Breaking News

Gulnora Karimova masalasi "maxfiy ish"ga aylandimi?


Gulnora Karimova

O'zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova ishiga maxfiylik maqomi berilgani da'vo qilinmoqda. Bu haqda uning qizi Imon Karimova xabar berdi.

Imon Karimova ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilishicha, onasiga nisbatan belgilangan jazo muddati yana, beshinchi bor uzaytirilgan.

Qo’shimcha muddat qanchaligi aniqlashtirilmagan. Ta’kidlanishicha, advokatning Karimova bilan uchrashish talablari inobatsiz qoldirilgan.

Imon Karimovaning bu xabari bir muddat avval Gulnora Karimovaga nisbatan qo’zg’atilgan yangi jinoiy ish nihoyasiga yetgani, ish yuzasidan mahkama qarori chiqarilganidan dalolat bo’lishi mumkin.

Hozircha O’zbekiston tomoni bu xabarni tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi biror ma’lumot bergani yo'q.

Bosh prokuratura avgust oyida Gulnora Karimovaga nisbatan yangi jinoiy ish qo’zg’atilgani yuzasidan bayonot tarqatgan edi.

Prokuratura Gulnora Karimovani bir guruh shaxslar bilan til biriktirib, davlatga tegishli korxonalar (“Quvasoysement”, “Bekobodsement”) aksiyalarini arzonlashtirilgan tarzda sotib olishda, bu aksiyalarni chet ellik tadbirkorlarga sotish orqali ular faoliyatiga rahnamolik qilish va davlat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazishda ayblagan edi.

Jinoyat ishi qo’zg’atilishiga fuqarolardan tushgan arizalar asos bo’lganligini aytgan prokuratura Gulnora Karimovani tadbirkorlarga nisbatan zo’rlik ishlatish, ularning mulkini o’ziga tegishli kompaniyalar nomiga majburan rasmiylashtirish harakatida ham ayblagan edi.

Onasiga nisbatan jazo muddati beshinchi bor uzaytirilganini ta’kidlayotgan Imon Karimovaning xabaridan avgust oyida boshlangan bu tergov-surishtiruv harakatlari yakuniga yetganini tushunish mumkin.

Ammo bu haqda hozircha sud-huquq tizimi rasmiylari xabar bergani yo'q. Gulnora ishiga maxfiylik maqomi berilgani haqidagi iddao to'g'ri bo'lsa, yangi jinoiy ish tafsilotlari jamoatchilikka ochiqlanmasligini ham mumkin.

Gulnora Karimova himoyasi bilan shug’ullanayotgan shveysariyalik advokat Gregoire Mangeat mijozi bilan uchrashishga doir murojaati O’zbekiston tomonidan rad etilgani haqida xabar qoldirgan.

Advokat avval O’zbekistonda bo’lgan, “Zangiota” qamoqxonasida saqlanayotgan Karimova bilan uchrashganidan so’ng uning salomatligi xavotirli qolayotgani haqida ma’lumot tarqatgan edi.

O’zbekiston hukumatini, huquq-tartibot idoralarini noqonuniy usullar qo’llashda ayblab, onasining ishi siyosiy ekanligini ta’kidlab kelayotgan Imon Karimova bundan buyon Gulnora Karimova ishiga doir barcha tafsilotlarni jamoatchilikka taqdim eta boshlashini ma’lum qiladi.

Avvalroq u O’zbekistonda hokimiyat vakillarining korrupsiyaga aralashganiga doir dalil-isbotlarning xalqaro tashkilotlarga taqdim etilishi haqidagi da’vo bilan chiqqan edi.

Marhum prezident Islom Karimovning to’ng’ich qizi Gulnora Karimova bir qator jinoyatlarda, davlatga katta miqdorda zarar yetkazishda, mablag’ o’zlashtirishda va pul yuvishda aybdor topilib qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Ammo unga tegishli mablag’larning aksariyati xorijda, bir qismi muzlatilgan, ayrimlari hamon Gulnoraning o’zi, unga yaqin shaxslar tasarrufida ekani aytiladi.

O’zbekiston tomoni Shveysariya, Fransiya, AQShda muzlatilgan bu mablag’larni ortga qaytarish uchun mahkama boshlagan. Umumiy qiymati bir milliard dollarga yaqin deb ko’rilayotgan bu mablag’lar muayyan shartlar evaziga bosqichma-bosqich O’zbekistonga qaytarilishi mumkinligi haqida ma’lumotlar mavjud.

Bu jarayon fuqarolik jamiyati vakillari va huquq himoyachilari tomonidan ham yaqindan kuzatilmoqda. Ular Gulnora Karimovaga tegishli mablag’lar O’zbekiston hukumatiga aniq shartlar, jumladan, mablag’lar shaffofligini ta’minlash, inson huquqlari, korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish evaziga qaytarilishi lozimligi talabini qo’yishgan.

Qiymati bir necha milliard dollarga teng deb ko’rilayotgan xorijdagi bu mablag’larni O’zbekistonga qaytarish bo'yicha Gulnora Karimova va hukumat o’rtasidagi muzokara borgani haqida ham xabarlar bor.

Avvalroq qamoqxonada saqlanayotgan Gulnora Karimova kutilmaganda shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan, ammo bir muddat o’tib jazo o’tash tartibini buzishda, xorijdagi aktivlarini O’zbekistonga qaytarishga faol qarshilik ko’rsatishda ayblanib, yana qamoqxonaga qaytarilgan edi.

Karimovaga nisbatan yangi jinoyat ishi Karimova “mablag’lar qaytarilishiga faol qarshilik ko’rsatishi” ortidan qo’zg’atilgani aytilmoqda.

Rasman yangi jinoyat ishi bo’yicha unga qancha muddat berilgani, bu ish yakunlangan yoki yakunlanmagani hali noma’lum.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG