Breaking News

Mirziyoyev: Muxolifat mamlakat ichidan chiqishi kerak


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xorijdagi muxolifatning vatanga qaytishiga qarshi ekanini bildirdi. Chetdagi muxolifat buni siyosiy safsata deb atamoqda.

Mirziyoyevning siyosiy muxolifatga doir ilk bayonoti kuzatuvchilar tomonidan xorijdagi o’zbek muxolifati yana siyosiy maydondan chetda qolishidan darak sifatida qabul qilindi. Prezident oppozitsiya yurt ichkarisida shakllanishi lozimligini ta’kidlagan.

Mirziyoyevning siyosiy muxolifatga doir bu gaplari poytaxtdagi Muhammad al-Xorazmiy maktabida yoshlar bilan o’tgan uchrashuv davomida aytilgan.

«Internetda muxolifat haqida gap ketyapti. Menga ham «Oppozitsiya yo‘q», deb aytishadi. Oppozitsiya nima u? U qanday foyda beradi? U shu yerda bo‘lishi kerak. Qanday qilib chetdan keladi? Bu yerning shart-sharoiti, muhitini bilmaydi. Albatta, men prezident sifatida muxolifatga qarshi emasman. Lekin u o‘zimizda shakllanishi kerak, buning uchun shu yerda muhit yaratilishi kerak. Toki u odamlarning muammolarini bilsin, shu yerda non yeb, shu yerda suv ichgan bo‘lsin», – dedi prezident Mirziyoyev bu uchrashuvda.

Prezident Mirziyoyevga kim mamlakatda “oppozitsiya yo’q”ligi haqida aytgani noma’lum, ammo uning bu bayonoti parlament saylovlari yakunlanishi ortidan kuzatilmoqda.

Saylovda muxolifat yo’qligiga doir da’vo esa faqat internetda emas, mazkur saylovlarni kuzatgan YXHT missiyasi rahbari tomonidan ham aytilgan edi.

Prezident Mirziyoyev parlament saylovlarini kengaytirilgan tartibda kuzatgan YXHT missiyasini nazarda tutgan bo'lishi mumkin. Xalqaro kuzatuvchilar missiyasi rahbari Kaetana de Zulueta O’zbekistondagi saylovlar muxolifatsiz o‘tganiga diqqat qaratgan edi. Parlament saylovlari yakunlanishi ortidan, 23-dekabr kuni prezident YXHT Parlament assambleyasi raisi Georgiy Seretelini qabul qilgan, bu uchrashuvda ham mamlakatda yakunlangan saylov jarayoni haqida gaplashilgan.

Mamlakatda muxolifat yo’qligiga doir da’vo kim tomondan aytilishidan qat’i nazar, Shavkat Mirziyoyevning bu bayonoti O’zbekistonda hokimiyat almashishini umid bilan qarshilagan, uch yildirki, prezidentning siyosiy islohotlar boshlashini kutayotgan xorijdagi muxolifatga yo’llangan javob sifatida qabul qilinmoqda.

O’zbek muxolifati marhum prezident Islom Karimov davri rejimi tazyiqlari ortidan mamlakatni tark etishga, xorijdan qo’nim topishga majbur bo'lgan edi.

O’zbekistonda chorak asrdan uzoq cho’zilgan turg’unlik davri o’zbek muxolifatini xorijda faoliyat yuritishga mahkum qildi, ammo xorijdagi muxolif tashkilotlarning aksariyati, xususan “Erk”, “Birlik” kabi muxolif partiyalar ham O’zbekistonda tashkil qilingan.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi raisi Muhammad Solih 1991-yilgi prezidentlik saylovlarida marhum Karimovga nisbatan muxolif nomzod sifatida qatnashgan edi.

Siyosiy quvg’inlikda yashayotgan muxolifatchilardan biri, “Erk” pariyasi faoli Nasrullo Sayyid muxolifatning xorijda faoliyat yuritishga mahkumligi dunyo tajribasida muntazam kuzatib kelingan holat ekanligini qayd qiladi.

“Muxolifat faollari chetda bo’ladimi, mamlakatdami, bu muhim emas. Tarixga qarashsin, qancha mamlakatlardagi muxolifat ma’lum bir davrda chetga chiqishga majbur bo’lgan. Hatto bolsheviklar yetakchisi Lenin ham o’z vaqtida muhojirlikda yurgan Yevropa mamlakatlarida. Yoki Hindistonda inqilob yasagan siyosiy arbob Gandi faoliyatini olib qarang. Ular xorijda bo’lgan, vaziyat yetilganda mamlakatga kelgan. Xullas, chetdagi muxolifatni mamlakatda ayri, mamlakat xalqiga aloqasi yo’q, begonalar deb qarash bu siyosiy safsata. Mening aytadigan gapim shu. Xalq butunicha, yaxlit qabul qilinar ekan, hukumat chetdagi muxolifatni ayricha ko’rishga haqqi yo’q. Hukumat muxolifatga yo’l berishi kerak, chunki muxolifatsiz hukumat baribir nolegitm hukumat sifatida qolaveradi”, - deydi quvg’indagi muxolifatchilardan biri Nasrullo Sayyid.

O’zbek muxolifati faollari, jumladan, muxolifatdagi partiyalar ham, mamlakatdagi siyosiy jarayonlarda ishtirok etish da’vosidan voz kechmagan, xorijdagi ayrim faollar yangi muxolif harakat tashkil etish maqsadida yuribdi.

Prezidentlikka kelishidan uch yil o’tib, siyosiy muxolifat haqida ilk bor bayonot bilan chiqayotgan Prezident Mirziyoyevga ko’ra, u muxolifatga qarshi emas, faqat muxolifat mamlakat ichkarisida tashkil etilishi tarafdori.

Xuddi shunday fikr avvalroq Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev tomonidan ham aytilgan edi. Haqiqiy muxolifat asta-sekin jamiyatning palagidan o’sib chiqishini ta’kidlagan Safoyev hukumat tabiiy ravishda yuzaga chiqqan muxolifatga qarshi bo’lmasligini bildirgan edi.

O’zbekistonda parlament saylovlari boshlanar ekan, xorijdagi o’zbek muxolifati vakillari bu saylovlarda qatnashish bayonoti bilan chiqdi, ammo ularning bu talabi hukumat tomonidan inobatga olinmadi. Muxolifat faollarining mamlakatga kirishiga, siyosiy jarayonlarga qo‘shilishiga ruxsat berilmadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG