Breaking News

Soxta universitetga viza olgan xorijliklar deportatsiya qilinmoqda


AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati xodimi
AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati xodimi

Amerikaga o'qish uchun kelgan bir qator xalqaro talabalar hibsga olinib, deportatsiya qilingan. Chunki ularga aslida mavjud bo'lmagan universitetda o'qish uchun viza berilgan. Bu soxta universitetni AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi tashkil qilgan. Maqsad shu kabi firibgarlik yo'llari bilan AQShga kirib kelayotganlar borligini ko'rsatish bo'lgan.

Farmington universiteti deb nomlangan soxta universitet AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati hamda Ichki xavfsizlik vazirligi tomonidan boshqarilgan.

"Universitetda o'qish uchun kelgan bo'lsa ham, xorijlik talabalarning hech biri amalda sinfxonada bir soniya ham bo'lmagan. Chunki bu universitetning na o'qituvchilari, na sinfxonalari va na ta'lim xizmatlari bor", - deyiladi shu ish bo'yicha chiqarilgan ayblov xulosasida.

Rasmiylarning aytishicha, universitetda o'qish uchun viza olgan yoki viza muddatini uzaytirgan xorijliklar aslida o'qish bo'lmasligini oldindan bilgan. Bu ish bo'yicha shu paytgacha 250 dan ortiq xorijlik hibsga olingan. Ularning 200 dan ortig'i o'z ixtiyori bilan vataniga qaytgan, 50 tachasi esa hibsga olingan yoki majburan deportatsiya qilingan. Talabalarning aksariyati hindistonlik bo'lgan.

Ba'zi talabalar AQSh hukumati tashkil etgan qopqonga tushganini va ular universitetning soxta ekanini bilmaganini aytmoqda. Ular orasida advokat yollab, o'z huquqini himoya qilayotganlar ham bor.

Xorijliklarning har biri o'quv yurtiga 12 ming dollar atrofida pul to'lagan. Bu to'lovlarga nima bo'lishi ma'lum emas.

O'tgan qishda viza firibgarligiga qo'l urgan sakkiz kishi hibsga olingan edi. Ular 600 dan ortiq odamning noqonuniy yo'llar bilan viza olishiga, AQShga kirishiga ishlashiga yordam berganlikda ayblanib, 12 oydan 24 oygacha bo'lgan qamoq jazolariga hukm qilindi. Jazoni o'tab bo'lgandan keyin ular vataniga deportatsiya qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG