Breaking News

Tolibon: AQSh bilan muloqotni qayta boshlashga tayyormiz


Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy (markazda) Tolibon vakillari bilan, Islomobod, Pokiston, 2019-yil, 3-oktabr
Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy (markazda) Tolibon vakillari bilan, Islomobod, Pokiston, 2019-yil, 3-oktabr

Prezident Donald Tramp Afg'onistonga kutilmagan tashrifni amalga oshirganidan bir kun o'tib, Tolibon AQSh bilan tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga tayyor ekanini bildirdi. Tramp tashrif davomida isyonchi guruh sulhga rozi bo'ladi, deb aytgan edi.

Shukrona bayramiga to'g'ri kelgan bu safar Trampning prezident bo'lgandan beri Afg'onistonga uyushtirgan ilk tashrifidir.

"Tolibon kelishuvga erishishni xohlayapti va biz ular bilan uchrashyapmiz", - dedi Tramp Kobulda jurnalistlar huzurida.

"Biz sulh bo'lishini xohlaymiz. Ular bunga rozi bo'lmagan edi, lekin hozir ular ham sulhni istayapti, nazarimda. Shunday bo'ladi", - deya qo'shimcha qildi u.

AQSh rasmiylari bilan uchrashuv

Tolibon yetakchilarining "Reyter" axborot agentligiga aytishicha, guruh o'tgan hafta oxiridan beri Qatar poytaxti Doxada AQSh rasmiylari bilan uchrashishni boshlagan va tez orada rasmiy muloqot qayta yo'lga qo'yilishi mumkin.

Tolibon so'zlovchisi Zabihulloh Mujohidga ko'ra, guruh muzokaralarni boshlashga tayyor. Shu yil sentabr oyida Tramp kutilmaganda muloqotni to'xtatib qo'ygandan beri tinchlik muzokaralari boshi berk ko'chaga kirib qolgan edi.

"Pozitsiyamiz o'sha-o'sha. Agar tinchlik muzokaralari boshlansa, to'xtab qolgan joyidan davom etishi kerak", - dedi Mujohid.

Sentabr oyida Kobulda yuz bergan bir xurujda 12 odam, jumladan, bir amerikalik askar halok bo'lishi ortidan Prezident Tramp Tolibon bilan davom etayotgan tinchlik muloqotini bekor qilgan edi.

"Trampning Afg'onistonga tashrifi u muloqotni qayta boshlash ahdida jiddiy ekanini isbotlaydi, degan umiddamiz. Zotan, unda boshqa chora ham yo'q", - dedi Tolibon qo'mondonlaridan biri o'z ismi oshkor qilinmasligi sharti bilan.

Afg'onistondagi AQSh askarlari

Ayni paytda Afg'onistonda 13 ming AQSh askari va yana minglab NATO kuchlari bor. 2001-yil 11-sentabr xuruji ortidan AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya Afg'onistonda boshlagan urush hanuz nihoyasiga yetmagan. Tolibon hokimiyatdan ag'darilgan, ammo guruh mamlakatning turli hududlaridan qarshi hujumlarni davom ettirmoqda.

O'tgan 18 yil davomida 2500 ga yaqin amerikalik halok bo'ldi. Minglab askarlar yaralangan.

Shu yil sentabrda kelishuvga tayyorlangan, lekin qabul qilinmagan sulhga ko'ra, Vashington Afg'onistondan askarlarini chiqarishi va buning evaziga Tolibon Afg'onistonda AQShga qarshi terror xurujlari amalga oshirilishiga yo'l qo'ymasligi lozim edi. Agar muzokaralar boshlansa, tomonlar yana shu shartlarga qaytishi mumkin.

Kelishuv imzolangan taqdirda ham, Tolibonga ishonchsizlik bilan qaraydigan rasmiylar ko'p.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG