Breaking News

Saylov-2019: "Milliy tiklanish" populizmga eng ko'p berilgan partiyami?


"Milliy tiklanish" partiyasining saylov uchun chiqargan reklama varaqalaridan biri

O'zbekistonda parlament saylovlari yaqinlashar ekan, partiyalar orasida tarafdor yig'ish uchun kurash kuchaygani aytilmoqda. Ammo, deydi kuzatuvchilar, saylov kampaniyasi davomida yangrayotgan ko'p da'volar populistik chiqishlardan boshqa narsa emas.

Ijtimoiy so’rovlarda 30 foizdan oshiq qo’llovga ega bo’lgan “Milliy tiklanish” partiyasi ayni paytda bayonotlari eng ko’p e’tiroz uyg’otgan partiya sifatida tilga olinmoqda.

“Milliy tiklanish” partiyasi saylov kampaniyasini ta’lim sohasida islohotlar qilish, mamlakatdagi ikki imlolik bilan bog’liq sharmandali holatga barham berish, yoshlar ta’lim-tarbiyasida o’zgarishlar qilishga oid va'dalar bilan kirib keldi.

Partiya raisi Alisher Qodirov Toshkentdagi tadbirlardan birida “Milliy tiklanish” ikki imlolik bilan bog’liq sharmandali holatdan voz kechishni o’z tajribasidan boshlashi, partiya nashri yaqinda mutlaq lotin alifbosida chop etilishi haqida bayonot qilgan edi.

Ammo bu bayonotdan uch oy o’tib ham “Milliy tiklanish” partiyasi sayti faqat kirill alifbosida chop etilayotgan, lotin yozuvidagi muqobili bo’lmagan mamlakatdagi kam sonli nashrlardan biri bo’lib qolmoqda.

Ta’kidlash joiz, imlo masalasini ko’tarmagan boshqa siyosiy partiyalarga qarashli nashrlar “Milliy tiklanish”dan farqli lotin va kirill yozuvidagi sahifalarga ega.

Saylov kampaniyasiga rasman start berilishi ortidan Alisher Qodirov o’sha paytda hali faoliyatda bo’lgan “Tog’ri.uz” nashridagi intervyusida partiyaning saylovdagi asosiy shiori ta’lim sohasida o’zgarishlar yasash, chorak asrdan buyon cho‘zilib kelayotgan ikki imlolik masalasiga nuqta qo’yish, o’zbek tilining davlat tili maqomini mustahkamlash bo’lishni aytgan edi.

Ammo ko’p o’tmay “Milliy tiklanish” biror izohlarsiz imlo masalasini ko’tarishdan voz kechdi. Alisher Qodirovning matbuotdagi chiqishlaridan ham, bahslardagi ishtirokidan ham, til, partiya tomonidan olg'a surilayotgan saylov dasturidan ham imlo masalasi yo’qoldi; partiya lideri bu borada jamoatchilikka biror izoh berishni lozim topmadi.

“Milliy tiklanish” partiyasining shov-shuvli bayonotlaridan yana biri O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi ehtimoli yuzasidan bildirgan ikki xil qarashidir.

Alisher Qodirov sobiq ittifoqni eslatuvchi bu tashkilotga O’zbekistonning qo‘shilishi jiddiy xatolik bo’lishi, mamlakatning siyosiy, milliy manfaatlariga mos kelmasligi haqida bayonot bilan chiqqach, ko'pchilikning e'tiboriga, olqishiga sazovor bo'lgan edi.

Ammo siyosiy partiyaning mamlakat tashqi siyosatiga doir qarashlari ko’p o’tmasdan yana tahrirga uchradi. Televideniyeda o’tgan debatlaridan birida Alisher Qodirov “Milliy tiklanish” O’zbekiston manfaatlariga to’g’ri keluvchi har qanday tashkilotlarga, jumladan, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga ham qo’shilishni qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

Qodirovning o’zini hurmat qilmagan, 50 dollarni tejash maqsadida -50 darajali sovuqda avtobusda yo’lga chiqayotgan mehnat muhojirlariga oid so’nggi bayonoti esa jamoatchilikda g’azab bilan qarshilandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bir paytlar marhum prezident Islom Karimov tomonidan kamsitilgan mehnat muhojirlarini haqoratlash navbati endi siyosiy partiya yetakchilariga o’tayotganiga doir ba'zi faollarning keskin tanqidlari yangramoqda.

Shunday tanqidlardan birida “Milliy tiklanish”ga nisbatan jamoatchilikda kuchaygan e’tirozlarda nega siyosiy partiya hozirgacha mehnat muhojirlarining Rossiyada kamsitilishi, huquqlari toptalishiga doir muammolarni ko’tarishga jur’at topmagani iddao qilinadi.

Ta’lim-tarbiya, madaniy qadriyat sohasida qator islohotlar qilish, “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” shiori ostida parlament saylovlarida qatnashayotgan “Milliy tiklanish” partiyasi Karimov davrida tashkil qilingan siyosiy partiyalardan biridir.

Partiya Karimov davrida ham, Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan ham mamlakatdagi prezidentlik saylovlarida muqobil nomzodi bilan qatnashgan.

Alisher Qodirovga qadar “Milliy tiklanish” partiyasiga yetakchilik qilgan Sarvar Otamurodov 2016- yildagi prezidentlik saylovida Shavkat Mirziyoyevga muqobil nomzod sifatida surilgan edi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi raisi o’rinbosari lavozimida ishlab kelgan Sarvar Otamurodov saylov o’tishi ortidan partiya raisligidan ham, lavozimidan ham chetlatildi.

Otamurodovning partiya yetakchiligidan chetlatilishi partiya faollari tashabbusiga ko’ra emas, partiya tuzilishi ortida turgan hukumat ko’rsatmasiga ko’ra amalga oshirilgani aytiladi.

Alisher Qodirov “Milliy tiklanish” partiyasi raisligiga shu yilning may oyida, parlament saylovlari arafasida keldi.

Partiyaning sobiq faollaridan biri “Amerika ovozi”ga aytishicha, Alisher Qodirovning raislikka kelishi partiya faollari xohish-istagiga emas, balki uning yangi hokimiyatga yaqinligi bilan bog’liq bo’lgan.

“Milliy tiklanish” ham saylovda qatnashayotgan boshqa rasmiy partiyalar qatorida o’zini amaldagi hukumatga, prezident hokimiyatiga nisbatan muxolifatda deb hisoblamaydi.

Siyosiy partiyaning saylov dasturi o’zgarishlarga, qayta tahrirga uchrayotgani, ayrim hollarda mutlaqo unutilayotgani ham hukumatga nisbatan mavjud qaramlikda, rasmiy partiyada mustaqil faoliyat, siyosiy iroda yo’qligida ko’riladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG