainadagi isyonchilar Putinning yaqin yordamchisi Vladislav Surkovni "Kremldagi odamimiz" deb atagan. Mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Federal Xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov nomlari ham tilga olingan. Bo'lginchi guruhlar yetakchilari Rossiyadagi rasmiylar bilan harbiy yordam, xususan, tungi durbinlar va o'q-dori olish bo'yicha gaplashgan.

Muloqotlardan Moskva sharqiy Ukrainaga samolyotlarga qarshi BUK raketalarini yetkazib bergani ham aniqlanadi. 2014-yil Ukraina osmonida Malayziya yo'lovchi samolyoti ana shunday qurol bilan urib tushirilgan edi.

So'zlashuvlar nafaqat Moskva va Donbass o'rtasidagi kuchli bog'liqlikni, balki region ustidan nazorat o'rnatish bo'yicha Moskvadagi guruhlar o'rtasida raqobat bo'lganini ham ko'rsatgan.

Tahlilchi Mark Galeottining aytishicha, ba'zan Rossiyaning turli agentlik va rasmiylaridan ziddiyatli ko'rsatmalar kelgan.

"Davlatimiz zaif, - deydi Pavlovskiy. - Kichik guruhlar bilan to'qnashuv bo'lsa yoki qayerdadir maxsus operatsiya bo'lsa, kuchlimiz, lekin davlat sifatida, ijrochi kuch tizimi sifatida juda zaif, hatto sovet hukumatidan ham".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG